25.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkeshni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlik va muloqotlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning 2016-yil 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahriga tashrifi chog‘ida va joriy yil 14-may kuni Pekin shahrida o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro forumi doirasida oliy darajadagi samarali uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yuqori sur’at bag‘ishlagani va yangi imkoniyatlar yaratgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda to‘qimachilik, charm, kimyo va farmatsevtika sohalari, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda, jumladan, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi doirasida yuqori texnologiyali zamonaviy korxonalarni tashkil etish bo‘yicha aniq loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Turizm sohasida o‘zaro hamkorlik, xususan, zamonaviy sayyohlik obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish, birgalikda sayyohlik mahsulotlarini taklif etish, sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya kompaniya hamda korxonalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi va Investitsiya forumi natijalari, o‘zaro sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari va qariyb 2 milliard dollarlik hamkorlik loyihalari belgilangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yildirim Tug‘rul Turkesh Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning yuksak hurmati va ezgu tilaklarini yetkazdi. Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari Turkiya kompaniyalarining mamlakatimizda faoliyat yuritishi qo‘llab-quvvatlanayotgani va yaratilgan qulay sharoitlar uchun Turkiya rahbariyati nomidan minnatdorlik bildirdi va keng ko‘lamli o‘zaro hamkorliknn yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.