30.08.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriSo‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida vasiylikka olingan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
“Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida istiqomat qilayotgan bolalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy va maishiy xizmatlar ko‘rsatishning yangilangan tizimini joriy etish orqali ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini (keyingi o‘rinlarda – tibbiy-ijtimoiy muassasalar) Davlat bojxona qo‘mitasiga biriktirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki, Davlat bojxona qo‘mitasi:
tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning infratuzilmasini yaxshilash;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy uslub va ijtimoiy texnologiyalarni tatbiq etish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik va gigiyenik vositalari bilan ta’minlash;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish va ularga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha zarur sharoitlarni yaratish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan shaxslar uchun ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni, shu jumladan, konsert dasturlarini tashkil etish orqali ularni madaniy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlashda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga doimiy ravishda ko‘maklashadi.
3. Davlat bojxona qo‘mitasiga (A.Mavlonov) mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar hamda yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun qo‘mitaning maxsus jamg‘armasi mablag‘larini yo‘naltirish huquqi berilsin.
4. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov):
a) 2023-2024-yillarda Davlat bojxona qo‘mitasi (A.Mavlonov) bilan birgalikda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining hududida videokuzatuv moslamalarini o‘rnatilishini ta’minlasin;
b) 2022-yil 1-oktabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) hamda nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda tasdiqlangan reja-grafik asosida “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylaridagi tarbiyachilarni har yili kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarida o‘qitish tartibini joriy etsin;
v) 2023-yil 1-iyunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda ruhiy va jismoniy rivojlanishida kamchiligi bo‘lgan shaxslarning zamonaviy abilitatsiya va reabilitatsiya muolajalaridan o‘tishi uchun “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari negizida zarur texnologik sharoitlarni yaratsin.
Bunda, ambulator sharoitda davolanayotganlar uchun yangi pedagogik va innovatsion texnologiyalarga asoslangan dasturlar joriy etiladi hamda ota-ona yoki vasiylarga maslahat yordamlari ko‘rsatiladi;
g) 2022-yil yakuniga qadar hamda kelgusida har yili kamida bir marotaba Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida vasiylikka olingan shaxslarni navbatdan tashqari dispanserizatsiyadan o‘tkazishni tashkil etsin hamda natijasiga qarab ularga manzilli tibbiy-profilaktik tadbirlarni belgilasin;
d) Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) bilan birgalikda:
tibbiy-ijtimoiy muassasalarni keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun zarur bo‘ladigan sport asbob-uskunalari, jihozlar va boshqa inventarlar bilan ta’minlasin;
har yili 1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlab “Muruvvat” bolalar uylarining tarbiyalanuvchilari o‘rtasida respublika miqyosida sport musobaqalarini uyushtirsin.
Belgilansinki, sport asbob-uskunalari, jihozlar va boshqa inventarlar xaridi Sportni rivojlantirish vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
ye) Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.Turdiyev) bilan birgalikda har chorakda tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalarning teatr, konsert va muzeylarga tashrif buyurishi hamda taniqli yozuvchi va adiblar bilan madaniy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etsin.
Bunda, madaniy va ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab borilishi tavsiya etilsin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-sentabrdan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasi raisiga bojxona organlari tomonidan aniqlanib, davlat daromadiga o‘tkazilgan tovar moddiy boyliklarni Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining asoslantirilgan so‘rovlariga asosan tibbiy-ijtimoiy muassasalarga beg‘araz topshirish huquqi berilsin.
6. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi hamda Namangan viloyat hokimligining 2022 yilda Namangan viloyatining “Saxovat” internat uyi hududida nuroniylarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish maqsadida kunduzi pullik xizmat ko‘rsatuvchi “Keksalar bog‘i”ni tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Bunda, Namangan viloyati “Saxovat” internat uyining ishchi xodimlari tomonidan doimiy yashovchilari bo‘lmagan keksalarga kunduzgi tibbiy-ijtimoiy va maishiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
7. Belgilansinki, tibbiy-ijtimoiy muassasalarda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish va ularga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish uchun o‘quv ustaxonalari tashkil etiladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) “Saxovat” internat uylarida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshqulov) “Muruvvat” internat uylarida har yili kamida ikki marotaba vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, tikuvchilik va ularning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli bepul курслaрni tashkil etsin.
8. Savdo-sanoat palatasining “Ijtimoiy mahsulot” elektron sotuv platformasini ishlab chiqish va 2023-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan shaxslar tomonidan qo‘l mehnati bilan tayyorlangan mahsulotlarning ko‘rgazma savdolarini muntazam ravishda tashkil qilish amaliyotini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
9. 2022-2025-yillarda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Jizzax viloyati hokimligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasining Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanida tashkil etilayotgan 300 o‘rinli “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyini ajratilgan mablag‘ doirasida ayollar internat uyiga moslashtirish bo‘yicha taklifiga rozilik berilsin.
Jizzax viloyati hokimligi 2022-yil 1-oktabrga qadar:
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanida tashkil etilayotgan “Muruvvat” ayollar internat uyini qurish ishlarini yakunlasin va to‘liq foydalanishga topshirilishini ta’minlasin;
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanida tashkil etilayotgan “Muruvvat” ayollar internat uyini malakali tibbiy va ijtimoiy xodimlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin.
11. Vazirlar Mahkamasi (A.Ramatov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda joriy qurilish va rekonstruksiya ishlari o‘tkaziladigan “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining ro‘yxatini tasdiqlasin. Bunda, foydalanishdan chiqarilgan “Mehribonlik” uylarining binolari va inshootlarida vasiylikka olingan shaxslarga samarali tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish ta’minlansin.
12. Davlat bojxona qo‘mitasi (A.Mavlonov) mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlar ijrosini muvofiqlashtirish, uning samarali tashkil etilishini ta’minlash maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida bojxona organlarining umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida 3 ta shtat birligidan iborat tibbiy-ijtimoiy muassasalar bilan ishlash bo‘limini tashkil etsin.
Bunda, xodimlarning ish haqini to‘lash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
13. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Davlat bojxona qo‘mitasi va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan ushbu qarorning mazmun-mohiyati bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholi o‘rtasida muntazam, tizimli va keng ko‘lamda yoritib borilishini ta’minlasin.
14. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K.Inakov hamda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A.Yu.Mavlonov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV