21.07.2022
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi uchrashuvimizning barcha ishtirokchilarini qutlashdan xursandman.
Hurmatli hamkasblarimning so‘zlariga qo‘shilgan holda, Qirg‘iziston Prezidenti muhtaram Sadir Nurg‘ojoyevichga samimiy qabul va sammitni a’lo darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, Maslahat uchrashuvida ilk bor ishtirok etayotgan hurmatli Serdar Gurbanguliyevichni ko‘rib turganimdan mamnunman.
Bugun bir necha bor ta’kidlanganidek, ushbu formatda olib borilayotgan muloqot tufayli do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mintaqamizda mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga muvaffaq bo‘ldik.
Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash bo‘yicha murakkab vazifalarni izchil hal etib kelmoqdamiz.
Bu borada ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi, fuqarolarimizning erkin harakatlanishi, faol madaniy va sayyohlik almashuvlari amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratildi. O‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qilayotgan qulay muhit shakllantirildi.
Faqatgina so‘nggi besh yilda mintaqa ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshdi.
Biz sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ham kirishdik, samarali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratmoqdamiz, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirmoqdamiz.
Eng muhimi – barcha ijobiy o‘zgarishlarni bizning birodar xalqlarimiz his etmoqda.
Muhtaram hamkasblar!
Jahondagi mintaqamizga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan murakkab vaziyat bo‘yicha bugun bildirilgan fikr-mulohazalarni qo‘llab-quvvatlayman.
Xalqaro tartibotning oqibatlarini oldindan aytish qiyin bo‘lgan shiddatli transformatsiya jarayonlari kuzatilmoqda. Biz global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi tobora ortib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli holatlar kuchayib borayotgani natijasida mamlakatlarimiz an’anaviy logistika zanjirlari uzilishi bilan bog‘liq muammoga duch kelmoqda, inflyatsiyaning importi ortmoqda, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga nisbatan xavf-xatarlar bir necha bor ko‘paymoqda. Bunday sharoitda Maslahat uchrashuvlari formati doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish zarurati yanada kuchaymoqda.
Shuni alohida qayd etmoqchiman, butun mintaqamizning tinchligi, barqarorligi va farovonligi jipsligimizga, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligimizga bog‘liq.
Hurmatli davlat rahbarlari!
Ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va amaliy mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida umumiy sa’y-harakatlarimizni quyidagi muhim yo‘nalishlarga qaratishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Birinchisi – iqtisodiy yo‘nalish. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ijobiy o‘sish sur’atlariga qaramasdan, mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyati to‘liq ishga solinmasdan qolmoqda.
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda mintaqa ichidagi savdo ulushiga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi umumiy tovar aylanishining 5 foizidan 10 foizigacha bo‘lgan qismi to‘g‘ri kelmoqda.
Shu munosabat bilan o‘zaro savdoni rag‘batlantirishning yangi shakl va mexanizmlarini faol joriy qilishni taklif etamiz.
Tovar yetkazib berishning qoidalari birxillashtirilgan va tartib-taomillari soddalashtirilgan chegara hududlarida savdo zonalari tizimini yaratish shular jumlasidandir.
Bu borada uchinchi mamlakatlardan qimmat va har doim ham sifatli bo‘lmagan import o‘rnini o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlari hisobidan to‘ldirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tushunish va qo‘llab-quvvatlash muhim.
Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish yana bir muhim vazifadir.
Biznes doiralarimiz mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining raqobat nuqtai nazaridan ustunliklari va bir-birini to‘ldirib turishidan foydalangan holda, ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishdan manfaatdor.
Shu munosabat bilan sanoatni rivojlanish milliy dasturlari asosida Markaziy Osiyoda mahalliylashtirish va import o‘rnini bosish makonini shakllantirish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratishni taklif etaman. Bu mahsulot tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshligini ta’minlash imkonini beradi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik borasidagi salohiyatdan kengroq foydalanish va har yili Markaziy Osiyo hududlari forumini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz.
Shu bilan birga, mintaqaning investitsiya sohasidagi umumiy jozibadorligini oshirish uchun yagona qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga intilish zarur.
Qadrli do‘stlar!
Fursatdan foydalanib, yaqinda O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman.
Ushbu tashabbusning davomi sifatida Hindiston, Pokiston va Xitoy bozorlariga chiqish uchun muqobil transport yo‘laklarini ilgari surish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz.
Hamkasblarimning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan bildirgan takliflarini ham qo‘llab-quvvatlayman.
Shu ma’noda, mamlakatlarimizda yetarli miqdorda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan aholini kafolatli ta’minlashning kompleks tizimini birgalikda ishlab chiqish muhim, deb o‘ylayman. Bu, eng avvalo, boshoqli don, yog‘-moy va ozuqa ekinlari, sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavot, go‘sht-sut va ko‘plab boshqa mahsulotlardir.
Ushbu masalalarda biz, birinchi navbatda, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yshimiz lozim.
Ikkinchi yo‘nalish – ekologiya sohasida ko‘p tomonlama hamkorlik.
Bizning «Markaziy Osiyo uchun «Yashil» kun tartibi» dasturini qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ushbu dastur doirasida asosiy e’tiborni iqtisodiyotni is gazidan xoli qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish; muqobil energetika, eng avvalo, suv, quyosh va shamoldan elektr olishni jadal rivojlantirish, elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berishni tashkil etish; suvni tejaydigan va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga qaratishni taklif etamiz.
Tan olishimiz kerak, «yashil taraqqiyot» masalalarida biz, afsuski, jahonning yetakchi mintaqalaridan ancha orqadamiz.
Uzoq istiqbolda mamlakatlarimizning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun hukumatlarimizga bugungi kunda qabul qilayotgan dasturni amalga oshirish bo‘yicha Aniq chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni topshirish zarur.
Gumanitar yo‘nalishda madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohalarida hamda umumiy tariximizni chuqur o‘rganish borasida hamkorlik dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni kuchaytirishni taklif etaman. Bularning barchasi birodar xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Mamlakatlarimizda Markaziy Osiyo madaniyat, san’at va kino festivalini navbatma-navbat o‘tkazib borishni taklif qilamiz.
Turizm sohasidagi hamkorligimizni kengaytirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratmoqchiman.
Maxsus turizm marshrutlari va mahsulotlarini ishlab chiqish, umumiy piar-kampaniyalarni o‘tkazish orqali mintaqa ichidagi turizmni faol rag‘batlantirib borishimiz lozim.
Shu maqsadda o‘zaro turizm oqimlarini oshirish bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlash uchun qo‘shma ekspertlar guruhini tuzishni taklif etamiz.
Joriy yil may oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo yoshlar forumining samarali yakunlariga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Yoshlarimizning qarash va intilishlari o‘xshashligiga, ularning ulkan intellektual salohiyatiga yana bir bor amin bo‘ldik. Ularning ilg‘or tashabbuslari, kreativ yondashuvlari va startap loyihalarini bundan buyon ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.
Navbatdagi uchrashuvimizgacha Yoshlarga doir siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim tayyorlashni taklif etamiz.
Hurmatli do‘stlar!
Xavfsizlik sohasi – mintaqaviy hamkorligimizning strategik yo‘nalishidir.
Mintaqaviy xavfsizlik bo‘linmas va eng avvalo, bizning sherikligimiz qanchalik samarali yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq ekanini ta’kidlamoqchiman.
Shu ma’noda, ekstremizm va terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik kabi an’anaviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy hamkorligimizni bundan buyon ham kuchaytirib borishimiz zarur.
Ko‘lami tobora ortib borayotgan Internetdagi noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlar alohida e’tibor qaratishimizni taqozo etmoqda.
Bugun ushbu tahdidlar yo‘lida hech qanday chegara yo‘q – ular mobil telefonlar orqali kirib kelmoqda.
Afsuski, O‘zbekistonda yaqinda ro‘y bergan fojiali voqealar bizning rejalarimizni buzishga, mintaqamizda beqaror vaziyatni vujudga keltirishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalishlarda mintaqa mamlakatlarining Xavfsizlik kengashlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirish biz uchun eng muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi kerak.
Biz ushbu mamlakatning eng yaqin qo‘shnilari sifatida bu zamindagi barqarorlikdan birinchi navbatda o‘zimiz manfaatdor bo‘lishimiz lozim. Mazkur muammo xalqaro hamjamiyat tomonidan qanday qabul qilinishi ham ko‘p jihatdan aynan bizga bog‘liq.
Shuningdek, ushbu mamlakat bilan savdo aloqalarini faol rivojlantirish, uni mintaqamizdagi iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish tarafdorimiz.
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi sammitimizning eng muhim natijasi, hech shubhasiz, Markaziy Osiyoning tinchligi va barqaror taraqqiyoti yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami qabul qilinayotganidir.
Hamkasblarimning fikrlariga qo‘shilgan holda, Maslahat uchrashuvi natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi, amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish uchun kuchli sur’at bag‘ishlaydi, deb ishonch bildiraman.
E’tiboringiz uchun rahmat.