14.03.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etish uchun 15-16-mart kunlari amaliy tashrif bilan Anqara shahrida bo‘ladi.
Navbatdan tashqari sammitning kun tartibiga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, sammit davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Tashrif davomida sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash kerakki, joriy yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilmoqda. Samarqand sammitida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, savdo, “yashil” iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, logistika, fan, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan 30 dan ortiq ko‘p tomonlama tadbir amalga oshirilmoqda.