28.10.2022
2022-yil 28-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel uchrashuv o‘tkazdilar.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sharl Mishel keyingi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani va keng ko‘lamli tus olganini tasdiqladilar.
Tomonlar Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni va hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga intilishini olqishladilar.
O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlash va ularni yanada chuqurlashtirish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Ikki tomonlama va hududlararo hamkorlik uchun yaratilgan qo‘shma mexanizmlar sermahsul ishlayotgani ijobiy baholandi. Ularning salohiyati va imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish maqsadida birgalikda harakat qilishga tayyorlik bildirildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va inson kapitali yo‘nalishlaridagi masalalarning keng doirasi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim dastlabki bosqichda imzolanganini olqishladilar.
Prezidentlar ushbu muhim hujjat imkon qadar tez fursatda imzolanishi va ratifikatsiya qilinishiga umid bildirdilar.
Tomonlar xalqaro ishlarda va ikki tomonlama munosabatlarda BMT Ustavi va xalqaro huquqning umume’tirof qilingan normalariga qat’iy rioya qilishlarini, hamkorlikni teng huquqlilik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillari asosida qo‘llab-quvvatlashlari va rivojlantirishlarini ta’kidladilar.
Yevroittifoq tomoni Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini, ular barqaror bo‘lishi va ortga qaytmasligiga umid bildirdi.
Prezidentlar inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi sohasidagi konstruktiv muloqot va faol hamkorlikni yuksak baholadilar. O‘zbekiston va YIning bu boradagi hamkorligini mustahkamlashga bundan buyon ham ko‘maklashishga tomonlar qat’iy intiladilar.
Yevropa kengashi Prezidenti O‘zbekiston rahbariyatining gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibori ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi hamda YI ushbu sohalardagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘makni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Yevropa Ittifoqi inson huquqlari va asosiy erkinliklarini to‘liq hurmat qilish muhimligini qayd etdi.
YI kompaniyalaridan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, eng yangi texnologiyalar, ilg‘or tajriba va yuksak standartlarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentlar O‘zbekiston bilan Yevroittifoq o‘rtasida iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar sohalaridagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini olqishladilar. O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekistonga “GSP+” tizimining benefitsiar mamlakati maqomi berilib, o‘zbek mahsulotlarining keng nomenklaturasi YI mamlakatlariga bojsiz yetkazib berilishiga imkoniyat yaratilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi.
Tomonlar YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi bajarilishini jadallashtirish maqsadida birgalikda chora ko‘rish zarurligiga alohida e’tibor qaratdilar hamda 2022-yil 18-noyabr kuni Samarqand shahrida “YI – Markaziy Osiyo” formatida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha “Barqaror taraqqiyot uchun “Global darvoza” konferensiyasining o‘tkazilishini olqishladilar.
O‘zbekiston tomoni konferensiyada hamkorlikning ustuvor sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinishini taklif etishga tayyor.
Barqaror transport yo‘laklarini yaratish, shu jumladan Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish o‘zaro savdoni ko‘paytirish uchun tizimli omil sifatida belgilandi.
Prezidentlar portlarning quvvatlarini kengaytirish, parom va temir yo‘l parklarini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, yuklar bilan ishlash va chegaralardan o‘tish uchun raqamli yechimlarni joriy qilish muhimligini qayd etdilar. Bunday loyihalarni amalga oshirish YIning “Global darvoza” tashabbusi maqsad va vazifalariga to‘liq mosdir.
O‘zbekiston tomoni o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo‘lini qurish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston tomoni xorijiy, shu jumladan YI kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar O‘zbekiston uchun 2021-2027-yillarga mo‘ljallangan YIning moliyaviy-texnik ko‘magiga doir ko‘p yillik indikativ dasturi tasdiqlangani va amalga oshirilishi boshlanganini olqishladilar.
Ular raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, energetik samaradorlik va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mavjud salmoqli salohiyatdan foydalanish, shu jumladan Yevropaning ilg‘or tajribasini joriy qilish va ushbu sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.
O‘zbekistonning suv-ekologiya masalalari, shu jumladan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psherik Trast jamg‘armasini tashkil etish borasidagi tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Yevroittifoqqa minnatdorlik bildirildi. Uning faoliyatini davom ettirish muhimligi borasida tomonlarning fikri yakdil.
Ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni, shu jumladan “Erasmus+” va “Horizon Europe” dasturlari salohiyatidan foydalangan holda chuqurlashtirish muhim ekani ta’kidlandi. Tomonlar kasbiy ta’lim bo‘yicha “DARYA” birinchi mintaqaviy loyihaning amalga oshirilishini olqishladilar.
O‘zbekiston tomoni 2023-yilda O‘zbekistonda “YI – Markaziy Osiyo” birinchi turizm forumini o‘tkazishni taklif qildi.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu ma’noda, Afg‘onistonning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka surunkali tahdidlar manbaiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi qayd etildi.
Qish davrida yaqinlashib kelayotgan gumanitar falokatning oldini olish, jumladan, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish xavotir uyg‘otayotgan birinchi galdagi masala sifatida qayd etdi.
Tomonlarning o‘zaro majburiyatlarini bajarish algoritmini tezda kelishish maqsadida O‘zbekiston tomoni o‘zining Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan muzokaralar olib borish uchun xalqaro guruh tuzish tashabbusini alohida qayd etdi.
Uzoq muddatli barqarorlikka erishish uchun Afg‘onistonda inklyuziv siyosiy jarayonni hamda inson, shu jumladan xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash zarurligi yuzasidan mushtarak fikrlar bildirildi.
Yakunda Prezidentlar O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqotni va sheriklikni mustahkamlashga, shuningdek, Markaziy Osiyoni tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot mintaqasiga aylantirish maqsadida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat, ishonch va xalqaro huquqning asosiy normalariga rioya qilish prinsiplari asosida mintaqaviy kooperatsiya va o‘zaro bog‘liqlikni yanada kengaytirishga ko‘maklashishga intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.