24.06.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan bugun, 24-iyun kuni, “BRIKS plyus” formatidagi Global rivojlanish masalalari bo‘yicha yuqori darajali muloqotda ishtirok etadi.
Xitoy tomonining raisligida onlayn shaklda o‘tkaziladigan tadbirda BRIKS guruhi mamlakatlari – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasining davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, Argentina, Indoneziya, Jazoir, Malayziya, Misr, Eron, Qozog‘iston rahbarlari ham ishtirok etadi. Jami 18 ta mamlakat delegatsiyalari qatnashishi kutilmoqda.
Forum kun tartibidan 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish borasidagi global sheriklikni mustahkamlash masalalari o‘rin olgan. Eng avvalo, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, gumanitar almashinuv sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishishda keng xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tadi.
Ta’kidlash joizki, yangi “BRIKS plyus” formati BRIKS guruhiga a’zo davlatlarning boshqa yetakchi rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan.
Forum o‘zaro savdo va investitsiyalarni ilgari surish, ilg‘or texnologiyalar va bilimlarni transfer qilish, kooperatsiya aloqalarini va transport-kommunikatsiya bog‘liqligini rivojlantirish, xavfsizlik sohasida konstruktiv muloqotni mustahkamlashda katta o‘rin tutadi.
BRIKS mamlakatlarida 3 milliarddan ziyod aholi istiqomat qiladi, ularning hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 25 foizga yaqini, global savdoning qariyb 20 foizi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning 25 foizi to‘g‘ri keladi.