27.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriMamlakatimizdagi muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning marketing siyosati va xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish, muzeylarga innovatsion texnologiyalarni samarali qo‘llash, shuningdek, muzeylarda o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid zamonaviy yangi ekspozitsiyalarni yaratish, muzey to‘plamlaridagi boy tarixiy va madaniy merosimizni keng targ‘ib qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-2023-yillarda davlat muzeylarida tashkil etiladigan qo‘shimcha xizmatlarning manzilli rejasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid 2022-2024-yillarda yangi tashkil etiladigan ekspozitsiyalarning manzilli rejasi 2-ilovaga muvofiq;
2022-2024-yillarda davlat muzeylarida ixtisoslashtirilgan restavratsiya laboratoriyalarini tashkil qilishning manzilli rejasi 3-ilovaga muvofiq;
Noyob muzey ashyolari va kolleksiyalarining replikatsiyalarini tayyorlash hamda ularni realizatsiya qilish bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar 4-ilovaga muvofiq;
Muzeylar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish rejasi 5-ilovaga muvofiq;
2022-2023-yillarda muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Muzeylarda xizmatlar sohasini kengaytirish bo‘yicha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga ko‘ra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin;
pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi, qo‘shimcha to‘lovlar to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi;
davlat muzeylariga ularda tashkil etiladigan xizmatlar uchun Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi (keyingi o‘rinlarda – Madaniy meros agentligi) bilan kelishgan hamda bozor kon’yunkturasini hisobga olgan holda, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qo‘shimcha xodimlarni jalb etishga ruxsat beriladi.
Davlat muzeylari tomonidan xizmatlarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari, muzeylarning byudjetdan tashqari mablag‘lari, Madaniy meros jamg‘armasi mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Toshkent shahar hokimligi tomonidan Turkiya Respublikasining malakali kompaniyasini jalb etgan holda Toshkent shahri shahar byudjeti mablag‘lari va uning qo‘shimcha manbalari hisobidan 2022-yil 1-noyabrga qadar jahonning mashhur muzeylaridagi eng ilg‘or tajribalarni qo‘llagan holda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi binolarini zamonaviy rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyalarini yaratish hamda ularda xizmatlar ko‘rsatish sohasini namuna sifatida tayyorlayotgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Toshkent shahar hokimligi (J.A.Artikxodjayev) Madaniy meros agentligi, Fanlar akademiyasi (B.A.Abduhalimov) bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlasin, bunda, zamonaviy yangi ekspozitsiyalarni chuqur
ilmiy-tarixiy asoslanishiga e’tibor qaratsin.
4. Muzeylar faoliyatini takomillashtirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Respublika ishchi guruhi) tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Respublika ishchi guruhining (A.A.Abduxakimov) asosiy vazifalari etib belgilansin:
muzeylar faoliyatini takomillashtirish va ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu borada belgilangan vazifalarning davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishini muvofiqlashtirish;
muzeylar faoliyati sohasida ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish, ular faoliyatini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini tizimli ravishda oshirib borish;
muzeylarning zamonaviy yangi konsepsiyalari, tashrif buyuruvchilar, xususan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, muzey ashyolarini ishonchli saqlash, turistlarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, sohaga xorijiy ilg‘or tajribalarni samarali qo‘llash, muzeylar faoliyatini raqamlashtirish;
zamonaviy ilg‘or arxitektura-rejalashtirish, interer, dizayn va landshaft yechimlariga e’tibor qaratgan holda har bir muzey binosining eskiz loyihasini muzey faoliyatining yo‘nalishi va mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda tasdiqlash;
foydalanilmayotgan, turistlar uchun ochiq bo‘lmagan va turistik xizmatlar ko‘rsatilmayotgan mos madaniy meros ob’ektlarini muzeylar, ko‘rgazmalar, art-rezidensiyalar, boshqa madaniyat va turizm ob’ektlariga aylantirish choralarini ko‘rish.
5. 2023-2026-yillarda muzeylashtiriladigan arxeologiya yodgorliklarining manzilli rejasi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Madaniy meros agentligi Fanlar akademiyasi (B.A.Abduhalimov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda arxeologiya sohasidagi ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda, ushbu qarorga 8-ilovaga muvofiq arxeologiya yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, konservatsiyalash va ularda ochiq osmon ostida muzey tashkil etish hamda uni turizm ob’ektiga aylantirish choralarini ko‘rsin.
