04.10.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Yetakchilar O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari 2021-yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani chinakam tarixiy voqea bo‘lgani hamda xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi rivojiga to‘liq hamohangligini ta’kidladilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar ko‘payganini qayd etdi. Tomonlar kelajakda ikki tomonlama tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazish rejasini ro‘yobga chiqarishga kelishib oldilar.
Viktor Orban Vengriya O‘zbekistonni o‘zining muhim va uzoq muddatli hamkori deb hisoblashini ta’kidladi. Ushbu tashrifning boy dasturi ham o‘zaro muloqotni har tomonlama rivojlantirishga intilish qat’iyligidan dalolat beradi.
Qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli sur’at bag‘ishlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shu maqsadda hukumatlarga ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun tez fursatda qo‘shma fond tuzish topshirildi.
Shu bilan bir qatorda biznes-forum va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazib boriladi, imkoniyatlar maksimal darajada ishga solinadi, o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha yo‘nalishlari qamrab olinadi.
Tomonlar yaqinda o‘tkazilgan biznes-forumning muvaffaqiyatli yakunlari, ya’ni qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangani natijador hamkorlikning aniq amaliy natijasi bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Budapeshtda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Vengriya yetakchilari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.