22.07.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriMamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ularning tadbirkorlik faolligini oshirish, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorayollarning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi rolini yanada oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-son farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlarining elektron reyestriga kiritilgan nodavlat ta’lim tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – nodavlat ta’lim tashkilotlari), professional ta’lim muassasalari hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining (keyingi o‘rinlarda – Oliy maktab) kasb-hunarga o‘rgatuvchi o‘quv kurslariga yo‘naltirilgan yoshlar va xotin-qizlar uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan uch tomonlama shartnoma asosida o‘quv kurslari qiymatining 70 foizi, biroq 1 million so‘mdan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi;
uch tomonlama shartnoma fuqaro, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari va mazkur bandda ko‘rsatilgan ta’lim tashkilotlari o‘rtasida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchilari) tavsiyasiga ko‘ra tuziladi;
“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni Oliy maktab tomonidan o‘qitish ishlari to‘liq bepul amalga oshiriladi;
nodavlat ta’lim tashkilotlari, professional ta’lim muassasalari hamda Oliy maktabning kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarini yakunlagan ishsiz xotin-qizlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi;
tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarini yakunlagan xotin-qizlarga tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishidan boshlab, o‘z faoliyatini mustaqil olib borishiga qadar bo‘lgan jarayonda hokim yordamchilari tomonidan tizimli ravishda amaliy yordam ko‘rsatib boriladi.
2. Belgilansinki, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ikki oy muddatda mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun subsidiyalar ajratish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar, birinchi navbatda, xotin-qizlarga hokim yordamchisi tavsiyasi asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarining “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan nodavlat ta’lim tashkilotlari va professional ta’lim muassasalarining o‘quv kursi qiymatining qolgan 30 foiz qismi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hududiy boshqarmasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi, tegishliligi bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari yoki professional ta’lim muassasalari va fuqaro o‘rtasida shartnomaga muvofiq oldindan to‘lash orqali qoplab beriladi.
4. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Oliy maktab bilan birgalikda bir oy muddatda:
har bir mahalla kesimida ishsiz deb e’tirof etilgan va ishlash yoki tadbirkorlik qilish istagini bildirgan xotin-qizlarning birlamchi ro‘yxatini shakllantirsin;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari, Oliy maktabining hududiy filiallari, Savdo-sanoat palatasida shakllantirilgan ro‘yxatlarga kiritilgan xotin-qizlarning kasb-hunarga (“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi elektron axborot tizimida mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan kelib chiqqan holda) va tadbirkorlikka o‘qitilishini ta’minlasin;
hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha kurslarni tugatgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasida “Onlayn-mahalla” platformasini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Mehnat.uz” platformasiga integratsiya qilish orqali ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirsin.
5. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori M.M.Ubaydullayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va Z.B.Maxkamova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV