30.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriQoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Nukus, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy, Shumanay tumanlarиda (keyingi o‘rinlarda – shimoliy tumanlar) mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish hamda qulay agrobiznes muhitini yaratish maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2027 yil 1 yanvarga qadar shimoliy tumanlarda joylashgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishning istisno tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:
auksion savdolarida sotilgan narxidan qat’i nazar barcha xaridorlarga xarid to‘lovlarini 7 yil muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish;
auksion savdolarida sotilgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq to‘lovlar 3 oy ichida to‘liq to‘langanda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar berish;
jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalariga ijara huquqini elektron onlayn-auksionda sotib olish qiymatini 5 yil davomida bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish;
tuman hokimliklari balansidagi bo‘sh turgan binolarni xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik sub’ektlariga tanlov orqali berish va binoni tuman hokimligi balansida qoldirish, uch yildan so‘ng xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolash paytida baholangan qiymatning 50 foizi miqdorida haq to‘lash hisobiga besh yil davomida to‘lash sharti bilan taqdim etilgan binolarni xususiylashtirish imkonini berish.
2. Shimoliy tumanlarda 2025-yil 1-yanvarga qadar eksperiment tariqasida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan hamda yangidan o‘zlashtirishga mo‘ljallangan yer maydonlarini investorlarga “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov asosida 30 yilga qishloq xo‘jaligi faoliyatini yuritish uchun ijaraga berishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etilsin:
a) ijara huquqini yutib olish uchun to‘lanadigan to‘lovning eng ko‘p miqdorini taklif etgan talabgor ustuvorlikka ega bo‘lib, qolgan mezonlar bo‘yicha ball berish tartibi qo‘llanilmaydi;
b) ochiq elektron tanlov g‘olibi ijara huquqini yutib olish uchun to‘lanadigan to‘lovni eng ko‘p miqdorining 50 foizini to‘lagan davrdan boshlab, ushbu yer maydonlariga ijara huquqini uchinchi shaxsga sotishi va ushbu huquqni tijorat bankidan kredit olish uchun garovga qo‘yishi mumkin;
v) shimoliy tumanlardan ro‘yxatdan o‘tib, mazkur yer maydonlarida faoliyat yuritadigan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlariga (bundan klasterlar mustasno) ushbu faoliyatdan olinadigan daromadi bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq, shuningdek, mazkur tumanlardagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish va saqlash maqsadida foydalaniladigan yer uchastkalari va mol-mulki bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;
g) Qishloq xo‘jaligi vazirligi talabnomalariga muvofiq foydalanishdan chiqqan sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirish, sug‘oriladigan yerlarda yer tuzish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish yuzasidan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining avtomatlashtirilgan yer-axborot tizimini yaratish va yangilab borish ishlariga Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratiladi;
d) qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan har bir gektar yerni foydalanishga kiritish hamda zaruratga ko‘ra sug‘orish tik qudug‘ini burg‘ilash yoki nasos stansiyasini qurish va ishga tushirish bo‘yicha xarajatlarning bir qismi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tuzilgan investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasida bir marta qoplab beriladi.
Moliya vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini foydalanishga kiritishda zaruratga ko‘ra sug‘orish tik qudug‘ini burg‘ilash yoki nasos stansiyasini qurish va ishga tushirish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ye) qishloq xo‘jaligi yerlarini foydalanishga kiritgan yerdan foydalanuvchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini mustaqil joylashtirish huquqi beriladi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Kadastr agentligi 2022-2023-yillarda har bir shimoliy tuman kesimida kamida 1 000 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan hamda yangidan o‘zlashtiriladigan yer maydonlarini elektron savdoga chiqarish uchun aniqlasin.
Bosh prokuratura elektron savdoga haqiqatdan ham foydalanishdan chiqib ketgan qishloq xo‘jaligi yerlari qo‘yilayotganligi ustidan nazorat o‘rnatsin.
4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2024-yil yakuniga qadar mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan eksperimentni yanada takomillashtirish va uni Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining alohida tumanlarida tatbiq etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida qishloq xo‘jaligi foydalanishdan chiqib ketgan hamda yangidan o‘zlashtiriladigan yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi faoliyatini yuritish uchun investorlarga “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov asosida ijaraga berish tartibini tasdiqlasin.
6. Quyidagilar:
2022-2024-yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 2022-2024-yillarda qayta foydalanishga kiritish ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazir o‘rinbosarlari Sh.M.G‘aniyev, J.A.Qo‘chqorov ikki hafta muddatda:
2022-2024-yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli рўйхaтиni;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xo‘jaligida qayta foydalanishga kiritiladigan yer maydonlariga 2022-2024-yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish ko‘rsatkichlarini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida 2022-2024-yillarda yangi mevali bog‘larni barpo etish va mevali bog‘larni turlar bo‘yicha joylashtirish ko‘rsatkichlarini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida 2022-2024-yillarda yangi uzumzorlarni barpo etish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida qayta foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarida 2022-2024-yillarda asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini turlari bo‘yicha yetishtirish va realizatsiya qilishning prognoz ko‘rsatkichlarini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida chorvachilik, parrandachilik (tuyachilik, yilqichilik, kurkachilik, bedanachilik, tuyaqushchilik) yo‘nalishlari bo‘yicha 2022-2024-yillarda amalga oshiriladigan loyihalar ko‘rsatkichlarini tasdiqlasin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, suv tanqis bo‘lgan mahallalar (ovullar)da Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan belgilangan tartibda sug‘orish tik quduqlari qaziladi yoki mavjud kanallardan suv chiqarish uchun nasos agregatlari o‘rnatiladi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aholi tomorqalaridan, ijaraga berilgan yerlardan samarali foydalanish, hudud iqlimi va yerlarning hosildorligidan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini to‘g‘ri tanlash, parvarishlash hamda mahsulot yetishtirish uchun har bir tumanga bir nafardan agronom biriktirish hamda ularning hokim yordamchilari bilan hamkorligini ta’minlash tavsiya etilsin.
8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, tumanlar hokimliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda o‘zlashtiriladigan yangi yer uchastkalarini ijaraga berish uchun ularning qisqa muddatlarda ochiq elektron tanlovga chiqarilishini ta’minlasin.
9. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati qayta foydalanishga kiritilgan va o‘zlashtirilgan yerlarda hamda boshqa ekin yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun byudjet mablag‘lari hisobidan elektr tarmoqlari va transformator punktlari qurilishini ta’minlasin.
10. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida yashovchi va tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi jismoniy shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida quyosh fotoelektrik stansiyasi, quyosh suv isitish tizimlari va shamol elektr stansiyalarini qurishda butlovchi qismlarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 3 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etiladi.
11. Vazirlar Mahkamasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab davlat grantlari bo‘yicha belgilangan kvotalar doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalariga maxsus qo‘shimcha qabul kvotalari ajratilishini ta’minlasin.
Bunda, maxsus kvota bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan yoshlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lganidan so‘ng, yo‘llanma berilgan korxona, tashkilot va boshqa muassasalarda kamida 5 yil davomida mehnat qilish majburiyati nazarda tutilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan:
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yetim, boquvchisini yo‘qotgan yoki nogironligi bo‘lgan hamda professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlarning to‘lov-kontrakt summasining 100 foizigacha, ammo bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlarning O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishlari uchun tijorat banklari tomonidan ta’lim kreditlari ajratilishida ushbu jamg‘armaning kafilligini berish;
IELTS imtihon tizimidan 6 va undan yuqori ko‘rsatkichni, TOEFL imtihon tizimidan 60 va undan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlarning ushbu imtihonlarni topshirish xarajatlarini AT “Xalq banki”ning tuman filiallari orqali to‘liq qoplab berish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlarning zamonaviy kasb, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xorijiy tillar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha olti oygacha muddatli o‘quv kurslarida o‘qishlari uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olti oygacha muddatli o‘quv kurslarida o‘qishlari uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining
4 baрavaриgaчa hamda xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlarni ta’lim, madaniyat va san’at, sport, “IT” va fanlar bo‘yicha o‘qitishga ixtisoslashgan o‘quv markazlari joylashgan binolarning uch oy muddatgacha bo‘lgan noturar joy ijara xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish choralarini ko‘rsin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi shimoliy tumanlardagi “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishi uchun ularning nodavlat ta’lim muassasalarida ta’lim olish xarajatlarini qoplash choralarini ko‘rsin.
14. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R.Sariyev belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV