26.10.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida barpo etilgan yangi xirurgiya majmuasini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda kardiojarrohlik, transplantologiya, neyro-qon tomir jarrohligi va reanimatsiya bo‘limlari faoliyat yuritadi. Ularda yiliga 3 ming nafargacha bemorga yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Shu yerda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, joriy yil 18-mart kuni davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan “ochiq muloqot” o‘tkazgan edi. Bugungi yig‘ilish o‘sha muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Prezidentimiz so‘zining avvalida sohada qilingan ishlar va ularning mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, joriy yilda yangi 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, mingta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilgan. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirilgan.
Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida, aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi. “Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 ming 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi.
Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi esa o‘tgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi.
Shuningdek, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berildi.
Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, 10 milliondan ziyod 40 yoshdan oshgan aholining 70 foizi kardiologik va qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazildi.
Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi.
Mamlakatimizda ilk bor order tizimi orqali 29 ta xususiy shifoxona bilan shartnoma imzolandi.
Tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirildi. Shuningdek, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish va ustama to‘lovlari joriy etildi.
Umuman, joriy yilda tibbiyotga 28 trillion so‘m ajratilayapti. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘pdir.
Yig‘ilishda hududlardagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, 272 ta mahallada tibbiyot punkti yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlar ro‘yxati 297 taga yetkazildi.
Bu dastur asosida 191 nafar shifokor ish boshladi. Masalan, Mo‘ynoqqa Farg‘ona, Samarqand va Xorazmdan shifokorlar ishga borgan. Lekin, uzoq qishloqlarda yana 171 ta bo‘sh o‘rnini to‘ldirish zarur.
Xavf guruhiga kiruvchi 40 yoshdan oshgan aholini skriningdan o‘tkazish ayrim hududlarda sust bajarilgan.
Birlamchi bo‘g‘indagi dolzarb muammolardan yana biri bu – onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi. Yurtimizda 2010 yilgacha yillik tug‘ilish 600 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 950 mingdan oshgan. Shu bois tug‘ruq o‘rinlari sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu yil 16 iyunda «Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilingan edi. Bu orqali tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqti 3 barobarga, xarajatlar 25 foizga qisqarishi reja qilingan. Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda bu yangi tizim ishga tushirilmoqda.
Lekin qolgan viloyatlarda qurilish ishlari boshlanmagan.
Respublika endokrinologiya, kardiologiya va xirurgiya markazlarining hududlardagi ishi qoniqarli emasligi qayd etildi. Shu bois, 23 ta ixtisoslashgan markaz, viloyat va vazirlik o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish taklifi ilgari surildi. Bunda markazlar hududlarda kasalliklarni erta aniqlash, yuqori texnologik davolash va ularni kamaytirish bo‘yicha, viloyat hokimlari shifoxonolarini yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha, vazirlik esa hududlarda yaxshi natija qilgan shifokor va markaz rahbarlarini rag‘batlantirish bo‘yicha majburiyat oladi.
Tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash borasidagi sustkashliklar ham qayd etildi.
Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hokimlar va soha mutasaddilarining axboroti eshitildi.
Ixtisoslashgan markazlar rahbarlari va shifokorlar kasalliklarning oldini olish, davolash sifatini oshirish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Bulardan kelib chiqib, Prezidentimiz mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.
Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligisha tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bu yil 300 ta mahallada tibbiyot punktlari, kelgusi yil 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar tashkil etib, ularni jihozlash vazifasi qo‘yildi.
Tug‘ruq o‘rinlarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, mavjudlarining sharoitini yaxshilash, tug‘ma nuqsonlarning oldini olish, onalarni foydali dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ixtisoslashgan markazlarda yangi yuqori texnologik davolash usullari joriy etilishi, 640 ta tez yordam mashinasi xarid qilinishi aytildi.
Vazirlar Mahkamasiga hamshiralarni o‘qitish va malakasini oshirish, mehnatini rag‘batlantirish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash masalalarini qamrab olgan qaror loyihasini tayyorlashga topshiriq berildi.