03.02.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi Davlatobod tumanidagi «Fazman tekstil» korxonasidan boshlandi.
Davlatimiz rahbari har doim mahsulot chiqarishdan oldin bozorini topish, jahon brendlarini olib kelish zarurligini ta’kidlaydi. Xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti natijasida Namangan viloyatida “Waikiki”, “Baldessarini”, “ZARA” kabi brendlar ostida kiyimlar ishlab chiqarilmoqda.
Yaqinda ochilgan “Fazman tekstil”da ham ish shundan boshlandi - Germaniyaning dunyoga mashhur “Digel” va "Carl Gross" brendlari bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Loyiha qiymati 20 million dollar bo‘lib, buning hisobidan ulkan inshoot barpo etildi, Germaniya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar olib kelindi. Mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.
Korxona yiliga 1 million dona kostyum-shim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ular brend talablariga mosligi bois xushbichim va yuqori sifatli. Joriy yilning o‘zida 15 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mahsulotlar sifati va eksport salohiyatini yuqori baholadi.
Korxonada yoshlarga ish o‘rgatish uchun o‘quv markazi ham tashkil etilgan. Prezidentimiz ana shu yoshlar bilan birgalikda suratga tushdi.