22.09.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriUy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, ipoteka krediti mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish va kengaytirish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning uy-joylarni sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydi.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
mazkur qarorning 1-bandida ko‘zda tutilgan imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining sakson baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi;
2023-yildan boshlab ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan va rekonstruksiya qilingan mol-mulk unga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran o‘ttiz olti oy ichida begonalashtirilganda, mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan daromadlar belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.
3. 2022-yil 1-noyabrdan boshlab, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga bo‘lingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular bo‘yicha dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya to‘lashga ruxsat berilsin.
4. 2021-yilda yangi tartib asosida ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 2022-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilsin.
5. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining xalqaro moliya tashkilotlaridan Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb etilgan mablag‘lar hisobidan “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga (keyingi o‘rinlarda – Kompaniya) tijorat banklari tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun 3 yil muddatga 12 foiz stavkada va foiz to‘lovlarini har 6 oyda to‘lash sharti bilan 300 milliard so‘mgacha byudjet ssudasini ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Bunda, Kompaniya resurslarni tijorat banklariga 1 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda marja qo‘llagan holda joylashtirsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari yil yakuniga qadar:
uy-joylarni sotib olish va ipoteka kreditlarini rasmiylashtirish jarayonlarida fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida viloyatlar markazlarida Toshkent shahri tajribasi asosida ipoteka markazlarini tashkil etish;
ipoteka markazlarida hududda uy-joy qurilishini amalga oshirayotgan qurilish-pudrat (developer) tashkilotlarining sotuv ofislarini, tijorat banklarining bank burchagi va kassalarini hamda xususiy notarial idoralarni joylashtirish choralarini ko‘rsin.
7. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda aholiga uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish, shuningdek, ipoteka krediti ajratish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.
8. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari I.I.Norqulov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV