07.07.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriPaxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi (keyingi o‘rinlarda – Paxtachilik kengashi) tashkil etilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Paxtachilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga topshiriqlar (ko‘rsatmalar, buyurtmalar) berish;
tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va organik o‘g‘itlar bo‘yicha tavsiyalar berish;
g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarador preparatlarni qo‘llash yuzasidan ko‘rsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish;
klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos g‘o‘za navlarini ekish va urug‘larini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik o‘g‘itlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish;
xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urug‘chilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish;
paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining Reglamenti 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining boshqaruv guruhi tarkibi 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan paxtachilik yo‘nalishidagi loyihalar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-martdagi “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–179-son qaroriga asosan:
2022-2023-yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatni yaxshilash uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan o‘tkaziladigan 13 ta tumanlar ro‘yxati tasdiqlanganligi;
2022-2023-yillarda sinov tariqasida tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni va sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etish uchun Davlat byudjeti hisobidan har bir gektar maydonga bir million so‘mdan subsidiya ajratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Paxtachilik kengashi o‘ziga yuklatilgan vazifalarni dastlab sinov tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-martdagi “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–179-son qaroriga 1-ilovada nazarda tutilgan 13 ta tumanlarda amalga oshiradi.
4. Paxtachilik kengashi bir hafta muddatda paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlari tashkil etiladigan 13 ta tumanlarning har biri bo‘yicha ishchi guruhlari tarkiblarini tasdiqlasin.
Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyat hokimlari 13 ta tumanlar ishchi guruhlari faoliyatining samarali tashkil etilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
5. Paxta hosildorligini oshirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi joriy qilinsin:
a) tuman ishchi guruhlari paxta ekilgan maydonlarda joyiga chiqqan holda tahlillar asosida urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, biostimulyatorlarni qo‘llash, o‘g‘itlash, g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish hamda samarali sug‘orish bo‘yicha hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos takliflarni Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhiga taqdim qiladi;
b) Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhi taqdim etilgan takliflarni tahlil qilib umumlashtirgan holda Paxtachilik kengashiga taqdim qiladi;
v) Paxtachilik kengashi:
hududda ekilgan paxta navlarining hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos maqbulini tanlash, shuningdek, agrotexnik tadbirlarning to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash;
paxta ekilgan maydonlardagi tuproqning unumdorligini oshirish va samarali yer tayyorlashni tashkil qilish;
paxta ekilgan maydonlarda organik va mineral o‘g‘itlarning qo‘llanilishini yaxshilash;
paxta ekilgan maydonlarda g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
paxta ekilgan maydonlarda zamonaviy biostimulyatorlarni qo‘llash;
paxta yetishtirish jarayonida samarali sug‘orish tizimini va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
g) Paxtachilik kengashining unga yuklatilgan vazifalarga asosan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari majburiy hisoblanadi;
d) Paxtachilik kengashi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha:
Paxtachilik kengashi raisi (I.Yu.Abduraxmonov) kengashga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot beradi;
Paxtachilik kengashi raisiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish vakolati beriladi;
Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi a’zolariga hamda Paxtachilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13 ta tumanlar ishchi guruhlari a’zolariga 6-ilovaga muvofiq miqdorlarda ish haqi to‘lanadi. Bunda to‘lovlar Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi;
mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash muayyan ishni bajarish uchun tuziladigan mehnat shartnomalariga asosan mutaxassislar bilan kelishilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
6. Innovatsion rivojlanish vazirligiga joriy yil yakuniga qadar “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi (I.Haydarov) Uyushmaning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 10 milliard so‘m hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi hisobidan 10 milliard so‘m ajratsin.
Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan mablag‘lar Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi a’zolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari a’zolariga ish haqi to‘lash, shuningdek, Paxtachilik kengashiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
7. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari 13 ta tumanlar ishchi guruhlari faoliyatining samarali tashkil etilishiga ko‘maklashsin;
b) “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi (I.Haydarov) Uyushmaning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi hisobidan mazkur qarorga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligiga mablag‘lar o‘tkazib berilishini ta’minlasin;
v) Paxtachilik kengashi raisi I.Yu. Abduraxmonov:
Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi a’zolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari a’zolariga ish haqi o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda to‘lanishini ta’minlasin;
13 ta tumanlarda amalga oshirilgan ijobiy natijalar asosida mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish choralarini ko‘rsin.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda – Markaz) faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Markazni Paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi etib belgilash;
Paxtachilik kengashining sohaga doir ko‘rsatma va tavsiyalariga asosan Markaz faoliyatini takomillashtirib borish;
Paxtachilik kengashi raisini Markaz Kuzatuv kengashi tarkibiga kiritish.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
10. Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV