13.02.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohalarga mas’ul rahbarlarni qabul qildi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ixcham va samarali boshqaruv tizimiga o‘tilmoqda. Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinmoqda.
Xususan, bir-biriga yaqin sohalar negizida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashkil etildi.
Prezidentimiz O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “ijtimoiy davlat” tamoyiliga alohida e’tibor qaratgan edi. Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, demakdir. Bu esa ta’lim va tibbiyot sifati, ilm-fan va madaniyat rivoji, yoshlar hayotida aks etadi.
Yig‘ilishda ushbu sohalardagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Mamlakatni olg‘a boshlovchi, islohotlarni amalga oshiruvchi asosiy kuch bu – bilimli va sog‘lom avlod. Shu bois ta’lim tizimining barcha bosqichlari isloh qilinib, izchil rivojlantirilmoqda. So‘nggi yillarda ko‘plab bog‘cha va maktablar qurildi. Yangi universitetlar tashkil etildi. Maktablarda o‘quvchi o‘rni, oliy ta’lim qamrovi oshdi. Endi asosiy e’tibor sifatga qaratilmoqda.
2022-yilda 386 ming nafar maktab bitiruvchilaridan 137 ming nafari oliy ta’limga, 20 ming nafari kollej va texnikumlarga qamrab olingan. Lekin bitiruvchilarning 50 foizi hech qanday kasb-hunarsiz mehnat bozoriga kirib kelgan.
Jahondagi shiddatli raqobat sharoitida yetuk mutaxassislar tayyorlash, o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga moslashishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Shuning uchun, 2023-yildan boshlab, o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasbga o‘rgatish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi ta’kidlandi.
Bunga hamohang ravishda, oliy ta’lim tizimi ham o‘zgarishi kerak. Shu bois institut va universitetlarning faoliyatini isloh qilib, malakali kadrlar tayyorlash, ilm bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
So‘nggi yillarda olimlarning ish haqi 4,5 barobar oshirilgan. Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratilmoqda. Bundan foydalanib, suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy asoslar yaratish zarurligi qayd etildi.
Yosh avlodni yuksak madaniyat ruhida tarbiyalash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Teatr, musiqa va kino sohalarini rivojlantirish, maqom va baxshichilikni asrab-avaylash muhimligi ta’kidlandi. Xalqimiz madaniyati va tabiat maskanlarini keng targ‘ib qilib, turistlarga sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham dolzarb masalalar ko‘p. Bugungi kunda aholining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor. Shu bois “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakati boshlanishi ma’lum qilindi.
Tibbiyot ta’limiga ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish, tizimni raqamlashtirish va tibbiy sug‘urtani yo‘lga qo‘yish orqali xizmat sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aholini qiynab kelayotgan onkologik, yurak-qon tomir va endokrin kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni keskin kamaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda vazirlar tizim faoliyatini samarali tashkil etish masalalari va ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.