03.06.2017
Davlat rahbarining 2016-yil 22-noyabrdagi qaroriga muvofiq Andijon shahrida ko‘p qavatli 37 zamonaviy uy-joy bunyod etilishi belgilangan. Jumladan, joriy yilda Sulton Jo‘ra nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida 294 xonadonga mo‘ljallangan yettita ko‘p qavatli turar joy qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 2,46 gektar yer ajratilgan. Hozirgi kunda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Bu turar joylar birinchi galda uyga muhtoj odamlarga beriladi. Yosh oilalarning oyoqqa turib olishi, mustaqil, emin-erkin yashashi uchun sharoit yaratadi.
Prezident bunday uylarni ko‘proq qurish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, bu yerni yangi massivga aylantirish, Mustaqilligimizning 26-yilligiga xalqqa tuhfa qilish, odamlarga barcha qulayliklar yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Andijon shahrida Universal sport majmuasi qurish, Muhammad Yusuf maktabini tashkil etish, yangi istirohat bog‘i bunyod qilish, tibbiyot maskanlarini kapital ta’mirlash loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya va Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallarini tashkil etish, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasini rekonstruksiya qilish va zamonaviy jihozlash ishlarining aholi salomatligini saqlashdagi ahamiyati haqida alohida to‘xtaldi. Bu xayrli ishlarni tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.