10.02.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriMebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash, tayyor mebel mahsulotlari eksportini rag‘batlantirishni kuchaytirish, sohaga malakali kadrlarni jalb etish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvarga qadar:
tayyor mebel mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlariga xorijdagi ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish xarajatlarining bir qismini Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab berishda mazkur noturar joylar maydoniga qo‘yilgan me’yor ko‘rsatkichi 100 kvadrat metrdan 250 kvadrat metrga oshiriladi;
yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalar tomonidan injener-texnolog, lak va bo‘yoq sepish ustasi, dizayner kabi xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda, ular ish haqining 25 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 9 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlari eksport hajmi har chorakda 1 million dollardan ortgan korxonalarga chorak yakuni bilan kelgusi oyning 10-sanasigacha taqdim etilgan hujjatlar asosida to‘lanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5155-son qaroriga 2-ilovada nazarda tutilgan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari qo‘llanilishi 2024 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilsin.
3. 2023 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda 1-ilovaga muvofiq mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilsin.
4. Suv xo‘jaligi vazirligining Farg‘ona viloyati, Furqat tumani Qo‘qonboy mahallasidagi suv xo‘jaligi binosini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Bunda, Farg‘ona viloyati hokimligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur binoni mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari mablag‘lari hisobidan qayta ta’mirlash, infratuzilma, axborot-kutubxona markazi, asbob-anjomlar, moddiy-texnika va xomashyo bazasi bilan ta’minlash hamda yog‘och o‘ymakorligi, mebelsozlik, zardo‘zlik va naqqoshlik kabi milliy hunarmandchilik sohasiga ixtisoslashgan zamonaviy umumta’lim maktabini tashkil etish yuzasidan xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashiga taklif kiritish choralarini ko‘rsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5155-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
6. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ikki oy muddatda:
respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan mebelsozlik korxonalarini Mebel va yog‘ochsozlik sanoati uyushmasi tomonidan to‘liq qamrab olishni rag‘batlantirish;
mahalliy mebel ishlab chiqaruvchi korxonalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish asosida ularning ro‘yxati, ishlab chiqariladigan mahsulot turlari, quvvatlari va boshqa ko‘rsatkichlari elektron bazasini shakllantirish;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh.Qudratov belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV