20.09.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni islohotlarni yanada jadallashtirish va natijadorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Xalqimizga yaxshi ma’lumki, oxirgi yillar mamlakatimizda tub islohotlar davri bo‘ldi. Ko‘plab sohalarda birinchi navbatdagi muammolar hal etildi.
Xususan, chet el valyutasining erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Soliq tizimi isloh qilinib, soliqlar soni kamaytirildi. Tadbirkorlik uchun imkoniyat kengaytirildi. Bojxona tartiblari soddalashtirildi. Barcha sohalarda axborot texnologiyalari joriy etilmoqda. Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlariga o‘tilayapti. Majburiy va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi.
Hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etish bo‘yicha ham yangi tizimlar joriy qilindi. Ta’lim va tibbiyotda sifatni oshirish choralari ko‘rilmoqda. Umuman, bugungi kunda 100 dan ortiq soha va yo‘nalishlarda islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
Endilikda, jahondagi tez o‘zgaruvchan siyosiy-iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda, barqaror o‘sishni davom ettirish, aholining yashash tarzi va turmush sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida islohotlarning keyingi bosqichini amalga oshirish zarur. Eng asosiysi, bu islohotlarni shoshmasdan, mantiqiy ketma-ketlikda va tizimli qilish kerak.
Shu maqsadda, davlatimiz rahbarining 9-sentabrdagi farmoni bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi.
Yig‘ilishda mazkur Agentlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinib, ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
– Islohotlar natijasida ijobiy o‘zgarish bo‘lishi, odamlar buni o‘z hayotida sezishi kerak. Agentlik buning uchun ustuvor islohotlarni aniqlaydigan, ularni o‘zaro muvofiqlashtiradigan va natijadorlikni ta’minlaydigan tuzilmaga aylanishi lozim, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda shu boradagi asosiy vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. Alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, islohotlarning ustuvorligi va mantiqiy ketma-ketligini belgilash, davlat dasturlari ijrosini monitoring qilish, tizimli muammolarni aniqlash va tegishli choralar ko‘rish shunday muhim vazifalardandir.
Masalan, tahlillar qishloq va suv xo‘jaligi, yer munosabatlari, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, transport, kommunal xo‘jaligi, tibbiyot kabi sohalarda qo‘yilgan maqsadlarga erishilmagаnini ko‘rsatmoqda. Strategik islohotlar agentligi bunday muammolarni tanqidiy tahlil qilib, ishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilaydi.
Ish o‘rinlari ko‘payishi va aholi daromadlari o‘sishi uchun iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini aniqlash ham juda muhim.
Shu bois davlatimiz rahbari aholining barcha qatlamlariga ijobiy ta’sir qiladigan islohotlarni aniqlab, “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bunda aholidan eng ko‘p murojaat bo‘layotgan sohalarga e’tibor qaratish, ular bo‘yicha nimaga erishilishi va xalq nima manfaat ko‘rishini aniq ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi.
Ustuvor sohalarni isloh qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlardan iborat Loyiha guruhlarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.