27.01.2023
Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.
Davlatimiz rahbari taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, keyingi ikki yilda O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligi juda samarali rivojlanganini qayd etdi.
- Qirg‘iziston bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qo‘shnimiz va vaqt bilan sinalgan do‘stimizdir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tomonlar oxirgi ikki yilda o‘zaro munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga erishgani ta’kidlandi. O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi yakuniga yetkazilgani esa tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.
Muzokaralarda ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston rahbari keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi yetti barobarga ko‘payganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘tgan yilning o‘zida tovar ayirboshlash 30 foizga oshib, 1,3 milliard dollarga yetdi.
Ikki mamlakat hukumatlariga savdo hajmini yanada oshirish va o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish yuzasidan birgalikda ishlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Sanoat, to‘qimachilik, energetika, kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu maqsadda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondining salohiyati yanada faol ishga solinadi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro muloqot maydonlari doirasidagi hamkorlikni, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik, zamonaviy xatar va tahdidlarga samarali qarshi kurashish masalalarini ham muhokama qildilar.
Tomonlar ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishini tasdiqladilar.