Belgilansinki, bu boradagi xarajatlar madaniy meros sohasiga ajratiladigan Davlat byudjeti va tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
6. Belgilab qo‘yilsinki, davlat tashkilotlari va muassasalari o‘zlari ishlab chiqarayotgan yangi turdagi muhim mahsulotlardan namunalarni davlat muzeylariga bepul beradi.
Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (D.N.Sattarov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov) davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan o‘zlari ishlab chiqarayotgan yangi turdagi muhim mahsulotlar namunalarining tegishli davlat muzeylariga bepul berilishini muvofiqlashtirsin.
7. Aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi 2022-yil 1-iyuldan boshlab tashkil etilsin va doimiy ravishda o‘tkazib borilsin.
8. Belgilansinki, “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida:
davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan, mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini xarid qilish uchun 2022-yil 1-iyuldan boshlab har yili Madaniy meros jamg‘armasiga Davlat byudjetidan madaniy meros va muzeylar sohasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha 3 milliard so`mdan hamda hududlardagi tegishli davlat muzeylariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjetidan 500 million so`mdan mablag‘ ajratib boriladi, amaliy talabni inobatga olingan holda ushbu mablag‘ miqdori oshirilishi mumkin;
ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng ko‘lamda targ‘ibot-tashviqot ishlari hamda joylarda ekspeditsiyalar tashkil etiladi;
madaniy boyliklarni aniqlash va davlat muzeylariga topshirishda faol ishtirok etgan aholi vakillarining namunali faoliyati keng targ‘ib etiladi hamda ular qo‘llab-quvvatlanadi;
har yili davlat muzeylariga aholidan xarid qilib olingan madaniy boyliklar ko‘rgazmasi tashkil etiladi hamda ular haqidagi ma’lumotlar Madaniy meros agentligi va tegishli davlat muzeyining rasmiy veb-saytiga majburiy tartibda joylashtirib boriladi.
9. Madaniy meros agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
har yili “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasini yil davomida yuqori saviyada o‘tkazish va unda faol ishtirok etgan shaxslarni munosib rag‘batlantirish;
2022-yil yakuniga qadar aholidan madaniy boyliklarni qabul qilib olish (xarid qilish) jarayonini raqamlashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
10. Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Z.Shaxriyorov), Xalq ta’limi vazirligi (B.O.Saidov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.X.Toshkulov), vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ta’lim muassasalarining o‘quvchi va talabalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va boshqa fuqarolarning muzeylar va mamlakatimizning tarixiy manzilgohlariga tashriflarini nazarda tutuvchi “Moziyga sayohat” dasturini tashkil etsin.
11. Belgilansinki, “Moziyga sayohat” dasturi doirasida:
turizm infratuzilma sub’ektlariga (joylashtirish vositalariga) chegirma taqdim qilish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etiladi;
davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, ta’lim muassasalari o‘quvchilarining, nogironligi bo‘lgan shaxslarning joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi mumkin;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat muzeylariga bepul kiritiladi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning temir yo‘l chiptalari hamda joylashtirish vositalarida turish xarajatlari to‘liq hajmda tegishlicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan qoplanadi;
davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan har yili kamida bir marta byudjetdan tashqari mablag‘lar, kasaba uyushmalari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan o‘z xodimlari va ularning oila a’zolari uchun muzeylarga kirish chiptalarini xarid qilish amaliyoti joriy etiladi.
12. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda 2022-yil uchun, shuningdek, 2023-yildan har yili dekabr oyiga qadar “Moziyga sayohat” dasturi doirasida tashriflarni tashkil etishning maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlasin.
Bunda, moliyalashtirish miqdori va manbalari belgilangan holda, jumladan, muzeylarga tashrifi tashkil etiladigan:
hududlar kesimida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari va nogironligi bo‘lgan shaxslar soni;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarining o‘quvchi va talabalari soni;
vazirlik va idoralar, yirik tarmoq va sohalar kesimida davlat tashkilotlarining xodimlari soni nazarda tutiladi.
13. Muzeylar faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
davlat muzeylarida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar va madaniy-ma’rifiy tadbirlarning har yilgi kalendar rejasini Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etiladi, mazkur kalendar reja Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniy meros agentligi va davlat muzeylarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi hamda turizm faoliyati sub’ektlariga yetkaziladi;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanali Madaniy meros agentligining bosh axborot hamkori etib belgilanadi. Bunda, Madaniy meros agentligi va “O‘zbekiston tarixi” telekanali har yarim yillik uchun madaniy meros va muzeylar sohasini keng targ‘ib qilish bo‘yicha media-rejani ishlab chiqib, amalga oshiradi;
Madaniy meros agentligi tomonidan namoyish etishga tayyor holda taqdim etiladigan materiallarni “O‘zbekiston tarixi” telekanalida tomoshabinlar uchun qulay bo‘lgan vaqtlarda bepul efirga uzatish yo‘lga qo‘yiladi;
Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan har yili kamida 100 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual targ‘ibot materiallari tayyorlanib, keng ommalashtirib boriladi. Bu boradagi xarajatlar mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
moddiy madaniy meros ob’ektining ko‘chmas mulki hisoblanmagan davlat muzeylari hududlaridagi bo‘sh yer maydonlariga belgilangan tartibda tashqi reklama ob’ektlari (konstruksiyalari) o‘rnatiladi, ushbu tadbirlar Madaniy meros jamg‘armasi mablag‘lari, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Madaniy meros agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishiga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rsin.
14. Muzeylar faoliyati sohasida ilmiy tadqiqotларни qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2023-yildan boshlab:
har ikki yilda bir marta may oyining ikkinchi o‘n kunligida “Muzeyshunoslik va arxeologiya tadqiqotlari: dolzarb muammolar va zamonaviy yechimlar” xalqaro forumi hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, “Buyuk ipak yo‘li” tadqiqotlari” ko‘p jildli katalog taqdimoti, ko‘rik-tanlov, ko‘rgazma-savdolar, teatrlashtirilgan konsert-tomosha dasturlari o‘tkaziladi;
har yili muzeylarga ajratiladigan Davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan muzeylar sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislarning kamida 10 nafarini chet elga malaka oshirish va tajriba almashish uchun yuborish majburiy yo‘lga qo‘yiladi;
har yili kamida 2 ta madaniy meros sohasidagi tashkilot, shu jumladan, muzey hamda 100 nafar mutaxassisga Madaniy meros jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Xalqaro muzeylar kengashiga (ICOM), Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xalqaro kengashiga (IKOMOS) a’zolik badalini to‘lab berish amaliyoti joriy etiladi.
Madaniy meros agentligi Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abdurahmonov), Fanlar akademiyasi (B.A.Abduhalimov) bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida
va samarali amalga oshirilishiga qaratilgan choralarni ko‘rsin.
15. Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev) Madaniy meros agentligi, Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi (Sh.Sh.Xasanov), Fanlar akademiyasi (B.A.Abduhalimov) bilan birgalikda:
ikki oy muddatda har bir muzeydagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari hamda boshqa fondlardagi madaniy boyliklarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish manzilli rejasini tasdiqlasin;
ushbu manzilli rejaga muvofiq mulkchilik shakli va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar barcha muzeylardagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari hamda boshqa fondlardagi madaniy boyliklarni malakali mutaxassislardan iborat tarkibda ekspertlar komissiyalarini tuzgan holda to‘liq xatlovdan o‘tkazsin;
muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari hamda boshqa madaniy boyliklarni ishonchli muhofaza qilish choralarini kuchaytirsin.
16. Madaniy meros agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.H.Shermatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-aprelga qadar:
davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish hamda Milliy muzey fondi davlat elektron katalogini to‘liq shakllantirish va samarali yuritish choralarini ko‘rsin;
Milliy muzey fondi davlat elektron katalogida noyob muzey ashyolarining yuqori sifatdagi fotosuratlari va 3D ko‘rinishlarini joylashtirib, ularni monetizatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
Milliy muzey fondi davlat elektron katalogining madaniy boyliklarning xalqaro qidiruv tizimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektron xizmatlar ma’lumot bazalari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.
17. Madaniy meros agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Madaniy meros agentligi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari A.A.Abduxakimov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari A.A.Jo‘raboyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV