14.01.2023
O‘zbek adabiyoti va madaniyati og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a’zosi Enaxon Siddiqova shu yil 13-yanvar kuni 68 yoshida vafot etdi.
Enaxon Siddiqova 1954-yil 28-avgustda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tug‘ildi. 1976-yilda Farg‘ona davlat pedagogika instituti (hozirgi Farg‘ona davlat universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi.
Mehnat faoliyatini 1976-yilda o‘qituvchilikdan boshlab, Oltiariq va Farg‘ona tumanlaridagi maktablarda o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, maktab direktori bo‘lib ishladi. Qator yillar Farg‘ona tumani va Farg‘ona viloyati hokimliklarida mas’ul vazifalarda ishlab, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish, barkamol avlod tarbiyasi yo‘lida faollik ko‘rsatdi.
Ayni vaqtda iste’dodli shoira, jonkuyar jamoatchi sifatida tanildi. Uning ko‘p yillik ijodiy izlanishlari mahsuli bo‘lgan, el-yurtimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘usi mahorat bilan tarannum etilgan “Qorako‘z turnalar”, “Ko‘nglim ufqlari”, “So‘z ustidagi dunyo”, “E’zozli ayollar”, “Ona haqida qo‘shiq”, “Barxanlarda ungan gul” singari o‘nlab asarlari kitobxonlar qalbidan munosib joy egalladi.
Enaxon Siddiqova 2001-yildan hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari sifatida qizg‘in mehnat qildi. U viloyatda adabiyot, madaniyat va san’atni rivojlantirish, joylarda ilm-fan va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish borasida samarali xizmat qildi. Yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishda tashabbuskor bo‘ldi.
Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Qahramoni, ulug‘ o‘zbek shoiri Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda chinakam jonbozlik ko‘rsatib xizmat qildi.
U 2015 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotimiz uchun zarur bo‘lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qo‘shdi.
Enaxon Siddiqovaning o‘zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan edi.
Taniqli ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Enaxon Siddiqovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Saidov, X.Bozorov