06.06.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriMamlakatimiz dovrug‘ini dunyoga tanitish borasida yoshlarning qo‘lga kiritgan yutuqlarini, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish orqali mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5114-son qarorida belgilangan paralimpiya harakatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etish maqsadida:
1. Paralimpiyachilarning matonat maktabi (keyingi o‘rinlarda – Matonat maktabi) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Matonat maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘lga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish sohasida:
ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari hamda mahallarda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etib, paralimpiyachilarning o‘z hayot yo‘llarida qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tganliklari haqida suhbatlar o‘tkazish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlarda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari shaxs sifatlarini, shuningdek, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirishga ko‘maklashish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlar ijtimoiy hayotining turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat organlari va tashkilotlariga taklif va tavsiyalar kiritish;
ona Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bog‘liq eng muhim tushunchalar, hayotiy va professional ko‘nikmalarni ilm-ma’rifat asosida yoshlarning qalbi va ongiga singdirib borish;
yoshlarga yuqori natijalarga erishgan shaxslarni o‘rnak qilib ko‘rsatish orqali ularni matonatli etib tarbiyalash, shu maqsadda ilmiy-amaliy anjumanlar, savol-javob, kitobxonlik kechalari, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tashkil etish;
yoshlarda qadimiy tariximiz va madaniyatimiz bilan, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirishga ko‘maklashish;
b) yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasida:
o‘sib kelayotgan yosh avlodni paralimpiya sport turlariga jalb etish, ularni “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida maxsus ta’lim muassasalarida hamda mahallalarda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini o‘tkazishda qatnashish;
iqtidorli yoshlarni tanlab olish, ularni parasport turlariga yo‘naltirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirish;
yoshlarning xalqaro parasport tadbirlari va musobaqalari, forum va konferensiyalardagi ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashish.
3. Belgilansinki:
Matonat maktabi O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil qilinadi;
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Matonat maktabiga rahbarlik qiladi;
Matonat maktabi faoliyatini moliyalashtirish manbalari bo‘lib Davlat byudjeti mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;
Matonat maktabining tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga qo‘shimcha 2 ta shtat birligi ajratiladi;
Matonat maktabiga hududlarga borib kelish va tadbirlarda ishtirok etish uchun 1 ta yengil avtomobil, 1 ta avtobusni xarid qilish uchun mablag‘lar va ularni saqlash uchun limit ajratiladi.
4. Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi etib qayta nomlansin va uning yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
Matonat maktabining yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘lga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish sohasidagi faoliyati Mudofaa vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
Matonat maktabining yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasidagi faoliyati Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov) va Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Matonat maktabining asosiy vazifalari samarali va to‘liq ro‘yobga chiqarilishida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga yaqindan ko‘maklashsin.
6. Matonat maktabi faoliyatini tashkil qilishning quyidagi tartibi joriy qilinsin:
a) har yili 1-dekabrga qadar Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tarkibiga kiritilgan vazirlik, idora, hokimliklar va jamoat tashkilotlari tegishli namuna bo‘yicha ishlab chiqilgan kelgusi yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga taqdim etadi;
b) O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi Mudofaa vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda chora-tadbirlar rejalarini Matonat maktabining asosiy vazifalari, mazkur qarorning 5-bandida ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar, shuningdek, boshqa dolzarb masalalarni hisobga olgan holda umumlashtiradi hamda kompleks reja loyihasini tayyorlaydi;
v) O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi har yili 20-dekabrga qadar kompleks reja loyihasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun, shuningdek, qabul qilingan kompleks rejaning ijrosi bo‘yicha yig‘ma axborotni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
g) Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi (A.N.Aripov):
vazirliklar, idoralar, hokimliklar va boshqa tashkilotlarning mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosi haqidagi hisobotlarini eshitadi;
Kengash yig‘ilishida kompleks reja loyihasini ko‘rib chiqadi va har yili 1-fevralga qadar tasdiqlaydi;
Matonat maktabi faoliyatini samarali tashkil etishda barcha vazirlik, idora, hokimlik va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
d) Mudofaa vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda kompleks reja ijrosi ustidan doimiy nazorat olib boradi.
7. Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi (A.N.Aripov) uch hafta muddatda Matonat maktabida 2022-yil davomida quyidagilar amalga oshirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va uning tizimli ravishda amalga oshirilishini ta’minlasin:
a) Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov) tomonidan:
yoshlarning, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini, milliy armiyamiz bilan faxrlanish, davlat xavfsizligini himoya qilish uchun mas’uliyat tuyg‘usini chuqur singdirish;
yoshlarga mamlakatimizning mudofaa salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun va mohiyatini tizimli ravishda yetkazish hamda dunyoda sodir bo‘layotgan globallashuv jarayonlariga nisbatan ularda ongli munosabat va faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, burchga sadoqat, mas’uliyat, fidoyilikni oshirish;
yoshlarning, shu jumladan, paralimpiyachilarning harbiy qismlarga ekskursiyalar va ko‘rgazmali tashriflarini tashkil etish;
Vatan ozodligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targ‘ib etish asosida yoshlarda “Yangi O‘zbekiston – yangi g‘alabalar sari” degan hayotiy e’tiqodni qaror toptirish;
b) Milliy gvardiya (R.Djurayev) tomonidan:
terrorizmga qarshi kurashishda hamda terrorchilik harakatlarining oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etib, mardonavor halok bo‘lgan askarlarning ibratli hayotini keng targ‘ib etish;
yoshlarning, shu jumladan, paralimpiyachilarning Temurbeklar maktablari, oliy harbiy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning maxsus guruhlari va harbiy qismlarga ekskursiyalar va ko‘rgazmali tashriflarini tashkil etish;
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ular erishgan yutuq va natijalarni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
“Temurbek vorislari” harbiy-sport o‘yinlarini bosqichma-bosqich tashkil etish, ularga jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni jalb qilish;
v) Kinematografiya agentligi (F.Abduxalikov) tomonidan:
yoshlarga mo‘ljallangan badiiy, multiplikatsion va qisqa metrajli filmlar ishlab chiqarilishini kengaytirish;
yoshlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ilmiy va ijtimoiy islohotlardagi ishtirokini aks ettiradigan va daxldorlik tuyg‘usini shakllantiradigan turli janr va mavzularda filmlar yaratish;
yoshlarning sportga kirib kelishidan boshlab ularning yuqori natijalarga erishish yo‘li, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va bugungi kundagi hayoti to‘g‘risida qisqa metrajli badiiy va hujjatli filmlar, videoroliklar tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlash;
yoshlar hayoti, ularning orzu-intilishlari, o‘y-havaslarini ifodalovchi filmlar ishlab chiqarilishini tashkil etish;
tayyorlangan filmlarni yoshlar orasida keng targ‘ib va tashviq qilish choralarini ko‘rish;
g) Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) tomonidan:
yoshlarda, xususan uyushmagan yoshlarda tarixiy xotira, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash, ro‘y berayotgan voqealarga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish;
yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning zamonaviy kasblarni egallashga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash;
iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;
yoshlar, xususan uyushmagan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb qilish;
yoshlarni, xususan uyushmagan yoshlarni diniy-ekstremistik va boshqa buzg‘unchi tashkilotlar ta’siridan, chetdan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sir va tahdidlardan asrash;
d) O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (S.Sayyid) tomonidan:
katta iste’dod va yuksak fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan keksa avlod vakillarining ijodiy salohiyati va mahoratidan yoshlarni keng bahramand etish;
yosh iste’dod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish;
mumtoz adabiyotimizni, buyuk namoyandalarning asarlarini yoshlarga yanada yaqinlashtirish;
yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan “Do‘rmon”, “Parkent” va “Zomin” ijod uylarida taniqli yozuvchilar, shoirlar ishtirokidagi uchrashuvlarni tashkil etish;
mahallalar, ta’lim muassasalarida yoshlar, shu jumladan, paralimpiyachilar ishtirokida muntazam ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, shuningdek, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish;
e) “Nuroniy” jamg‘armasi (S.Turdiyev) tomonidan:
oqsoqollar, keksa yoshdagi mahalla faollarini yoshlarni Vatanga muhabbat, keksalarni e’zozlash, ezgulik va rahmdillik singari xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda yoshlarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning birinchi navbatdagi ehtiyojlari qondirilishida har tomonlama yordam berish;
taniqli keksa yozuvchilar, artistlar, xonandalar, sport faxriylari, rassomlar va ijodkor ziyolilarning boshqa vakillarini taklif etgan holda yoshlar o‘rtasida ijodiy kechalar tashkil etish;
j) O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) tomonidan:
yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar va paralimpiyachilarning ibratli hayot yo‘llari va qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tganliklari hamda g‘alaba qozonganligi haqidagi uchrashuv va suhbatlarni keng yoritish;
mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish va tematik teleradiodasturlar tayyorlash;
paralimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati (kubogi), mamlakatimizda o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro musobaqalar (turnirlar)ni ommaviy axborot vositalarida yoritib borish.
8. O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligining:
Toshkent shahri, A.Qodiriy ko‘chasida joylashgan piyodalar yurish va dam olish maskanida Paralimpiyachilar bog‘ini tashkil etish;
Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan bekatlaridan biriga “Paralimpiya harakati” nomini berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Belgilab qo‘yilsinki, Matonat maktabi bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini dunyo mamlakatlariga targ‘ib etish maqsadida 2023 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Toshkent shahrida “Paralimpiyachilar matonati” xalqaro forumi o‘tkaziladi.
10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
2022-yil 1-iyuldan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari hisobida turgan 10-35 yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda fuqarolarning murojaatiga ko‘ra nogironlik guruhi belgilangan sportchilar haqidagi ma’lumotlar har chorakda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga taqdim etiladi;
2023-yil 1-yanvardan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari xulosalari asosida nogironlik guruhi belgilangan barcha 10-35 yoshdagi shaxslarning elektron ma’lumotlari har chorakda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga yuboriladi;
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari xulosalari asosida nogironlik guruhi belgilangan 10-35 yoshdagi shaxslarni paralimpiya sport turlariga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib boradi.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.Tashxodjayev) zimmasiga mazkur bandda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali tashkil qilish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat yuklatilsin.
11. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar Matonat maktabi bilan hamkorlikda quyidagilarni 2022/2023-o‘quv yili boshlanishiga qadar amalga oshirsin:
ta’lim jarayonida sog‘lom o‘quvchi va talabalar bilan bir qatorda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchi va talabalarning aqliy hamda ijtimoiy salohiyatlarini rivojlantirish;
rivojlanishning turli imkoniyatlariga ega bo‘lgan o‘quvchi va talabalar uchun har qanday kamsitilishni istisno qiladigan, barcha o‘quvchi va talabalarga teng munosabatda bo‘lishni ta’minlaydigan yagona moslashtirilgan ijtimoiy muhitni yaratish;
jamoatchilik hamda ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilarida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchi va talabalar muammolariga nisbatan bag‘rikenglik munosabatini shakllantirish;
Madaniyat vazirligi bilan birgalikda o‘quvchi va talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ularning qiziqishlarini inobatga olgan holda musiqa, rassomchilik, tasviriy san’at, kulolchilik va boshqa to‘garaklarni tashkil etish.
12. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar), “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Muruvvat” internat uylarida paralimpiya sport turlari, shu jumladan, parastol tennisi, paradzyudo, golbol, 5x5 futbol, parayengil atletika, bochcha, parapauerlifting, paraqilichbozlik sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratsin hamda ularni zaruriy sport jihozlari va formalari bilan ta’minlasin.
13. Quyidagilar:
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar), “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari uchun sport jihozlari va formalarini xarid qilish maqsadida vazirlikka ajratilgan byudjet mablag‘larining iqtisod qilingan qismidan yil yakuniga qadar 2 milliard so‘mgacha;
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) “Muruvvat” internat uylari uchun sport jihozlari va formalarini xarid qilish maqsadida vazirlikka ajratilgan byudjet mablag‘larining iqtisod qilingan qismidan yil yakuniga qadar 1 milliard so‘mgacha yo‘naltirsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2023-yildagi Davlat byudjetining parametrlarini shakllantirishda mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 3 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan mablag‘larni nazarda tutsin.
Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Xalq ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar), “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda “Muruvvat” internat uylaridagi nogironligi bo‘lgan bolalarni doimiy ravishda hududlardagi sport-ta’lim muassasalarida (sport maktablari, Olimpiya va Paralimpiya kollejlari va boshqalar) belgilangan parasport turlariga jalb qilish choralarini ko‘rsin.
14. Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi Matonat maktabining samarali faoliyat olib borishi uchun yetarli sharoit hamda multimedia mahsulotlari, adabiyotlar, buklet, banner va boshqa kreativ targ‘ib qiluvchi materiallar bilan ta’minlasin.
15. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov), Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.Tashxodjayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarning ta’lim olgan muassasalarida “Matonatli sportchilarimiz – faxrimiz” xonalarini tashkil etsin.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Matonat maktabi ishchi guruhlarining hududlarda samarali faoliyat olib borishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish;
Matonat maktabi tomonidan amalga oshiriladigan targ‘ibot-tashviqot ishlarini manzilli tashkil etish va tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish;
tuman (shahar)lar tarixiy muzeylarida Paralimpiya, Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilarga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar tashkil etish choralarini ko‘rsin.
17. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur qarorda belgilangan Matonat maktabi faoliyatini tashkil qilish bilan bog‘liq zarur mablag‘larni 2022 yil respublika byudjetida ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida, 2023-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin.
18. Matonat maktabi Toshkent shahri, Beshyog‘och ko‘chasi, 126-uy manzili bo‘yicha joylashtirilsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5114-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib mudofaa vaziri B.N.Kurbanov, sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi M.M.Tashxodjayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV