19.08.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining QaroriMamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash, respublikaning eksport salohiyatini oshirishiva innovatsiyalar joriy qilishda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan biznes vakillarini rag‘batlantirish, shuningdek, 2021-yil 20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.
2. Belgilansinki:
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan tadbirkorlar taqdirlanadi;
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni har yili 20-avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi;
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi.
3. Quyidagilar:
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Vazirlar Mahkamasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonlari va ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini;
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib borilishini ta’minlasin.
5. Moliya vazirligi har yili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini berish, uni tayyorlash hamda “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobini chop etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun Savdo-sanoat palatasining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan tegishli mablag‘larni ajratish choralarini ko‘rsin.
6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev