16.03.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi.
O‘zbekiston yetakchisi raisligida o‘tgan tadbirda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban,TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev hamda Tashkilot institutlari va tuzilmalarining boshqa vakillari qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari hamda tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Sammit avvalida ishtirokchilar 6-fevral kuni Turkiyaning janubi-g‘arbiy hududlarida ro‘y bergan vayronkor zilzilalar qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bugungi uchrashuv hamda fojia kunlarida Tashkilot mamlakatlari Turkiyaga ko‘rsatgan birodarlik yordami turkiy xalqlar eng mushkul damlarda bir-biriga mustahkam tayanch va suyanch bo‘layotgani, ularning do‘stligi va birdamligi qudratli kuch ekanining yaqqol amaliy tasdig‘idir.
- Do‘stlarimiz diyorida yuz bergan va misli ko‘rilmagan halokatli zilzila barchamizning qalbimizga cheksiz qayg‘u va iztirob soldi. Bu yo‘qotishning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Zero, bu mudhish ofat natijasida bizning jondan aziz ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimiz qurbon bo‘ldi va jabrlandi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Biz mudhish fojiada qurbon bo‘lgan o‘n minglab begunoh kishilar xotirasini hech qachon unutmaymiz.
O‘zbekiston yetakchisi hayotdan bevaqt ko‘z yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat ramzi sifatida 6 fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni, deb e’lon qilishni taklif etdi.
Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an boshchiligida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va qabul qilingan dasturlarni alohida e’tirof etib, davlatimiz rahbari zudlik bilan amalga oshirilgan aniq va samarali harakatlar tufayli ko‘plab odamlarning hayoti va sog‘lig‘i saqlab qolingani, katta miqdordagi mablag‘lar jamlanib, keng ko‘lamli qayta tiklash ishlari boshlanganini alohida qayd etdi.
- Hozirgi sinovli davrda qardosh turk xalqi Turkiya yetakchisi atrofida jipslashib, o‘zining beqiyos jasorati va mardligi, metin irodasi va yuksak safarbarlik ruhini namoyon etdi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat obyektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga yordam berish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni yo‘naltirishga tayyorligi ta’kidlandi.
- Bundan tashqari, talofat ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarni yurtimizda sog‘lig‘ini tiklash va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjoylarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib beramiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Turkiyaning jabr ko‘rgan Hatay muzofoti yoshlari ushbu yoz mavsumida O‘zbekistonga taklif qilindi. Ular uchun mazmunli hordiq va qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlar, yurtimizdagi tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlar tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkiloti davlatlari joylashgan hududlar o‘z geografik va geologik xususiyatlariga ko‘ra tabiiy ofat va xavf-xatarlar faol sodir bo‘ladigan makon hisoblanishiga e’tibor qaratdi.
- Ming afsuski, so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari bu kabi vayronkor hodisalar ko‘lami va zararini keskin oshirmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Tashkilotning Tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish va uning asosida qator aniq mexanizmlarni yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Jumladan, Tashkilot doirasida tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ko‘p tomonlama bitimni tezroq ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada O‘zbekiston Turkiya tomoni taqdim etgan fuqarolar muhofazasi bo‘yicha tizim yaratish haqidagi hujjat loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazirliklar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini keskin faollashtirish lozimligi qayd etildi. Ularning navbatdagi yig‘ilishida eng ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.
Tabiiy ofatlarning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqligi alohida ta’kidlandi. Oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini to‘siqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish taklifi ilgari surildi.
- Ilmiy va texnologik sohalarda erishilgan yutuqlarga qaramasdan, zilzilalar, sel va suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, bo‘ronlarni oldindan aniqlash va erta ogohlantirish hamon dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu jarayonlarni chuqur o‘rganish, sohaga fan va texnologiyalarni keng joriy etish katta ijobiy samara berishi aniq, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari Tashkilot doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish tashabbusini ilgari surdi.
Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda vaziyatlarga ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorligini kuchaytirish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti Tashkilotdagi qator mamlakatlarda bo‘lajak muhim siyosiy voqealar, shu jumladan saylovlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilishini tiladi hamda yaqinlashib kelayotgan bahor va yangilanish bayrami – Navro‘z hamda muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.
Sammit yakunida Anqara deklaratsiyasi qabul qilindi, Turkiy investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi hamda fuqaro muhofazasi mexanizmini shakllantirish yuzasidan bitimni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.