29.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Yoqilg‘i-energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda texnologik qayta jihozlash, elektr energiyasi va tabiiy gaz (keyingi o‘rinlarda energiya resurslari deb ataladi) yetkazib berish va iste’mol qilish sohasida shartnoma majburiyatlariga so‘zsiz rioya etish, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish – mamlakatimizda olib borilayotgan, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik faolligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, mazkur sohalarda to‘planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar energiya resurslari bo‘yicha debitor qarzdorlikni keskin kamaytirishga va elektr energetika va gaz tarmoqlarini yanada rivojlantirish, ijro ishi yuritish samaradorligini oshirishga imkon bermagan. Jumladan:
birinchidan, ta’minotchi korxonalar tomonidan yetarli choralar ko‘rilmaganligi oqibatida iste’molchilarning shartnoma majburiyatlariga rioya etishi lozim darajada ta’minlanmagan, ularning aksariyati iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘lovlarni muntazam ravishda amalga oshirmagan;
ikkinchidan, energiya resurslari iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish muddatlarining kechiktirib yuborilganligi yetkazib berilgan va iste’mol qilingan hajmlar hisobi yuritilishining haqqoniyligini ta’minlashga hamda hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirishga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
uchinchidan, eskirgan elektr uzatish tarmoqlari, transformator podstansiyalari va punktlari, gaz quvurlari hamda tegishli infratuzilmaning yangilanish sur’atlari sustligi – texnologik yo‘qotishlarning ko‘payishiga va energiya resurslarining, ayniqsa, joylarda, surunkali uzilishlar bilan yetkazib berilishiga olib kelmoqda;
to‘rtinchidan, energiya resurslari bo‘yicha qarzdorlik holatini onlayn tarzda kuzatib borish imkonini beruvchi zamonaviy elektron to‘lov tizimlarini rivojlantirish past darajada qolmoqda;
beshinchidan, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK tomonidan nazoratchilar ishining tashkil etilishi ustidan idoraviy nazorat lozim darajada o‘rnatilmaganligi debitor qarzdorlikning haddan ziyod o‘sishiga olib kelmoqda;
oltinchidan, qarzdorlarni elektr va gaz tarmog‘idan uzish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmasdan, aslida mavjud bo‘lmagan qarzdorlikni undirish haqida sudlarga aksariyat hollarda “bir xil qolipdagi” arizalarning kiritilishi ta’minotchilarning energiya resurslari uchun haq undirish borasidagi ishlarni tashkil etishga rasmiyatchilik bilan yondashayotganligidan dalolat bermoqda;
ettinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti (keyingi o‘rinlarda Sud departamenti deb ataladi) faoliyatini tashkil etishdagi jiddiy kamchiliklar ijro ishi yuritilishi samaradorligiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Amaldagi undiruv ko‘rsatkichining 2016-yilda atigi 45 foizni tashkil etganligi ham bundan dalolat beradi;
sakkizinchidan, idoralararo hamkorlikning va Sud departamenti faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning past darajadaligi ijro hujjatlari hisobi yuritilishida haqqoniylikni ta’minlashga, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijro etilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
to‘qqizinchidan, qonuniylikni va ijro intizomini mustahkamlash ishlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar oqibatida 2016-yil va 2017-yilning I choragi davomida sodir etgan huquqbuzarliklari uchun “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AKning 665 nafar, Sud departamentining 36 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Elektr va gaz ta’minoti sohasida yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha ta’sirchan choralarning ko‘rilmaganligi iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, yoqilg‘i-energetika kompleksini modernizatsiyalash hamda texnologik qayta jihozlash, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik faolligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mamlakatning energetika xavfsizligini ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi omil hisoblanadi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, elektr va gaz ta’minoti sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda Byuro deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Byuroning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish;
elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;
energiya resurslari iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarining joriy etilishi ustidan monitoring o‘tkazish;
energiya resurslarini sotish va iste’moli hisobini yuritishda ishtirok etish;
energiya resurslari iste’molchilarining mas’uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish choralarini ko‘rish;
kompleks tahlil o‘tkazish, tizimli muammolarni aniqlash, energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta’minlash va majburiy ijro tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
tugatilayotgan Sud departamentining O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalari, funksiyalari hamda vakolatlari Byuroga o‘tkaziladi;
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish Byuroning davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi;
Byuroning davlat ijrochilari lavozimlariga oliy yoki o‘rta maxsus yuridik ma’lumotga ega, ayrim hollarda boshqa mutaxassislikdagi oliy ma’lumotga ega shaxslar, Byuroning boshqa lavozimlariga – oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotli boshqa mutaxassislikka (iqtisodchi, moliyachi, muhandislar va boshqalar) ega shaxslar ham tayinlanadi;
davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari Byuroga mazkur Farmonga muvofiq yuklatilgan vazifa hamda funksiyalarini bajarishda har tomonlama ko‘maklashishga majburdirlar.
4. Byuro va uning hududiy tuzilmalariga energiya resurslarini yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasidagi vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlar berilsin:
energiya resurslari yetkazib berilishi va iste’molini hisobga olishning to‘liqligi hamda haqqoniyligi, hisob-kitoblarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan, shu jumladan, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishmagan holda tekshirishlar o‘tkazish;
etkazib berilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni iste’molchilar – yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning (keyingi o‘rinlarda iste’molchi – yuridik shaxslar deb ataladi) bank hisobraqamlaridan so‘zsiz undirish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan inkasso topshiriqnomalari qo‘yish;
etkazib berilgan energiya resurslari uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi qarzdorlikni xodim – iste’molchilarning ish haqidan ushlab qolish haqida ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnomalar yuborish;
energiya resurslari iste’moli, to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liqligini nazorat qilish va monitoringini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar va fuqarolardan talab qilib olish;
jismoniy va yuridik shaxslarga energiya resurslari uchun qarzdorlikni bartaraf etish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnomalar yuborish;
energiya resurslarini yetkazib berish va iste’mol qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga belgilangan tartibda moliyaviy sanksiya qo‘llash;
vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar, shu jumladan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga energiya resurslarini yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasidagi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, energiya resurslari uchun hisob-kitoblarni muntazam ravishda amalga oshirmayotgan iste’molchilarga nisbatan jamoat ta’sir choralarini ko‘rish haqida taqdimnomalar kiritish;
energiya resurslari uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, Byuro talabnomalari ijro etilmagan hollarda, shuningdek, elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlari aniqlanganda, iste’molchilarni elektr hamda gaz tarmoqlaridan uzish;
energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlari bartaraf etilgan hamda to‘lovlar to‘liq amalga oshirilganda, ilgari elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan iste’molchilarni qayta ulash;
energiya resurslaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rish;
energiya resurslari iste’molini nazorat qilish va hisoblash tizimini hamda uskunalarining sozlik holatini monitoring qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi energiya resurslarini yetkazib berish, iste’mol qilish va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazorat samaradorligini, shuningdek, energiya resurslari iste’molchilarining mas’uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Sud departamenti tugatilsin va uning O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan 1 301 ta bo‘shatilayotgan shtat birliklari Byuroga o‘tkazilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Sud departamenti balansida bo‘lgan va u foydalanayotgan binolar, vositalar hamda boshqa moddiy-texnika qimmatliklarini Byuro balansiga o‘tkazilishini ta’minlasin.
Belgilab qo‘yilsinki, Byuro tugatilayotgan Sud departamentining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AKning:
“O‘zbekenergo” AJning iste’molchilar bilan ishlash bo‘yicha 6 562 ta elektromontyor shtat birliklarini hamda “O‘ztransgaz” AKning tabiiy gazni hisobga olish va realizatsiya qilish bo‘yicha 4 255 ta nazoratchi shtat birliklarini qisqartirish;
Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etish haqidagi takliflari ma’qullansin.
Quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
respublika iste’molchilariga energiya resurslarini sotishdan tushgan mablag‘larning 10 foizi;
vakolatli organlar tomonidan olib qo‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklarni sotishdan, shuningdek, qarzdorning mol-mulkini sotish hisobiga soliq qarzdorligini (davlat bojidan tashqari) undirishdan tushgan mablag‘larning 8 foizi;
davlat ijrochilari tomonidan undirilgan ijro yig‘imi mablag‘larining 80 foizi;
Byuro xodimlari tomonidan qo‘llaniladigan va undiriladigan jarimalar summasining 80 foizi;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
Belgilab qo‘yilsinki:
Byuro ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
ushbu bandning beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablag‘larni hisob-kitob qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK tomonidan belgilanadi;
asbob-uskunalar, elektr uzatish liniyalari, gaz tarmoqlari, energiya resurslarini hisobga olish uskunalarini ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, shuningdek, tegishli hududlarda nosozliklarni bartaraf etish bevosita “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK tomonidan amalga oshiriladi.
7. Belgilab qo‘yilsinki, energiya resurslarini yetkazib berish va iste’mol qilish sohasida:
a) Byuro quyidagilar uchun javobgardir:
energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;
energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini, shuningdek, bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan energiya resurslari hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
aniqlangan tafovutlarni bartaraf qilish mexanizmi bo‘yicha takliflar kiritish hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;
b) O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK quyidagilar uchun javobgardir:
tuzilgan shartnomalarga muvofiq, iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash;
sotilgan energiya resurslari hajmi haqidagi hisobot va axborotlar, debitor va kreditor qarzdorlik haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi;
elektr va gaz taqsimlash tarmoqlari hamda energiya resurslarini bevosita iste’molchilarga bo‘linish chegarasiga qadar yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa infratuzilmalar ekspluatatsiyasi va ta’mirlash xizmatlarini amalga oshirish;
iste’molchilarga o‘rnatilgan energiya resurslari iste’molini hisobga olish uskunalarini almashtirish, o‘rnatish va ekspluatatsiya xizmati ko‘rsatish, shuningdek, Byuro bilan hamkorlikda ularni plombalash;
belgilangan tartibda texnik shartlarni berish, elektr va gaz tarmoqlariga yangi iste’molchilarni ulash ishlarini amalga oshirish;
Byuroning majburiy talabnomasiga asosan, elektr energiyasi ayrim iste’molchilarini 6-10 kV va undan yuqori kuchlanishli tarmoqlardan belgilangan tartibda uzish.
Belgilansinki, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK har oyda bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan energiya resurslari hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasida tafovut mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni Byuroga taqdim etadi, ular asosida Byuro elektr va gaz ta’minoti korxonalari bilan birgalikda tafovutning vujudga kelish sabablarini aniqlash bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘radi.
8. 2017-yilning 1-iyulidan boshlab quyidagi tartib joriy etilsin, unga muvofiq:
iste’molchilar – jismoniy shaxslar har oyning 10 sanasiga qadar o‘tgan oyda iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitob qilishlari shart;
mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin qarzdorlik mavjud bo‘lganda, iste’molchi – jismoniy shaxslar belgilangan tartibda elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan majburiy uziladi;
mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilganlardan tashqari, iste’molchilarga energiya resurslarini yetkazib berish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq to‘lanmagan hollarda mazkur iste’molchilarga nisbatan elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi;
elektr va gaz tarmoqlaridan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda iste’molchi – jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida, iste’molchi – yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘larni o‘tkazish orqali undiriladi;
iste’molchi energiya resurslari iste’molini hisobga olish uskunalarining lozim darajada ekspluatatsiya qilinishi va sozligi uchun javobgar bo‘ladi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxati har yili tasdiqlanadigan, yuqori likvidli va (yoki) eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi alohida toifadagi iste’molchilarga energiya resurslarini sotish eksport narxidan past bo‘lmagan bozor narxlarida amalga oshiriladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda tanqidiy o‘rganish natijasiga ko‘ra, “O‘zbekenergo” AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan issiqlik energiyasini yetkazib berish va iste’mol qilishni hisobga olish hamda nazorat qilish tartibini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilsin;
2017-yil 1-avgustga qadar muddatda energiya resurslari uchun, shu jumladan, iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridagi korxonalar o‘rtasida 2017-yil 1-iyulgacha vujudga kelgan qarzdorlik tartibga solinishini ta’minlasin;
uch oy muddatda “O‘zdavenergonazorat” DI va “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI faoliyatini qayta tashkil etish bo‘yicha, shu jumladan, mazkur Farmon qoidalarini inobatga olgan holda, takliflar kiritsin.
10. Belgilansinki, Sud departamentining amaldagi xodimlari, shuningdek, ushbu Farmonga muvofiq shtat birliklari qisqartirilayotgan “O‘zbekenergo” AJning iste’molchilar bilan ishlash bo‘yicha elektromontyorlari hamda “O‘ztransgaz” AKning tabiiy gazni hisobga olish va realizatsiya qilish bo‘yicha nazoratchilari Byuroni tashkil etish davrida mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilingunga qadar yuqorida ko‘rsatilgan tashkilotlar mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash shartlari saqlab qolingan holda xizmat vazifalarini amalga oshiradilar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin.
12. “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK:
2017-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda energiya resurslarining sotilishini hisobga olish bo‘yicha amaldagi dasturiy mahsulotlardan Byuroning doimiy foydalanish imkoniyatini ta’minlasin;
2017-yil 1-iyulga qadar tuman (shahar)lar kesimida 2017-yil 1-iyun holatiga energiya resurslaridan qarzdorligi mavjud bo‘lgan barcha iste’molchilarning ro‘yxatini, shu jumladan, iste’molchi – yuridik shaxslar bilan qarzdorlikni taqqoslash dalolatnomalarini Byuroga taqdim etsin;
2017-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda tushumlarning haqqoniy hisobini yuritish va pul mablag‘larining harakatini Byuro tomonidan monitoring qilishni ta’minlovchi, energiya resurslarini sotishdan tushgan mablag‘larni yagona bank hisobraqamlarida jamlash tizimini joriy etsin;
2017-yil 1-avgustga qadar energiya resurslarini ishlab chiqarish, transportirovka qilish va taqsimlashni hisobga olish uskunalari o‘rnatilgan xonalarga ruxsatsiz aralashuvni Byuro tomonidan masofadan nazorat qilish imkonini beradigan videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishini ta’minlasin;
2017-yil 1-oktabrga qadar energiya resurslarining yetkazib berilishi va iste’molini bevosita taqsimlash joylarida nazorat qilish va hisobga olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2018-yil 1-yanvarga qadar energiya resurslarini ishlab chiqarish, transportirovka qilish va taqsimlashni hisoblash nuqtalarida hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlarini va ularning holatini qayd etuvchi, ushbu ma’lumotlarni energiya resurslarini ishlab chiqarish, transportirovka qilish va taqsimlash hajmlari monitoringini amalga oshirish uchun Byuroga taqdim etadigan avtomatlashtirilgan tizimni o‘rnatsin, shuningdek, uning barqaror ishlashini ta’minlasin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK, “O‘zdavenergonazorat” DI, “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI, “Sanoatgeokontexnazorat” DI, Byuro boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni amalga oshirgan holda turar va noturar joy fondini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazsin:
kadastr va loyiha hujjatlari, shartnomalar, ulanish sxemalari, boshqa zarur hujjatlar hamda hisobga olish uskunalarining mavjudligini, ularning sozligi va me’yoriy-texnik talablarga muvofiqligini aniqlash, iste’molchini billing tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish;
energiya resurslarining real iste’mol qilingan hajmini va uning shartnomalarda nazarda tutilgan hajmga, shuningdek, amalga oshirilgan to‘lovlarga muvofiqligini aniqlash;
turar va noturar joy fondi obyektlarining egalari, kadastr ma’lumotlari, kommunikatsiyalar va inshootlar haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan yagona elektron pasportlarini tayyorlash;
inventarizatsiya yakunlari bo‘yicha vazirliklar va idoralarning tegishli ma’lumotlar bazalariga zarur aniqliklar kiritish.
Belgilansinki, ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan vazirliklar va idoralar inventarizatsiya o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilishini ta’minlaydilar va bunga har tomonlama ko‘maklashadilar.
14. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy tuzilmalari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin uch kun muddatda ko‘chmas mulk egalari haqidagi ma’lumotlarni elektr, gaz, suv va issiqlik ta’minoti korxonalari, avtomatlashtirilgan telefon stansiyalariga yuboradi.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK uch oy muddatda ko‘chmas mulk egalari haqidagi idoraviy ma’lumotlar bazalarini unifikatsiyalashtirsin.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK idoraviy ma’lumotlar bazalari unifikatsiya qilinganidan keyin ikki oy muddatda iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalarning qayta rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda iste’molchilar bilan o‘zaro hisob-kitoblarning holati haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni taqdim etadigan va elektron to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilingan Uy-joy kommunal, elektr va gaz ta’minoti xizmatlari ko‘rsatishning yagona billing tizimini tashkil etishni, shuningdek, abonentning yagona individual raqamini joriy etishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini;
2017-yil 1-oktabrga qadar Qarzdorlikni undirish masalalari bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlikning yagona tizimini tashkil etish, ushbu tizimni tegishli idoralarning jismoniy va yuridik shaxslar qarzdorligi, ularning mulkiy ahvoli haqidagi ma’lumotlar bazalari bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zdavenergonazorat” DI, “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI Byuro bilan birgalikda ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, energiya resurslarini yetkazib berish, transportirovka qilish, taqsimlash va sotishdagi yo‘qotishlarni aniqlash tartibini tasdiqlasin.
17. Energiya samaradorligi va energiyaning tiklanadigan manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi (A.N.Aripov) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 5-maydagi PQ-2343-son qarori bilan tasdiqlangan 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturining amalga oshirilishini tanqidiy o‘rganishni;
ushbu dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlamagan aybdor mansabdor shaxslarning javobgarligi bo‘yicha takliflar kiritilishini;
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha yangilangan dastur tayyorlanishini ta’minlasin, bunda:
energiya tejaydigan texnologiyalar va muqobil energiya manbalarini keng joriy etish, shu jumladan, ularni shaharlar va qishloq joylarda uy-joy qurish loyihalariga majburiy kiritishga;
muqobil energiya manbalaridan foydalanayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni moddiy rag‘batlantirish choralariga;
Quyosh energiyasi xalqaro instituti faoliyati samaradorligini oshirishga;
aholi o‘rtasida energiya resurslarini asrab-avaylash, energiya tejaydigan texnologiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni targ‘ib etish yuzasidan kompleks choralarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratsin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “Muqobil energiya manbalari to‘g‘risida”gi hamda “Gaz ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin.
18. “O‘zbekenergo” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, Hisob palatasi, Bosh prokuratura Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zeltexsanoat” AK, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda elektr energiya nazorati va hisobga olishni yagona avtomatlashtirilgan tizimga integratsiya qilish uchun uning texnik ko‘rsatkichlarini unifikatsiyalashtirishni inobatga olgan holda, elektr energiya nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni har tomonlama ekspertizadan o‘tkazsin;
xalqaro moliyaviy donor-institutlar bilan ularning ishtirokida amalga oshirilayotgan elektr energiya nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha loyihalarning texnik ko‘rsatkichlariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, texnik ko‘rsatkichlari bir xil, elektr energiyadan foydalanishni hisobga oluvchi zamonaviy elektron uskunalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalarini kelishsin;
kelishish natijalariga ko‘ra, ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga elektr energiya nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini 2019-yil 1-yanvarga qadar to‘liq joriy etishni nazarda tutuvchi reja-jadvalni kiritsin.
19. “O‘zbekneftgaz” MXK, “Sanoatgeokontexnazorat” DI, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, Hisob palatasi, Bosh prokuratura Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zeltexsanoat” AK, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda loyihalarni moliyalashtirishning aniq manbalari, amalga oshirish muddatlari va grafiklarini, shuningdek, tabiiy gaz iste’molini hisobga olishning texnik jihatdan bir xil, zamonaviy elektron uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni nazarda tutuvchi Zamonaviy energiya tejaydigan gazdan foydalanish asbob va uskunalarini, tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish konsepsiyasi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2017-yil 1-sentabrga qadar ishlab chiqilgan Konsepsiya asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining zamonaviy energiya tejaydigan gazdan foydalanish asbob va uskunalarini, tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha loyihaning texnik topshiriqlari hamda dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini, shuningdek, mazkur tizimni to‘liq joriy qilinishini nazarda tutuvchi reja-jadvalni tasdiqlash haqidagi qarori loyihasini kiritsin.
20. Belgilansinki, energiya resurslari nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishga texnik topshiriqlar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “O‘zstandart” agentligi bilan elektr energiya va tabiiy gaz nazorati hamda hisobining yagona avtomatlashtirilgan tizimiga mos kelishi va integratsiya qilinishi nuqtai nazaridan kelishilishi shart.
21. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK bir oy muddatda ma’lumotlarni qayta ishlash yagona markazi negizida energiya resurslari nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimlari faoliyati uchun ma’lumotlar uzatish tizimini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zdavenergonazorat” DI, “Sanoatgeokontexnazorat” DI, “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI, Byuro, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda shu turdagi ishlarni amalga oshirishda xalqaro tajribaga ega bo‘lgan chet el pudratchisini jalb etgan holda, elektr va gaz ta’minoti obyektlarining texnik holatini aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilinishini ta’minlasin hamda 2018-yil 1-martga qadar ularni modernizatsiya qilish Davlat dasturi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2017-yil 1-oktabrga qadar mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin hamda uning yangi tahrirdagi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
24. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi Bosh prokuratura, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur Farmonda belgilangan vazifalarni inobatga olib, elektr energetikasi va gaz ta’minoti sohasida, zaruratga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilida qabul kvotalarini ko‘paytirish hamda yangi ta’lim va mutaxassislik yo‘nalishlarini joriy etishni nazarda tutgan holda, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi kadrlarini tayyorlash haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
25. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yosh avlodda energiya resurslariga nisbatan tejamkorona munosabatda bo‘lish va undan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rsin.
26. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Bosh prokuratura, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, shu jumladan, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishning ahamiyati, energiya resurslarini iste’mol qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ko‘riladigan javobgarlik choralari, energiya tejaydigan texnologiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
27. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Bosh prokuratura, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
28. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 29-may
Mamlakat yoqilg‘i-energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda texnologik qayta jihozlash, elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida shartnoma majburiyatlariga so‘zsiz rioya etishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish – yurtimizda amalga oshirilayotgan, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini, shu jumladan, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmini oshirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq hamda uzluksiz ta’minlash, texnologik jihatdan va ma’naviy eskirgan infratuzilmalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillar davomida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi doirasida 2,5 million nafardan ortiq iste’molchilarning energiya ta’minotini yaxshilash maqsadida 34 ming kilometr elektr tarmoqlari hamda 6,9 ming dona transformatorlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha 835,9 million AQSh dollari qiymatidagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohada yuzaga kelgan ahvol va qonuniylik holatining tahlili o‘z yechimini kutayotgan jiddiy muammo hamda kamchiliklar mavjudligiga qaramasdan, mutasaddi idoralar tomonidan ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmayotganligini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK faoliyatini tashkil etishdagi xato hamda kamchiliklar, shuningdek, to‘lov intizomini mustahkamlash, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish va debitor qarzdorlikni kamaytirish bilan bog‘liq muammolar energiya ta’minoti sohasini yanada rivojlantirish borasida belgilangan maqsad va vazifalarni izchillik bilan amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan iste’molchilarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmayotgani, hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlarining oqsayotgani debitor qarzdorlikning keskin ortishi, talon-tarojliklar va iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘lovlardan bo‘yin tovlash holatlariga olib kelmoqda.
Masalan, 2016-yilda elektr va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisobga olish asboblariga shikast yetkazish va ularning ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish kabi huquqbuzarliklar 2014-yilga nisbatan 48 foizga oshgan.
Shunga qaramasdan, mas’ul idoralar tomonidan bunday holatlarga nisbatan tegishli munosabat bildirilmagan.
Soha infratuzilmasini texnik jihatdan, shu jumladan, ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda yangilash yuzasidan qo‘yilgan vazifalarning bajarilmagani texnologik yo‘qotishlarning tobora ortishiga, energiya resurslarini yetkazishda surunkali uzilishlarga sabab bo‘lib, oqibatda iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Elektr va gaz ta’minoti korxonalari tomonidan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish hamda to‘lovlarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratilmagan, zamonaviy elektron to‘lov tizimlari yetarli darajada joriy etilmagan, xizmat ko‘rsatish madaniyati bugungi kun talablariga javob bermaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga elektr va gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha kelib tushgan 43 mingdan ortiq shikoyat ham bundan dalolat beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti (keyingi o‘rinlarda Sud departamenti deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etishda yuzaga kelgan jiddiy kamchiliklar fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlari himoya qilinishi hamda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida undirilishini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda ushbu tizimda ish hajmining sezilarli darajada ortgani, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishdagi sustkashliklar undiruvlarning pasayishiga hamda ijro ishi yuritishni asossiz to‘xtatish va tamomlashga olib kelmoqda.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining amaldagi ijrosi 2016-yilda amalda atigi 45 foizga bajarilgani ham shundan dalolat beradi.
Shu bilan birga, ko‘rsatib o‘tilgan sohalarda suiiste’molchilik holatlariga chek qo‘yilmagan. Oqibatda 2016-yil va 2017-yilning birinchi choragida “O‘zbekenergo” AJ hamda “O‘ztransgaz” AK tizimidagi 665 nafar, Sud departamentining 36 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ko‘rsatib o‘tilgan muammolar, xato va kamchiliklar energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirish hamda ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Bayon etilganlarga asosan hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, Farmonda elektr va gaz ta’minoti sohasida boshqaruv tizimi, nazorat qilish hamda hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, to‘lov intizomini mustahkamlash va javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek, ijro ishi yuritishning samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Xususan, mazkur Farmon bilan:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishiga, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-taroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olishga, shuningdek, sud hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.
Energiya resurslarini yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasidagi vazifalarni amalga oshirishda Majburiy ijro byurosiga quyidagi vakolatlar berildi:
– energiya resurslari yetkazib berilishi va iste’molini hisobga olishning to‘liqligi hamda haqqoniyligi, ular uchun hisob-kitoblarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazish;
– yetkazib berilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni iste’molchilar – yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank hisobraqamlaridan so‘zsiz undirish;
– yetkazib berilgan energiya resurslari uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi qarzdorlikni iste’molchilarning ish haqidan ushlab qolish to‘g‘risida ish beruvchilarga talabnomalar yuborish;
– energiya resurslarini yetkazib berish va foydalanish sohasidagi qoidalarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash;
– hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda iste’molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzish;
– energiya resurslaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish.
2. Sud departamenti tugatildi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AKning iste’molchilar bilan ishlash bo‘yicha elektromontyor hamda tabiiy gazni hisobga olish va realizatsiya qilish bo‘yicha nazoratchi shtat birliklari qisqartirildi.
Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilariga – sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini, davlat inspektorlariga esa – yetkazib berilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirishni amalga oshirish yuklatiladi.
“O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AKda tuzilgan shartnomalarga asosan iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish vazifa hamda funksiyalari saqlanib qolmoqda.
3. O‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, energiya resurslari uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda iste’molchilarni tarmoqdan uzish tartibi aniqlashtirildi. Unga muvofiq, 2017-yil 1-iyuldan boshlab iste’molchi – jismoniy shaxslar har oyning 10 sanasiga qadar o‘tgan oyda foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitob qilishlari shart.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga energiya resurslari oldindan 100 foizlik haq to‘lash asosida yetkazib beriladi.
To‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda iste’molchilar tarmoqdan majburiy uziladi, bunda qayta ulash uchun jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining ikki barobari, yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining o‘n barobari miqdorida to‘lov undiriladi.
Bundan tashqari, Farmonda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini hamda boshqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutildi.
Xususan, iste’molchilar bilan o‘zaro hisob-kitoblarning holati haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni beradigan va elektron to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilingan Uy-joy kommunal, elektr va gaz ta’minoti xizmatlari ko‘rsatishning yagona billing tizimi tashkil etiladi.
Mazkur tizim iste’molchilarga qarzdorlik mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda olish hamda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Qarzdorlikni undirish masalalari bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlikning yagona tizimi ham yaratiladi. Ushbu tizim jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy holati haqidagi ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda qarzdorlikni undirish samaradorligini oshiradi.
Farmon ijrosi doirasida manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan energiya resurslari iste’molchilari xatlovdan o‘tkaziladi. Bunda kadastr hamda loyiha hujjatlari, shartnomalar, tarmoqlarga ulanish sxemalari, hisobga olish asboblari va ularning sozligi o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatish hamda ushbu sohada qonuniylikni ta’minlash choralari ko‘riladi.
Jamiyatda energiya resurslaridan oqilona foydalanish va hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhitini hamda energiya resurslarini talon-taroj qilish holatlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan, Bosh prokuraturaga energiya resurslarini yetkazib berish, iste’mol qilish va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazorat samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi – elektr energetika va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilishga, iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga, mamlakat iqtisodiyotini, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishga, sud qarorlari ijrosining samaradorligini, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirishga hamda jamiyatda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.