10.02.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Jizzax viloyatida sanoatni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Viloyatda yangi sanoat korxonalari barpo qilish uchun so‘nggi olti yilda qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Buning natijasida 2 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilinib, ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 baravarga oshdi.
Oldin viloyatning sanoat mahsuloti asosan paxta tolasi bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda elektrotexnika, optik tola, avtomobil, murakkab kimyoviy moddalar, energotejamkor materiallar kabi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu sohada 54 ming aholi band. Viloyatdagi sanoat eksporti 1,8 baravar oshib, 166 million dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari bu sur’atni davom ettirib, joriy yilda viloyat sanoatini 14 foizga oshirish imkoniyati borligini ta’kidladi. Buning uchun 750 million dollarlik 10 ta yirik loyiha va 580 million dollarlik 110 ta hududiy sanoat loyihasi bajarilishi qayd etildi. Ularda 7 ming 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, kelgusi ikki yilda Jizzaxda avtomobilsozlik va metallurgiya sohalarida yirik loyihalar ishga tushadi.
Jizzaxda eng tez o‘sayotgan sanoat tarmog‘i bu – qurilish va energiya tejamkor materiallar ishlab chiqarish. Oxirgi besh yilda bu sohada 180 ta yangi korxona tashkil etilgan, 900 million dollarlik 210 ta loyiha ishga tushirilgan. Buning hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 10 baravar oshib, import bo‘layotgan 110 million dollarlik mahsulotlar mahalliylashtirildi, eksport esa 7 baravar ko‘payib, 35 million dollarga yetdi.
Viloyatda birgina bazalt zaxirasi 26 million tonna bo‘lib, respublikadagi jami zaxiraning 25 foizini tashkil etadi. Lekin, bular ilgari umuman ishlatilmagan. Hozir esa, bazaltdan talab yuqori bo‘lgan 7 xil zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu Forish tumanida 6 ta korxonadan iborat yaxlit klasterga aylandi.
Shu bilan birga, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobodda bazalt, sement, keramzit, shisha va mineral xomashyo zaxirasiga boy 200 ga yaqin konlar bor. Prezident ularga tadbirkorlarni jalb qilib, bozorbop mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Bu yil qurilish materiallari bo‘yicha 460 million dollarlik 31 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda energetika ta’minotini yaxshilash masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Jizzax viloyatida kamida 2 ming Megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun salohiyat borligi ta’kidlandi. Bundan foydalanib, 270 Megavatt quyosh energiyasi quvvatlari ishga tushirilishi aytildi. Buning hisobiga 236 million kilovatt soat ishlab chiqarilib, tanqislik ortig‘i bilan qoplanadi, jami 71 million kub metr gaz tejaladi.
Jumladan, G‘allaorolda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasining 200 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan, 220 Megavattli yirik quyosh stansiyasi ishga tushiriladi. Kelgusi yilda bu stansiya to‘liq quvvatga chiqib, 500 million kilovatt soat elektr olinadi va viloyat ehtiyojining 20 foizini qoplaydi.
Shuningdek, ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida 5 Megavattli, Sanoat zonasi va tadbirkorlar binolarida 15 Megavattli quyosh panellari o‘rnatish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Aholi xonadonlariga 8 Megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish uchun jozibador sharoitlar yaratiladi. Tadbirkorlarning o‘z ehtiyojlari uchun 5, 10, 15 Megavattli quyosh stansiyalari qurish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi.
Zafarobodda bu yil jami 2 Megavattli 2 ta kichik GES quriladi va bu yil 2,4 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Osiyo taraqqiyot banki bilan birga, Forishda 150 Megavattli yirik quyosh stansiyasi loyihasi boshlanadi. Bu stansiya to‘liq quvvatga chiqqanda, 370 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Jizzax shahrida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kogeneratsiya markazi quriladi.
Davlatimiz rahbari Jizzax elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar ko‘p ekanini qayd etib, buni kamaytirish, viloyatda 4 mingdan ziyod korxonaning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Viloyat jamoatchiligi vakillari, nuroniylar va yoshlar bilan muloqot bo‘ldi. Ular yurtimizdagi yangilanishlar, yaratilayotgan sharoitlar samarasi haqida o‘z hayoti va faoliyatidagi muvaffaqiyatlar misolida so‘zlab berdi. Davlatimiz rahbari ularning taklif va tashabbuslarini tinglab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Yig‘ilish so‘ngida yana bir muhim voqea – 3 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Ular – Forish tumanidagi “Eco Basalt Group”, Jizzax sanoat zonasidagi “Mono Electric” va “Super medical elements” shirkatlaridir.
Birinchi korxona bazaltdan yiliga 5 ming tonna kompozit quvurlar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. “Mono Electric”da 1 ming 500 turdagi elektr texnika mahsulotlari, “Super medical elements”da 40 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi. Ushbu korxonalar hisobiga, 700 dan ortiq aholi yuqori daromadli doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.
Marosimda videoaloqa orqali korxonalar vakillari bilan muloqot qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Shuning bilan Jizzax viloyatiga tashrif yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga jo'nab ketdi.