02.03.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahridagi Faxr xiyoboniga tashrif buyurib, Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Ma’lumki, Haydar Aliyev atoqli siyosiy va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi bo‘lgan. Uning qat’iyati, kuchli siyosiy irodasi va beqiyos yetakchilik qobiliyati tufayli qardosh davlat murakkab sinovlarni munosib yengib o‘tgan.
Haydar Aliyev o‘zbek xalqining yaqin do‘sti bo‘lgan. O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan. Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy rishtalar va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan.
Bunga o‘ziga xos ehtirom sifatida siyosatchining xotirasi yurtimizda ham e’zozlab kelinmoqda. Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida poytaxtimizda Haydar Aliyev nomidagi ko‘cha va xiyobon ochilgan edi.
Bularning barchasi qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikning yorqin ifodasidir.
Davlatimiz rahbari Haydar Aliyev va uning rafiqasi Zarifa Aliyeva qabrlariga gul qo‘ydi.