22.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etdi.
Sammitda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari va AQSh Prezidenti, BMT, Arab davlatlari ligasi, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi bosh kotiblari qatnashdi.
Forumni Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud ochdi.
Mazkur forum ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish, xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi.
Bu borada mamlakatimizda mustaqillik yillarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan va bugun izchil davom ettirilayotgan tinchlikparvar siyosat bu ezgu intilishlarga tayanch bo‘lmoqda. Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli hududga aylantirilishi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash ishiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1999-yilgi Istanbul sammitida BMT huzurida terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markaz tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. 2001-yil 28-sentabrda BMT Xavfsizlik kengashi doirasida terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasining tashkil etilgani bu g‘oyaning amaldagi natijasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatning huquqiy bazasini, xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan.
O‘zbekiston ayni paytda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilmoqda. 2016-yil kuzida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, ma’rifat va ta’lim bashariyat taraqqiyoti va farovonligining asosiy omillaridan biri ekanini alohida qayd etdi.
Saudiya Arabistoni O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. O‘tgan 25-yil davomida mamlakatlarimiz turli sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Xavfsizlik, ta’lim va qurilish sohalarida sezilarli natijalarga erishilgan. 2010-yil 27-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati o‘rtasida terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga, shuningdek, boshqa jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistondagi bir qancha loyihalarni moliyalashtirib kelmoqda. 2011-yil qishloq joylarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, olis qishloqlardagi 632 maktabda muqobil energiya manbalarini joriy etish, 2015-yil qishloq joylarda namunaviy uy-joy qurish loyihalariga mablag‘lar ajratgan. Sug‘orish tizimlari va yo‘llarni rekonstruksiya qilishga qaratilgan 5 loyihaga 80 million dollar jalb qilingan.
Bunday hamkorlik izchil davom etmoqda.
Sammit doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir qator davlat rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayonini yuqori baholadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif, Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlud Chovusho‘g‘li bilan uchrashib, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Islom taraqqiyot banki Prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan ITB o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng ko‘lamli hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi.
Islom taraqqiyot banki mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, yo‘l infratuzilmasi, kommunal soha uchun 1,4 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.
Ayni vaqtda O‘zbekiston – Islom taraqqiyot banki hamkorlik strategiyasi doirasida 2017-2019-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 1,4 milliard dollarlik 21 loyiha ustida ish olib borilmoqda.
Hamkorlikni yanada taraqqiy ettirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Yangi loyihalar tuzish, sheriklik ko‘lamini kengaytirish maqsadida turli darajadagi delegatsiyalar almashuvi bo‘yicha aniq harakat dasturini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida insoniyat taraqqiyotiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda ITBning ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tuzish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.