14.10.2022
Hurmatli hamkasblar!
Sizlarni chin dildan samimiy qutlashdan behad xursandman.
Sammitni yuqori darajada tashkil etgani va an’anaviy mehmondo‘stlik uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Kemelevich Toqayev nomiga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Bugungi uchrashuvimiz MDH doirasidagi hamkorlik bo‘yicha asosiy faoliyatimiz yakunlarini sarhisob qilish va kelgusidagi rejalarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Kuni kecha Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash yig‘ilishida biz jahonda yuzaga kelayotgan vaziyat haqida batafsil fikr almashib olgan edik.
Kuchayib borayotgan tanglik va strategik noaniqlik, zamonaviy dunyo tartibotining asoslari va tamoyillariga putur yetayotganini barchamiz qayd etdik.
Oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga qarshi tahdidlar xatarli darajaga yetib, ko‘plab mintaqalarda ijtimoiy larzalar va beqarorlik holatlarini keltirib chiqarmoqda.
Afsuski, Hamdo‘stlik makoni ham bundan chetda qolayotgani yo‘q. Ushbu salbiy tendensiyalarning barchasi barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan umumiy harakatlarimizga to‘sqinlik qilmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, bunday keng ko‘lamdagi muammolarni faqatgina birgalikda hal etish mumkin. Aynan shuning uchun biz MDH maydonidan maksimal darajada foydalanishimiz – Tashkilotimizning mavjud salohiyatini chuqur tahlil qilishimiz va ko‘p qirrali hamkorlikning butun imkoniyatlarini ishga solishimiz lozim.
Hurmatli hamkasblar!
Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, mavjud xatarlarga qaramasdan, biz MDH doirasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga erishmoqdamiz. Xususan, O‘zbekistonning Hamdo‘stlik davlatlari bilan tovar aylanmasi, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, 35 foizga oshdi, joriy yil boshidan buyon esa yana uchdan bir barobar o‘sdi.
Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Birgina so‘nggi oylarning o‘zida MDH mamlakatlaridagi sheriklarimiz bilan 800 dan ortiq yangi korxonalar ishga tushirildi.
Madaniy aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda festivallar, konsertlar, yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Bugungi bosqichda, bizning nazarimizda, umumiy harakatlarimizni quyidagi masalalarning yechimiga qaratishimiz muhimdir.
Birinchi. O‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkor bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar qabul qilishimiz zarur. Biz bu haqda juda ko‘p gapirdik. Endi amaliy harakatlarga o‘tish vaqti keldi.
O‘zbekiston MDH doirasida erkin savdo tartibidagi mavjud cheklovlarni to‘liq bekor qilishga tayyor.
Biz, shuningdek, 2009-yildagi Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga qo‘shilish to‘g‘risida qat’iy qaror qabul qildik. Hamdo‘stlikdagi hamkorlarimizdan ham ana shunday harakatlarni kutib qolamiz.
Qabul qilingan MDHning 2030-yilga qadar mo‘ljallangan iqtisodiy taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish maqsadida turdosh vazirlarimizga o‘zaro savdo o‘sishini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqqan holda, bir oy muddatda maslahatlashuvlar o‘tkazishlari yuzasidan topshiriq berishni taklif etaman.
Ikkinchi. Oziq-ovqat xavfsizligi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Narx-navoning sun’iy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda inflyatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari to‘siqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimdir.
O‘zbekiston o‘z hamkorlarini uzoq muddatli fyuchers shartnomalarini tuzish orqali oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, ertapishar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga tayyor.
O‘z navbatida, biz g‘alla, yog‘-moy va ozuqabop ekinlarning kafolatlangan tarzda yetkazib berilishidan manfaatdormiz.
MDH Hukumat rahbarlari kengashiga talab yuqori bo‘lgan oziq-ovqat tovarlarini kafolatlangan tarzda yetkazib berilishining har yilgi kvotasini kelishish mexanizmini ishlab chiqish va tasdiqlash yuzasidan topshiriq berilishini taklif etamiz.
Uchinchi. Mamlakatlarimizning transport tizimiga bo‘lgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yo‘laklarini hamkorlikda rivojlantirish g‘oyat muhim, deb hisoblaymiz.
Bu o‘rinda gap Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar hamda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha loyihalar haqida bormoqda. Ushbu yo‘llar MDH transkontinental transport tashuvlarining muhim zanjiriga aylanishiga ko‘maklashadi hamda yuklarni olib o‘tishning muddati va narxini bir necha barobar qisqartirib, amaldagi yo‘nalishlarni izchil to‘ldirib boradi.
Ishonchim komilki, transmilliy yo‘laklarning ko‘pvariantli bo‘lishi Hamdo‘stlik davlatlari mahsulotlari uchun keng ko‘lamli yangi bozorlarni ochadi.
To‘rtinchi. O‘zaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlar sohasida qabul qilingan strategik dasturiy hujjatlarni amalga oshirish maqsadida keyingi yil O‘zbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar – innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini o‘tkazishni taklif etamiz.
Anjuman doirasida startap loyihalar va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi, to‘rtinchi avlod jahon sanoat yetakchilari ishtirokida taqdimotlar hamda “mahorat darslari” tashkil etiladi.
Beshinchi. Gumanitar hamkorlik sohasida ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at borasidagi qo‘shma loyiha va dasturlarning amalga oshirilishida yanada faol ko‘maklashish va ishtirok etishga tayyormiz.
2023-yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb e’lon qilish haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatlaymiz.
O‘z navbatida, qadimiy Samarqand shahrini 2024 yilda MDHning madaniyat poytaxti deb, e’lon qilishni taklif etamiz. Bundan tashqari, har yili shaxmat bo‘yicha Hamdo‘stlik ochiq kubogini o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston tomoni bugungi sammitning kun tartibiga kiritilgan hujjatlarning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Biz, shuningdek, Tashkilotning Ijro qo‘mitasi raisi – MDH Ijrochi kotibi Sergey Nikolayevich Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini ma’qullaymiz.
Biz uni tajribali va mas’ul rahbar sifatida yaxshi bilamiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni kengaytirish borasidagi faol sa’y-harakatlarini qadrlaymiz.
So‘zimning yakunida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Nurgojoyevich Japarovga Tashkilotimizga kelgusi yilda qiladigan raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
Ishonamanki, bugungi yig‘ilish yakunlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makonida amaliy hamkorlik samaradorligini oshirishga imkon beradi.
E’tiboringiz uchun tashakkur.