28.06.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniSoliq qonunchiligi talablarini yengillashtirish hamda soliq ma’muriyatchiligining yangi vositalarini samarali joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tadbirkorlik sub’ektlarining soliq yukini kamaytirish va biznes yuritishni soddalashtirish maqsadida:
1. 2022-yil 1-iyuldan bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish ob’ektlariga (foydalanilmayotgan ob’ektlar) hamda ushbu ob’ektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish tartibi (ta’sirchan soliq mexanizmi) bekor qilinsin.
2. Belgilansinki, 2023-yil 1-martga qadar:
hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida olingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga yoxud faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga va amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lmagan identifikatsiya kodlarini aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima solinmaydi;
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni soliq organlarining “E-aktiv” axborot tizimida aks ettirish ixtiyoriy hisoblanadi.
3. 2022-yil 1-iyuldan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
majburiy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida e’tirof etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda beriladi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati soliq organlari tomonidan monitoring qilib boriladi va monitoring davomida soliq xavfi holatlarining aniqlanishi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib qo‘yishga asos bo‘ladi;
soliq xavfining yuqori darajasiga ega soliq to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomaning amal qilishi bu haqida soliq organlari tomonidan besh ish kuni oldin xabarnoma yuborilgandan so‘ng hamda mazkur muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda to‘xtatib turiladi (bundan amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga muvofiq kelmasligi yoki soliq to‘lovchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan manzilda mavjud bo‘lmaganligi holatlari mustasno).
4. Davlat soliq qo‘mitasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Jamoatchilik kengashi muhokamalarida ko‘tarilgan masalalar asosida soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin hamda soliq organlarining axborot tizimlarini takomillashtirib borsin;
mazkur farmonning mazmun-mohiyati, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligida joriy etilgan so‘nggi o‘zgarishlar to‘g‘risida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga keng tushuntirish ishlarini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i orqali tizimli ravishda tashkil etsin;
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D.Kudbiyev belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV