27.07.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniRaqamli texnologiyalar orqali tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (keyingi o‘rinlarda – Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining “business.gov.uz” yagona interaktiv portalini quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga (keyingi o‘rinlarda – portal) aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish, hal etish va ushbu jarayonlarni nazorat qilish;
davlat organlari va tashkilotlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida tematik onlayn muhokamalar va so‘rovnomalar o‘tkazish orqali tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish;
qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlarining jamoaviy murojaatlarini qabul qilish;
tadbirkorlik sub’ektlari uchun zarur bo‘lgan xizmatlardan foydalanish, shu jumladan, litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar, kredit, subsidiya, kompensatsiya hamda kafilliklar olish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimlari bilan ulanish.
2. 2022-yil 1-avgustdan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) portalga quyidagilar tomonidan murojaatlar kiritiladi:
tadbirkorlik sub’ektlari;
Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Sall-markaz” xizmati;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – tadbirkorlardan sayyor qabullarda kelib tushgan murojaatlar asosida;
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari. Bunda, hokim yordamchilari tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini mahallaning o‘zida ko‘rib chiqish va hal etish choralarini ko‘radi, mahalla darajasida hal etish imkoniyati mavjud bo‘lmagan murojaatlarni portalga kiritadi;
b) portalga kiritilgan murojaatlar avtomatik ravishda yoki Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan (murojaatda vakolatli organ ko‘rsatilmaganda) tegishli vakolatli organlarga ko‘rib chiqish va hal etish uchun yo‘naltiriladi;
v) vakolatli organlar portal orqali kelib tushgan murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqadi hamda natijalari to‘g‘risida axborotni portalga kiritadi;
g) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil:
portalga kiritilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan raqamli nazorat o‘rnatadi hamda qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli ta’sir choralarini qo‘llaydi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda murojaatlar tahlili asosida hududlar va sohalar kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga har oyda takliflar kiritib boradi.
3. Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qilish sxemasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 101 ta shtat birligi miqdorida belgilansin va ularning qo‘shimcha 15 ta shtat birligi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantirilsin.
5. Belgilansinki:
a) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda har yili 1 fevralga qadar tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida:
tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan tekshiruvlarning qonuniyligi va tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi holati yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy hokimliklar faoliyatida o‘rganishlar o‘tkazadi;
hududlarda sayyor qabullar o‘tkazadi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘tarilgan masalalarni joyida hal qilish choralarini ko‘radi;
vakolatli organlar uchun hududlarga chiqqan holda, tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari bilan ishlash hamda tekshiruvlar o‘tkazish tartibi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etadi;
b) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil har yili 1-martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishining holatiga doir yillik hisobot taqdim etadi.
6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar portal mazkur Farmon talablariga muvofiq takomillashtirilishi va “Elektron hukumat” tizimining idoralararo platformasiga integratsiya qilinishini, shuningdek, portalning Mobile-ID tizimi orqali identifikatsiyalash imkoniyatiga ega mobil versiyasi yaratilishini ta’minlasin.
7. Moliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq 2022-yil 1-sentabrga qadar 2022-yil uchun Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi mablag‘larini shakllantirish uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larni maqbullashtirish hisobiga portalni takomillashtirish, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Sall-markaz” xizmatini moliyalashtirish, shuningdek, mazkur Farmonda nazarda tutilgan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
Bunda, 2023-yildan boshlab portaldan foydalanish va Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Sall-markaz” xizmati faoliyati Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining byudjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
8. Adliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalaridagi faoliyatni tartibga soluvchi talablarni soddalashtirish hamda ushbu sohalardagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ruxsatnomaga ega yer qa’ridan foydalanuvchilarning hamda yer qa’ri davlat fondi kadastriga kiritilgan yer uchastkalarining ro‘yxatlarini shakllantirsin.
Bunda, shakllantirilgan ro‘yxatlarga asosan:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda tegishli yer uchastkalarini Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratsin;
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tegishli yer uchastkalari ajratilgandan so‘ng bir oy muddatda tadbirkorlik sub’ektlariga yer qa’ridan foydalanish maqsadlari uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida taqdim etsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
11. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ikki oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining byudjetdan tashqari jamg‘armasini tashkil qilish, uning mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni.
12. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S.Qosimov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV