07.03.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar!
Munis opa-singillar!
Dilbar qizlarim!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun O‘zbekiston xotin-qizlarini 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Biz bu qutlug‘ bayramni doimo orziqib, katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu shukuhli ayyom yurtimizga yasharish va yangilanish faslini – fasli navbahorni boshlab keladi. Bu bayram dilimizdagi siz, azizlarga bo‘lgan samimiy hurmat va ehtiromimizni, mehru muhabbatimizni yana bir bor ifoda etishga imkon beradi.
Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga eng go‘zal so‘zlarni aytishimiz tabiiydir.
Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda sizlarga, sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz.
Qadrli opa-singillar!
Biz erkin va farovon, demokratik, dunyoga ochiq mamlakatni barpo etishda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qo‘shayotganini albatta yuksak qadrlaymiz.
Shu borada faqat ayrim raqamlarni keltirib o‘tishga ruxsat bergaysiz.
Hozirgi vaqtda yurtimizda fidokorona mehnat qilayotgan hurmatli ayollarimizning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, ta’lim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda.
Agar 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan – 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan – 37 foizga yetdi.
Bilimli, tashabbuskor va faol ayollarimizdan 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini ta’kidlash lozim.
Vatanimiz va xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollarimizdan 17 nafari eng oliy mukofot – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Xotin-qizlarimiz orasida 5 nafar akademik, oliy ta’lim muassasalarining o‘zida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi, shuningdek, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “Xalq artisti”, “Xalq o‘qituvchisi” va boshqa faxriy unvonlarga sazovor bo‘lgan ko‘plab ayollarimiz bor.
Bunday jonkuyar opa-singillarimizni Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Shu maqsadda o‘tgan yili 872 mingdan ziyod xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. 233 mingdan ko‘proq ayollarga 4 trillion 700 milliard so‘m kredit ajratildi. 252 mingdan ortiq opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka o‘qitildi.
Xabaringiz bor, biz xalqimiz, ayniqsa, opa-singillarimizni ko‘pdan buyon qiynab kelgan uy-joy muammosini yechish maqsadida katta dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Agar 2017 yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 8 ming kvartirali 191 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilgan bo‘lsa, o‘tgan yili – shunga e’tibor berishingizni so‘rayman – 56 ming kvartirali 1433 ta uy-joy barpo etildi. Joriy yilda esa yana 90 ming xonadon uchun turar-joylar quriladi.
O‘tgan yili 14 mingga yaqin opa-singillarimizning uy-joy sharoiti yaxshilandi, qariyb 7 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to‘lovlari qoplab berildi.
Mana shunday ezgu ishlarimiz orqali qancha xonadonlarga quvonch va shodlik kirgani, qancha-qancha odamlarning hayot darajasi va sifati tubdan o‘zgargani, minglab ayollarimizning ruhi ko‘tarilib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlangani biz uchun eng muhim natijadir.
So‘nggi yillarda “Ayollar daftari” doirasida ham katta tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qisqa muddatda salkam 642 ming nafar opa-singillarimizga amaliy yordam ko‘rsatilgani bu boradagi ishlarimiz ko‘lamidan dalolat beradi.
Xotin-qizlar salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, milliy genofondni yaxshilash maqsadida o‘tgan yili 9 million nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ularning 3 milliondan ziyodi ambulator, 347 ming nafari esa statsionar sharoitda davolandi.
Yurtimizda xotin-qizlarning sifatli ta’lim va tarbiya olishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.
Darhaqiqat, oilada bir nafar qiz o‘qib, oliy ma’lumotga, zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lsa, xonadondagi muhit butunlay o‘zgaradi. Biz shu maqsadda xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim dasturni qabul qildik.
Qiyoslash uchun bir misol keltirmoqchiman.
Agar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam qariyb 5 barobar ko‘payib, 500 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu tariqa bugungi kunda oliy ta’lim olayotgan talabalar orasida qizlarimizning ulushi 50 foizga yetgani tariximizda misli ko‘rilmagan natijadir.
Yangi tartibga muvofiq, magistraturada o‘qiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlar uchun 68 milliard so‘mdan ziyod kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berildi. 65 mingdan ko‘proq talaba xotin-qizlarga 727 milliard so‘mga yaqin foizsiz ta’lim krediti ajratildi.
Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlarimiz oliygohlarga alohida kvota asosida o‘qishga qabul qilindi.
Dunyoda chuqur iqtisodiy inqiroz davom etayotgan hozirgi kunda, qanchalik qiyin bo‘lmasin, zarur mablag‘ va imkoniyatlarni topib amalga oshirayotgan bunday sa’y-harakatlarimiz albatta o‘z natijasini beradi. Oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va san’at, sport namoyandalari yetishib chiqadi, deb ishonaman.
Aziz opa-singillar!
Keyingi yillarda O‘zbekiston xotin-qizlarining ovozi xalqaro minbarlardan ham dadil yangrayotgani barchamizni quvontiradi. Ular mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, nufuzli forum va anjumanlarda faol ishtirok etayotganidan xabaringiz bor.
Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimiz tashabbusi bilan 2020 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga asos solinganini ta’kidlash lozim. O‘tgan yili esa Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tdi. Bularning barchasi xotin-qizlar muammolarini mintaqa va xalqaro miqyosda muhokama qilish, ularni hal etish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surish imkonini bermoqda.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, ana shunday sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakilalarini ham samimiy qutlayman. Barchamiz chin dildan ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va farovonlik tilaymiz.
Qadrli vatandoshlar!
Shu o‘rinda ko‘nglimdagi bir ezgu fikrni siz, azizlarga aytishni joiz deb bilaman.
Biz O‘zbekistonda qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening ko‘z o‘ngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi.
Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi.
Xabaringiz bor, respublika xotin-qizlar tashkiloti hozirgi vaqtda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi sifatida yangicha mazmunda faoliyat ko‘rsatmoqda. Qo‘mitaning vakolat va faoliyat doirasi kengaytirilib, uning tarkibiga bilimdon va yuqori malakali yangi kadrlar jalb etildi. Jumladan, tariximizda birinchi marta eng quyi bo‘g‘inda – 9 ming 400 dan ziyod mahallada ayollar muammolarini hal etishga ko‘maklashadigan xotin-qizlar faoli lavozimlari joriy etildi.
Bularning barchasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasini O‘zbekiston ayollarining chinakam tayanchi va suyanchiga aylantirishga xizmat qiladi.
Muhtaram vatandoshlar!
Ma’lumki, turli sohalarda dastlabki muhim natijalarga erishib, yoshlarimizga namuna bo‘layotgan iste’dodli qizlarimizni shu qutlug‘ bayram arafasida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash yaxshi an’anamizga aylangan. Bugun Zulfiyaxonimga munosib izdosh sifatida e’tirof etilgan yana 28 nafar oqila va iste’dodli qizlarimizga ana shu mukofotlarni topshiramiz.
Siz, aziz qizlarimni hayotingizdagi ilk zafar bilan chin dildan tabriklab, barchangizga yangi-yangi yutuqlar tilayman.
Bugungi xursandchilik kunda o‘z sohasida ibratli natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hurmatli ayollarimizdan katta bir guruhi davlatimizning yuksak orden va medallariga sazovor bo‘ldilar.
Fursatdan foydalanib, ularning barchasini samimiy tabriklayman.
Aziz va qadrli vatandoshlar!
Bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda biz o‘z oldimizga ulkan vazifalarni qo‘ymoqdamiz. Ularni bajarish albatta oson bo‘lmaydi. Lekin, bu sharafli yo‘lda bizga cheksiz kuch va madad beradigan mard va olijanob xalqimiz, muhtarama onalarimiz, aziz opa-singillarimiz bor ekan, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz.
Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda bunyod etamiz!
Sizlarga, butun mamlakatimiz ayollariga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin!