13.06.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-iyun kuni standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasidagi samaradorlikni oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Iste’mol madaniyati rivojlangan bugungi kunda sifat birinchi o‘ringa chiqmoqda. Bu borada butun dunyoga tushunarli “til” bu – standart.
Mamlakatimizda ham barcha sohalarda xalqaro andozalar joriy etilmoqda. Masalan, qishloq xo‘jaligi korxonalarida “Global G.A.P.” va “Organic”, to‘qimachilikda “Oeko-Tex” standarti asosida mahsulotlar tayyorlanmoqda. “GSP+” tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotlarni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratildi.
Bu sohada jahon bozoriga muvofiqlikni ta’minlash maqsadida, davlatimiz rahbarining 2021-yil 2-iyundagi farmoniga asosan, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga o‘tkazilib, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi sifatida qayta tashkil etilgan edi.
Lekin bu sohaning o‘zida sifatni oshirish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, ishlab chiqaruvchilarga yo‘l ko‘rsatib, eksportni ko‘paytirish bo‘yicha hali o‘zgarish sezilmayapti. Standart, karantin, veterinariya idoralari hamda gigiyenik laboratoriyalar yagona siyosat yuritmasdan, tadbirkorga ko‘makchi bo‘lmayapti. Hududlarda 150 ta laboratoriyaga ehtiyoj mavjud. Misol uchun, quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil tahlil qiladigan laboratoriya kerak. Lekin, birontayam bunday muassasa yo‘q. Ko‘p tadbirkorlar bu muammolarni mahsulotini Yevropaga olib borganidan keyin bilayapti.
Shu bois yig‘ilishda standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalarida samaradorlikni oshirish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va tarmoq rahbarlariga har bir mahsulot bo‘yicha masalani chuqur o‘rganib, kerakli standartlarni joriy qilish va laboratoriyalarni yangilash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali xalqaro standartlarga mos korxonalar sonini 3 baravar oshirib, 1 ming 200 taga yetkazish mumkin.
Xususan, Chirchiqdagi “O‘zteks” korxonasida mahsulotlarni Yevropa talablari asosida sinovdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgach, eksporti oshgan. Prezident bunday laboratoriyalarni to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektr texnikasi, mashinasozlik va kimyo sanoati korxonalarida ham tashkil qilish zarurligini ta’kidladi.
Yil yakunigacha sanoat sohalari bo‘yicha 27 ta xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etib, tadbirkorlarni Yevropa bozoriga olib chiqish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Agrar tarmoqda ham ijobiy tajribalar bor. Masalan, Samarqand tumanidagi “Sam frut” korxonasida meva-sabzavot va ko‘katlarni daladan eksportga tayyorlashgacha bo‘lgan jarayon xalqaro talablar asosida tashkil etilgan. Bu yil korxona Yevropaga 10 million dollar eksport qilishni rejalagan.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga viloyat hokimlari bilan birga, meva-sabzavot yetishtirilayotgan 200 ming gektar maydonni xalqaro talablarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston va viloyat markazlaridagi 14 ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, 13 ta hududiy agrokimyo laboratoriyasini zamonaviy jihozlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlat bojxona qo‘mitasiga eksport, import va tranzit bo‘yicha barcha sertifikat va ruxsatnomalarni “Yagona darcha” axborot tizimi orqali yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Korxona va tashkilotlarning 3 ming nafar mutaxassislarini standartlashtirish sohasi bo‘yicha qo‘shimcha o‘qitish muhimligi qayd etildi.