22.11.2022
Yelisey saroyida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron rafiqalari bilan Parijdagi Luvr muzeyida bo‘ldilar.
Luvr dunyodagi eng katta va eng ko‘p tashrif qilinadigan muzeylardan biri bo‘lib, eng yirik va qimmatli badiiy asarlar to‘plamiga ega. Har yili bu yerga 10 millionga yaqin sayyoh keladi.
Xalqimizning boy madaniy merosiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning oktabr oyida Fransiyaga amalga oshirilgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq tashkil etildi. Davlatimiz rahbari o‘shanda O‘zbekiston va Fransiya muzeylari hamkorligida ko‘rgazmalar tashkil etish, mamlakatlarimiz o‘rtasida ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish zarurligini qayd etgan edi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Luvr muzeyi o‘rtasida tegishli memorandum imzolandi.
Keyingi uch yil davomida ko‘rgazmalarga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Bir nechta O‘zbekiston va Fransiyaning birgalikdagi ekspeditsiyalari uyushtirilib, ko‘plab arxeologik topilmalar kashf qilindi. Bundan tashqari, Luvr restavratsiyachilari va mamlakatimiz mutaxassislari bir nechta bosqichdan iborat keng ko‘lamli tiklash tadbirlarini amalga oshirdi.
Bu ishlar natijasida Luvrning Rishele zali va Islom bo‘limida xronologik ketma-ketlikda joylashtirilgan beshta bo‘limdan iborat katta ko‘rgazma makoni yaratildi. Bular - «Voha davlatlari va podshohliklari davri: Ipak yo‘lidagi madaniyatlarning muloqoti», «O‘rta asrlar va san’atning gullab-yashnashi», «Markaziy Osiyoda islomning tarqalishi, madaniyat va fanda Uyg‘onish davri», «Ibn Sinodan Chingizxongacha», «Buyuk imperiyalar davri: Temuriylar va Shayboniylar».
Yurtimiz tarixining 1500 yildan ortiq davrini qamrab olgan ko‘rgazma mamlakatimizning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo, shu jumladan ko‘rgazma uchun maxsus restavratsiya qilingan 70 ta eksponatdan iborat. Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSHning yirik muzeylaridan keltirilgan 31 ta buyum ko‘rgazmadan joy oldi.
Ko‘rgazmaning ilk mehmonlari bo‘lgan O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari Dalvarzintepa va Xolchayon yodgorliklaridan topilgan eksponatlar, Varaxshadagi qizil rangli xonadan devoriy surat, Kofirqal’adan o‘ymakor panno, Katta Langar Qur’oni sahifalari, Amir Temur maqbarasidan qo‘sh eshik, Afrosiyobdagi elchilar tasviri tushirilgan devoriy surat va boshqa eksponatlar bilan tanishdilar. Ularning yaratilishi va topilishi, ular bilan bog‘liq tarixiy davrlar va shaxslar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Davlat rahbarlari ko‘rgazma yuksak darajada tashkil etilgani va unda o‘ziga xos muhit yaratilganini ta’kidlab, ikki mamlakatning madaniy hayotida muhim o‘rin tutuvchi ushbu tadbirni tayyorlashga hissa qo‘shganlarga minnatdorlik bildirdilar.
Luvrdagi ko‘rgazma nafaqat O‘zbekiston va Fransiya xalqlari, balki butun Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi azaliy tarixiy aloqalarni, do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Ko‘rgazma 2023-yil 6-mart kuniga qadar davom etadi.