30.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriSo‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali ularni raqamlashtirish, buning natijasida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada kuchaytirish va bir qator sohalar vakillari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalar amalga oshirilishining tizimliligi va izchilligini ta’minlash, buning doirasida advokatura faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqish zarurati mavjud.
Advokatura faoliyatida ortiqcha sansalorlik, byurokratiya hamda qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, uning faoliyatida sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shuningdek, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:
1. Quyidagilar advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning ustuvor vazifalari etib belgilansin:
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va inson omilini bartaraf etish orqali advokatura institutining davlat organlari va boshqa tuzilmalardan mustaqilligini oshirish;
advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash maqsadida advokatura, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish;
advokatlar tomonidan maxsus axborot dasturi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga onlayn yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish;
advokatura faoliyati uchun zarur axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlarni shakllantirish hamda ularda saqlanadigan ma’lumotlarning kompleks himoya qilinishi va maxfiyligini ta’minlash choralarini ko‘rish.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
a) advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish, talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishining amaldagi tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va rasmiylashtirib boriladi.
Bunda:
talabgorning malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganligi haqidagi qaror va tegishli hujjatlar “Litsenziya” axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi va advokatlarning elektron reyestriga kiritiladi;
malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga advokatlik litsenziyasini olish uchun tegishli adliya organiga murojaat qilmasdan istalgan vaqtda “Litsenziya” axborot tizimi orqali olish imkoniyati yaratiladi;
litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan holatlar “Litsenziya” axborot tizimida avtomatik ravishda qayd etib boriladi;
b) advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.
Bunda:
advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (hisobga olish), qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish (hisobdan chiqarish) uchun zarur hujjatlar elektron tarzda O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kiritiladi;
advokatlik tuzilmalarining ta’sis hujjatlarini adliya organining muhri bilan tasdiqlash, “ro‘yxatdan o‘tkazilgan” belgisini qo‘yish amaliyoti bekor qilinib, ularga elektron QR-kod va identifikatsiya raqamlarini berish tartibi joriy etiladi;
advokatlik tuzilmasi nomini ro‘yxatdan o‘tkazishda bir xil yoki o‘xshash nomlarning yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumot onlayn tarzda olinadi;
v) advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Bunda:
malaka imtihonini topshirish uchun tegishli hujjatlarning qog‘oz shaklini talabgordan olish tartibi bekor qilinadi va ularni elektron tarzda yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgorning belgilangan talablarga mosligini tekshirgan holda imtihon vaqti va joyi haqida elektron xabar berish tartibi joriy etiladi;
advokatlik guvohnomasini maxsus QR-kod qo‘yilgan holda berish tartibi joriy etilib, bu orqali advokatning maqomi haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Adliya vazirligi (R. Davletov) uch oy muddatda:
advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning (hisobga olishning) amaldagi tartibini qayta ko‘rib chiqsin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda mazkur bandda nazarda tutilgan tartibni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish hamda zarur bo‘lgan tashkiliy-texnik tadbirlarni bajarish choralarini ko‘rsin.
3. Adliya vazirligining 2023-yil 1-yanvardan fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimini ishga tushirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, “Yuridik yordam” axborot tizimi doirasida:
advokatlar elektron reyestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantiriladi;
advokatning shaxsiy elektron kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonch bildiruvchi shaxs xohishiga asosan masofadan turib yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi;
advokatura, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi (bundan qonun bilan muhofaza qilinadigan sirni tashkil etuvchi axborotlar mustasno);
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlari yoki sud majlisi o‘tkazilish vaqti va joyi to‘g‘risida advokatga elektron xabar berish imkoniyati yaratiladi;
advokat so‘rovini elektron yuborish va advokat so‘rovi asosida yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
advokatning o‘z arizasiga ko‘ra advokatlik maqomini to‘xtatib turish elektron tarzda advokat tomonidan xabarnoma berish shaklida amalga oshiriladi.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-fevraldan boshlab:
a) advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatlarga muayyan ishni olib borish uchun beriladigan an’anaviy shakldagi order (keyingi o‘rinlarda – order) maqomiga teng bo‘lgan maxsus QR-kod qo‘yilgan “Elektron advokatlik orderi”ni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
Bunda:
advokatlik tuzilmasi tomonidan ishonch bildiruvchi shaxs bilan tuzilgan barcha shartnomalarning faqat rekvizitlari (shartnoma raqami va uning tuzilgan sanasi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi va bu QR-kod qo‘yilgan “Elektron advokatlik orderi”ni olish uchun asos bo‘ladi;
advokat so‘rovi yuborilgan davlat organi yoki tashkilot, tegishli ishni ko‘rib chiqayotgan sud yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan advokatning muayyan ishga vakolatliligini aniqlash muqobil ravishda QR-kod qo‘yilgan “Elektron advokatlik orderi” orqali ham amalga oshirilishi imkoniyati yaratiladi;
b) order muqobillik asosida qog‘oz shaklda rasmiylashtirilganida, ushbu order haqidagi ma’lumotni “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritish majburiy hisoblanadi;
v) advokat so‘rovi shakliga qo‘yilgan talablar, shu jumladan, unga orderning ko‘chirma nusxasini ilova qilish, orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilinadi.
5. Belgilab qo‘yilsinki, “Yuridik yordam” axborot tizimi joriy etilishi munosabati bilan:
davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz, elektron tartibda tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanadi;
advokatlarning onlayn malaka oshirishini tashkil etish va malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi;
advokatlik tuzilmalaridan statistik ma’lumotlarni an’anaviy shaklda yig‘ish bekor qilinib, statistik ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtiriladi.
Adliya vazirligi (R.Davletov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar “Yuridik yordam” axborot tizimi faoliyati tartibi to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasi tasdiqlanishini, mazkur tizimning ishga tushirilishini, shuningdek, uning maxsus mobil ilovasi yaratilishini ta’minlasin.
Adliya vazirligi “Yuridik yordam” axborot tizimining boshqa axborot-kommunikatsiya tizimlari bilan integratsiya qilinishi, uning uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligi ta’minlanishi hamda advokatlik siri oshkor etilmasligini ta’minlash uchun mas’ul davlat boshqaruvi organi etib belgilansin.
6. “Yuridik yordam” axborot tizimini ishga tushirish, unga texnik xizmat ko‘rsatish va uni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilsin.
7. Adliya vazirligi Advokatlar palatasi bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar “Yuridik yordam” axborot tizimi joriy etilishi munosabati bilan advokatlarning kasbiy tayyorgarligi va malaka oshirish dasturlariga advokatlarning raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish masalalarini kiritish choralarini ko‘rsin.
8. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q. Davletov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi B.D. Islamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV