26.01.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Bishkek shahriga keldi.
Ikki mamlakatning davlat bayroqlari bilan bezatilgan “Manas” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va uning rafiqasi kutib oldi.
Bu yerda davlat rahbarlariga O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni tarannum etuvchi musiqiy-folklor chiqishlar namoyish etildi.
So‘ng Prezidentimiz Qirg‘iziston Bosh vaziri Akilbek Japarov hamrohligida “Ata-Beyit” milliy tarixiy-yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari 1916-yilgi fojiali voqealarning qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan “Urkun” yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.
Majmua 2000-yilda qirg‘iz davlatchiligining eng muhim bosqichlari haqidagi tarixiy xotirani tiklash va asrab-avaylash maqsadida tashkil etilgan. Qirg‘iz xalqining ulug‘ yozuvchisi Chingiz Aytmatov taklifi bilan yodgorlikka “Ata-Beyit” – “Otalar qabri” degan nom berilgan.
Davlat tashrifining asosiy tadbirlari ertaga, 27-yanvar kuniga mo‘ljallangan.