11.10.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-oktabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ishlar, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar xalqni rozi qilishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari har doim “islohotlar natijasini odamlar o‘z hayotida, mahallasida sezsin”, deb talab qo‘yadi.
Shu maqsadda joriy yilgi dasturlar doirasida 4 ming 100 ta mahallani obod qilish, bolalar bog‘chasi, maktab, sog‘liqni saqlash, suv, elektr, kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolarini hal qilishga budjetdan qariyb 29 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.
Buning evaziga 434 ta mahallada ichki yo‘llar ta’mirlandi. 672 ta mahallaga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 34 ta yangi maktab barpo etildi, 338 tasi rekonstruksiya qilinib, 360 tasi ta’mirlandi, ularda qo‘shimcha 78 ming nafar o‘quvchi ta’lim olishiga imkoniyat yaratildi. Shuningdek, 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoqlar yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million aholining elektr ta’minoti yaxshilandi.
Yig‘ilishda bunday ishlarni tizimli davom ettirib, mahallalardagi dolzarb masalalarni hal qilish choralari muhokama qilindi.
– Hech bir fuqaro o‘zining muammolari bilan yolg‘iz qolmasligi kerak. Aholi kayfiyati bu – islohotlarimiz va siyosatimizning ko‘zgusi. Kattami-kichikmi, odamlar aytgan har bir muammoga o‘z vaqtida munosabat bildirish, ularni bosqichma-bosqich hal qilish barcha darajadagi rahbarlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda yurtimizda 9 ming 370 ta mahalla bor. Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, ularning har biriga borilib, aholini qiynayotgan muammolar ro‘yxati shakllantirilgan.
Xususan, yo‘l, ichimlik suvi, sug‘orish tizimi, elektr ta’minoti, ta’lim va tibbiyot bilan bog‘liq 12 mingta masala ko‘tarilgan.
Yig‘ilishda mazkur muammolar yechimini o‘z ichiga olgan aniq vazifalar belgilandi.
4 ming 979 ta mahallada rejalashtirilgan 5 ming 695 ta qurilish-ta’mirlash loyihalari uchun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalariga 1 trillion 700 milliard so‘m yo‘naltirilishi aytildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trillion so‘m ajratiladi.
Mahallalarda turmush sharoitlarini yaxshilashda “Tashabbusli budjet” loyihasi ayni muddao bo‘lmoqda. Joriy yil ikkinchi yarmida bu loyihada 9 ming 201 ta (98 foiz) mahalla ishtirok etdi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 1 ming 221 ta mahalladagi 1 ming 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Prezidentimiz aholi talablarini qanoatlantirish va mahallalarni obod qilish maqsadida “Tashabbusli budjet” loyihasini yanada kengaytirish taklifini bildirdi.
Shu bois, 342 ta mahalladagi 2 mingtadan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, aholi salomatligi muhimligini inobatga olib, mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan viloyat budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham “Tashabbusli budjet” loyihalariga yo‘naltirilishi aytildi. Bu – yana qo‘shimcha 1 trillion so‘m degani.
Umuman, kelgusi yildan boshlab, mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli budjet” orqali aholi istagan loyihalarga ajratilishi belgilandi.
– Kelgusi yil 1-yanvardan “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion so‘mga yetkaziladi. Shunda o‘g‘irlik bo‘lmaydi, adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni, albatta, asrab-avaylaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Yana bir yangilik – har bir mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun kelgusi yildan “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi. Har bir viloyatning soliq undirilishi past bo‘lgan bittadan tumanida, tajriba tariqasida, aholining mol-mulk va yer solig‘ini undirish mahallaning o‘ziga o‘tkaziladi. Bundan tushgan mablag‘ “Mahalla budjeti”da qoladi.
Mutasaddilarga ushbu mablag‘larni shakllantirish, sarflash va nazorat qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yil yakunigacha 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20-oktabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.
– Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim, – dedi Prezident.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarning hisoboti va takliflari eshitildi.