11.11.2022
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli kasaba uyushmalari xodimlari va faollari!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ushbu xalqchil tashkilotning millionlab a’zolarini mamlakatimizda keng nishonlanayotgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmat-ehtirom va samimiy tilaklarimni bildiraman.
Bugungi kunda mamlakatimizda erkin va farovon hayot, demokratik jamiyat qurish yo‘lida olib borayotgan izchil islohotlarimiz va ularning amaliy natijalarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining ham munosib hissasi borligini barchamiz e’tirof etamiz.
Salkam 120 yillik tarixga ega O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyati davomida yuksalish va pasayish davrlari ham yuz bergan, lekin bu tashkilot hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari hayotida yangi rivojlanish bosqichi boshlandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hozirgi vaqtda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatib, soha bo‘yicha 6 ming 700 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona xizmat qilmoqda.
Kasaba uyushma a’zolarining mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida keyingi yillarda kasaba uyushmalari tizimida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan davrda soha xodimlarining sa’y-harakatlari bilan 5 ming 425 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 11 milliard so‘mga yaqin mablag‘ undirilgani mehnat qonunchiligini ta’minlashda kasaba uyushmalarining o‘rni muhim ekanining amaliy tasdig‘idir.
Shu bilan birga, mehnat muhofazasi bo‘yicha 932 ta korxona va tashkilotdagi xodimlarning hayoti va mehnati uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 5 mingdan ziyod kamchilikning bartaraf etilgani bu borada samarali tizim yaratilganidan dalolat bermoqda.
Kasaba uyushmalari faollari tomonidan yoz mavsumi davomida respublika bo‘yicha 400 mingdan ziyod bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etilganini, 143 mingdan ortiq xodimlar va ularning oila a’zolari, 300 dan ortiq urush va mehnat fronti faxriylarining tizimga qarashli sihatgohlarda imtiyozli tarzda sog‘lomlashtirilganini alohida qayd etish lozim.
Joriy yilda Farg‘ona viloyati So‘x tumanida zamonaviy bolalar oromgohi va Toshkent viloyatining Parkent tumanida “Zarkent” sanatoriysi barpo etildi. Ayniqsa, kasaba uyushmalari kuni arafasida Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon turistik zonasida foydalanishga topshirilgan “Sevarsoy” sanatoriysi yurtimiz mehnatkashlari uchun o‘ziga xos bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Shuningdek, 100 yildan ortiq tarixga ega, o‘z vaqtida milliy san’atimiz va jahon madaniyatining mashhur darg‘alari o‘zining betakror va yorqin iste’dodini namoyon etgan Toshkent shahri markazidagi sobiq madaniyat maskani bugun yangi qiyofa kasb etib, “Kasaba uyushmalari saroyi” sifatida qayta bunyod etildi. Ushbu san’at koshonasi kasaba uyushmalarining sa’y-harakati bilan o‘zbek madaniyati va san’atini yanada ravnaq toptirish, yosh avlodimizning ma’naviy dunyosini yuksaltirishdek ezgu ishga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shadi, deb ishonaman.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etilgani soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mehnat munosabatlarini ilmiy tadqiq qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga egadir.
Keyingi yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining xorijiy mamlakatlardagi turdosh va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani mamlakatimiz nufuzini jahon miqyosida tarannum etishga xizmat qilmoqda. Xususan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat kengashiga monand tarzda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan tuzilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari kengashi mintaqa mamlakatlarining mehnatkashlari o‘rtasida do‘stlik va birdamlik, o‘zaro manfaat va ishonch tamoyillariga asoslangan yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini jadal rivojlantirish uchun o‘ziga xos muloqot maydoni vazifasini bajarib kelmoqda.
Shuni qayd etish lozimki, hozirgi kunda kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Buning sababini, eng avvalo, tashkilotning xalq ichiga chuqur kirib borayotgani, odamlarning og‘irini yengil qilish, el-yurt xizmatiga kamarbasta bo‘lishni o‘zining ustuvor vazifasi sifatida belgilab olganida, deb bilamiz.
O‘tgan davr mobaynida “Ayollar daftari” tizimi orqali mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan birgalikda 1,5 millionga yaqin opa-singillarimizning muammolarini “fuqarobay” asosda o‘rganib, hal etishda kasaba uyushmalari alohida tashabbus va jonbozlik ko‘rsatmoqda. Bu borada Federatsiya qoshida tashkil etilgan “1211” ishonch telefoniga xotin-qizlar tomonidan kelib tushgan 130 mingga yaqin murojaatlarda bildirilgan masalalarning hal etilgani ham shundan darak beradi.
Kooperatsiya usulidagi tadbirkorlik tajribasini ommalashtirish bo‘yicha ishga tushirilgan 924 ta loyiha orqali 100 mingdan ortiq aholi, jumladan, 73 mingga yaqin ayollarimiz ish bilan ta’minlandi.
Fursatdan foydalanib, yurtimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, aholining ehtiyojmand qatlamini hamda mehnat jamoalari a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ishlarida faol ishtirok etayotgan siz, azizlarga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli do‘stlar!
Barchamizga ma’lumki, mamlakatimiz kasaba uyushmalari o‘z saflarida 5,5 milliondan ziyod xodimlarni birlashtirgan eng yirik jamoat tashkiloti hisoblanadi. Uning a’zolari soni doimiy tarzda ko‘payib bormoqda. Shuning uchun ham kasaba uyushmalari kuni respublikamizning barcha ishchi-xodimlari tomonidan muhim sana sifatida keng nishonlanadi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan, inson qadri va uning sha’nini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosatning amaliy namoyoni sifatida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga mehnatkashlar bayrami, umumxalq bayrami maqomini berish va ushbu kunni dam olish kuni deb belgilashni taklif etaman.
Bugungi murakkab va shiddatli davr korxona va tashkilotlarda xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda va siz, azizlar bu borada har tomonlama faollik ko‘rsatasiz, deb ishonaman.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Hurmatli kasaba uyushmalari xodimlari!
Davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan bundan buyon ham doimiy qo‘llab-quvvatlash asnosida ishchi va xizmatchilarning mehnat huquqlarini ta’minlash va ularning ish haqi miqdorini oshirib borish bo‘yicha barcha imkoniyatlar safarbar etiladi.
Chunki samarali mehnat qilish va uning rohatini ko‘rish – har bir inson hayotining ma’no-mazmunidir.
O‘z oldimizga qo‘ygan ulkan va ezgu vazifalarni amalga oshirish, “El aziz, inson aziz” degan olijanob g‘oyani yurtimizdagi har bir korxona va tashkilotda qaror toptirish, mehnatni farovonlik va baxt manbaiga aylantirish ko‘p jihatdan kasaba uyushmalari va ularning samarali faoliyatiga ham bog‘liqdir.
Barchangizni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, xonadonlaringizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, mas’uliyatli va sharafli ishlaringizda esa yangi yutuqlar yor bo‘lishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti