18.08.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust, Saudiya Arabistoniga davlat tashrifining ikkinchi kunida Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashdi.
Bugungi kunda Islom hamkorlik tashkiloti 1 milliard 700 million aholi yashaydigan 57 ta davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik xalqaro tuzilmalardan biridir. O‘zbekiston IHTga 1996-yilda a’zo bo‘lganidan buyon tashkilot bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy, madaniy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Uchrashuvda ushbu nufuzli xalqaro tuzilma hozirgi zamon xatarlari sharoitida islom qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon xalqlari o‘rtasida hamjihatlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston bilan OIS o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi darajasi, ularni barcha dolzarb yo‘nalishlarda yanada kengaytirish istiqbollari yuksak baholandi.
Husayn Ibrohim Toha O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotida alohida o‘rin tutishi, mamlakatimiz ilgari surayotgan loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. IHT mamlakatlari turizm vazirlari tomonidan Xiva shahri 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilingani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston bundan buyon ham ta’lim, fan, innovatsiyalar sohalarida, iqlim o‘zgarishi masalalarida IHT bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratishi ta’kidlandi.
Oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish kabi muhim ijtimoiy yo‘nalishlarda, shu jumladan IHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashishga kelishib olindi.
O‘zbekistonning fan va ta’lim sohalaridagi boy salohiyati qayd etilar ekan, IHT mamlakatimiz bilan tashkilotga a’zo rivojlanayotgan davlatlarda yoshlarni o‘qitish va malakasini oshirish borasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
“O‘zbekiston – buyuk mutafakkirlar va olimlar yurti, tashkilotimiz bu sohalarda respublikangiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor”, dedi bosh kotib.
Afg‘oniston xalqiga gumanitar ko‘mak ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Termizdagi logistika markazini rivojlantirish orqali ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini yetkazish mumkinligi qayd etildi. Termizdagi Afg‘on yoshlari uchun ta’lim markazi faoliyatiga yuqori baho berildi.
Global, eng avvalo, Orol mintaqasidagi ekologik muammolarni hal qilish masalalari muhokama qilindi. IHT bosh kotibi joriy yil martda Islomobodda IHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Orolbo‘yi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligi to‘g‘risidagi rezolyutsiyalarni qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi.
“Orol dengizi va Chad ko‘lining qurishi bir-biriga o‘xshash muammolardir, ushbu global ekologik xatarlarni bartaraf etish xalqaro hamjamiyat va moliyaviy institutlarni jalb qilishga qaratilgan umumiy hamkorlikni taqozo etadi”, dedi Husayn Ibrohim Toha.
Ularga yechim izlash maqsadida ilmiy va amaliy tajriba almashish, xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti bosh kotibni mamlakatimizga tashrif bilan borishga taklif etdi. Husayn Ibrohim Toha bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi.