30.05.2017
Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga amal qilgan holda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 22-bandiga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish uchun murojaat qilgan chet el fuqarolari
va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha belgilangan tartibda taklifni kiritsin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017 yil “29” may PF–5060-sonli Farmoniga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga (keyingi o‘rinlarda – shaxslar) O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlarini inobatga olgan holda, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari hamda ushbu Nizomga muvofiq beriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana o‘zining fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatda yoki doimiy yashash joyida ijtimoiy-siyosiy faoliyati, diniy e’tiqodi, irqiy yoki milliy mansubligi uchun ta’qib qilinayotgan yoki ta’qib qilishning jabrlanuvchisi bo‘lishiga real tahdiddan, shuningdek xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan inson huquqlari buzilishining boshqa holatlaridan boshpana va himoya izlayotgan shaxslarga va ularning oila a’zolariga beriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilgan shaxs va uning oila a’zolari O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarida belgilangan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklardan foydalanadi hamda majburiyatlarga ega bo‘ladi.
4. Agar shaxs:
O‘zbekiston Respublikasida jinoyat deb tan olinadigan harakat (harakatsizlik) uchun taqib qilinayotgan bo‘lsa yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsad va prinsiplariga zid harakatlar sodir etishda aybdor bo‘lsa;
ayblanuvchi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan yoki unga nisbatan qonuniy kuchga kirgan va O‘zbekiston Respublikasida ijro etilishi lozim bo‘lgan sudning ayblov hukmi mavjud bo‘lsa;
ta’qib qilinish xavfi bo‘lmagan uchinchi davlatdan kelgan bo‘lsa;
u ta’qib qilinmayotgan uchinchi davlatning fuqaroligiga ega bo‘lsa;
bila turib yolg‘on ma’lumotlar bergan bo‘lsa;
iqtisodiy, ekologik yoki ijtimoiy sabablarga ko‘ra, shuningdek tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar munosabati bilan fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatga yoki doimiy yashaydigan davlatiga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lmasa yoki qaytishni xohlamasa O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilmaydi.
2-bob. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi iltimosnomani rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish tartibi
5. Siyosiy boshpana qidirayotgan shaxs vaqtincha propiska rasmiylashtirilgandan keyin yoxud ushbu shaxsga fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatga yoki doimiy yashaydigan davlatga qaytish imkoniyatini bermaydigan holatlar vujudga kelgan paytdan boshlab yetti kun ichida o‘zi turgan joy bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlariga O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga Ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan shaklda yozma iltimosnoma bilan shaxsan murojaat qilishi kerak.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi iltimosnoma (keyingi o‘rinlarda – iltimosnoma) tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi bilan birgalikda uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari tomonidan beriladi. O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga
ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari iltimosnomasiga ularning notarial tasdiqlangan yozma roziligi ham ilova qilinishi lozim.
6. Iltimosnomada ushbu Nizomning 2-bandida ko‘rsatilgan holatlar bayon etilishi lozim.
Iltimosnomaga:
anketa-ariza – 2 ta nusxada;
tarjimai hol – 2 ta nusxada;
3,5x4,5 o‘lchamli 4 ta fotosurat;
O‘zbekiston Respublikasining tibbiy muassasalaridan olingan tibbiy ma’lumotnoma;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi ilova qilinadi.
Iltimosnomaga ushbu masalaga taalluqli bo‘lgan boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
7. Iltimosnoma, anketa-ariza hamda tarjimai holning barcha nusxalari iltimosnoma beruvchi shaxs tomonidan ular tuzilgan sana ko‘rsatilgan holda imzolangan bo‘lishi lozim. Agar shaxs o‘zining jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli iltimosnomani imzolay olmasa, iltimosnoma boshqa shaxs tomonidan imzolanishi mumkin, bu haqda ichki ishlar organlari tomonidan iltimosnomada iltimosnoma beruvchi uni o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligi sabablari ko‘rsatilgan tegishli belgi kiritiladi.
8. Iltimosnoma ushbu Nizomda nazarda tutilgan barcha hujjatlarning iltimosnoma beruvchi shaxs tomonidan taqdim qilingan paytdan boshlab ijroga qabul qilingan hisoblanadi.
Iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lganda, hududiy ichki ishlar organlari tomonidan 2 nusxada ish jildi ochiladi, ular barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.
9. Ushbu Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi iltimosnoma ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
10. Iltimosnoma ko‘rib chiqilishi davrida murojaat etgan shaxsga 1-ilovaga muvofiq shakldagi ma’lumotnoma beriladi. Iltimosnoma bo‘yicha qaror qabul qilinganidan so‘ng ma’lumotnoma uni bergan organ tomonidan olib qo‘yiladi.
Ma’lumotnomani rasmiylashtirishda hududiy ichki ishlar organlari tomonidan iltimosnoma beruvchining qo‘l barmoq izlari va raqamli surati chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar biometrik ma’lumotlar bazasiga kiritish uchun olinadi.
Ma’lumotnoma olgan shaxs maqomi bo‘yicha tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tenglashtiriladi.
11. Iltimosnoma beruvchi shaxs O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi masala hal qilingunga qadar bir oyda kamida ikki marta (har ikki haftada 1 martalik davriylikda) hududiy ichki ishlar organlarida qayd qilinib boriladi. Mazkur tartibga rioya etilmagan taqdirda hududiy ichki ishlar organlari holatlarga aniqlik kiritilguniga qadar materiallar rasmiylashtirilishini to‘xtatib turadi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi kelib tushgan iltimosnomani ko‘rib chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmati xulosalarini oladi, shundan so‘ng barcha materiallarni shaxsga O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish masalasi bo‘yicha o‘zining xulosasi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaga yuboradi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmatida iltimosnomani ko‘rib chiqishning umumiy muddati bir yildan oshmasligi lozim.
Iltimosnomani qo‘rib chiqish jarayonida ushbu Nizomning 4-bandida keltirilgan asoslar mavjudligi aniqlanganda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi iltimosnomani ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi va bu haqda iltimosnoma bergan shaxsga qaror qabul qilinganidan keyin yetti kun ichida xabar beradi.
14. Iltimosnoma ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiya materiallarni ko‘rib chiqadi va qaror qabul qilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taklif kiritadi.
16. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan beriladi.
17. Iltimosnoma rad etilgan taqdirda shaxsga qabul qilingan qaror haqida xabar beriladi va uni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi iltimosnomasi rad qilingan shaxs iltimosnoma rad qilingan paytdan boshlab bir yildan keyin takroran murojaat etish huquqiga ega.
3-bob. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi farmonlarini ijro etish tartibi
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi farmoni imzolangan kundan kuchga kiradi.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilingan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy ichki ishlar organlari orqali iltimosnoma beruvchi shaxsni qabul qilingan qaror haqida xabardor qiladi.
20. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilgan shaxsga, shuningdek uning oila a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan shaxsning iltimosnoma bilan murojaat qilgan hududiy ichki ishlar organlari orqali 2-ilovaga muvofiq shakldagi guvohnoma beriladi.
21. Hududiy ichki ishlar organi O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida mazkur Nizomning 20-bandida ko‘rsatilgan shaxsga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga yashash guvohnomasini rasmiylashtiradi.
22. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyani yiliga 2 marta yarim yillik yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi farmonlarining ijrosi yuzasidan xabardor qilib boradi.
4-bob. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpanani yo‘qotish asoslari va rasmiylashtirish tartibi
23. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilgan shaxs quyidagi hollarda berilgan siyosiy boshpanani yo‘qotadi:
fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatga yoki doimiy yashaydigan davlatga o‘z ixtiyori bilan qaytganda;
boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqishda;
O‘zbekiston Respublikasi hududida siyosiy boshpanadan o‘z ixtiyori bilan voz kechganda;
O‘zbekiston Respublikasining yoki boshqa davlatning fuqaroligini olganda.
24. Shaxsga O‘zbekiston Respublikasida berilgan siyosiy boshpana milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan, shuningdek agar, shaxs Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsad va tamoyillariga zid keluvchi faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa yoxud u jinoyat sodir etgan va unga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan va ijro etilishi shart bo‘lgan ayblov hukmi mavjud bo‘lsa, yo‘qotilishi mumkin.
Shaxsning O‘zbekiston Respublikasida berilgan siyosiy boshpanasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyasi taklifi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni imzolangan kundan boshlab yo‘qotiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpanani yo‘qotgan shaxs e’tiboriga yetkaziladi.
5-bob. Yakuniy qoida
25. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.