30.05.2022
Bugun xalqimiz og‘ir judolikka uchradi.
O‘zining butun ongli hayoti va faoliyatini ona Vatanimiz ravnaqiga, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga bag‘ishlagan fidoyi inson, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputati, taniqli jamoat arbobi Lolaxon Murodovaning bevaqt vafoti haqidagi xabar barchamizni chuqur qayg‘uga soldi.
Butun hayotini el-yurtga sidqidildan xizmat qilishga, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada yuksaltirishga bag‘ishlab, o‘zining halol mehnati, g‘oyat serqirra faoliyati bilan xalqimiz o‘rtasida juda katta hurmat-e’tibor qozongan bu fidoyi inson barchamiz uchun chinakam ibrat namunasiga aylangan edi.
Lolaxon opa dehqonchilik ilmining chuqur bilimdoni sifatida Markaziy Farg‘ona hududida joylashgan qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishda katta jonbozlik ko‘rsatib, qumloq yerlarda paxta va g‘alladan yuqori hosil olishga erishdi.
U xo‘jalik raisi sifatida yangi yerlar ochish, suv chiqarish, hosildorlik salmog‘ini yildan-yilga oshirish borasida ko‘plab yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Keyinchalik o‘zi boshchilik qilib kelgan jamoa xo‘jaligi negizida “Nurli obod” fermer xo‘jaligini tashkil etib, o‘tgan yillar mobaynida fermerlik faoliyatida ulkan yutuqlarga erishdi hamda mamlakat miqyosida eng ilg‘or va tashabbuskor fermerlardan biri sifatida dovrug‘ qozondi.
Aytish joizki, Lola Murodova yer bilan tillashgan, har bir boshoq g‘alla, har bir chanoq paxta bilan sirlashgan, ayol boshi bilan cho‘llarni obod qilgan, umrini xalqimizning dasturxonini to‘kin-sochin qilishga bag‘ishlagan zahmatkash va mirishkor dehqon edi.
Shu ma’noda, Lola opa qishloq xo‘jaligi sohasida o‘z maktabini yaratgan haqiqiy o‘zbek dehqon ayoli timsoliga aylanib, davrimizning chinakam qahramoni sifatida yashadi.
Uning bosib o‘tgan sermazmun umr yo‘li haqida u hayotlik davridayoq ko‘plab badiiy asarlar, film va spektakllar, dostonlar yaratildi. Bu mo‘’tabar ayol siymosida chinakam fidoyi va zahmatkash o‘zbek xotin-qizlarining yuksak ibrat namunasi namoyon bo‘ldi.
Lola Murodova davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari uchun mustaqillik yillarida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan, 2019 yilda esa “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoniga sazovor bo‘lgan edi.
U kishi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida respublikamizning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham har tomonlama faol ishtirok etdi.
Ona Vatanga cheksiz sadoqat bilan, sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilib, el-yurt o‘rtasida katta obro‘-e’tibor qozongan Lolaxon Murodovaning tantilik, kamtarinlik kabi olijanob fazilatlari, o‘z kasbiga tuganmas mehr-muhabbati va nurli siymosi butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qoladi.
Ushbu musibatli kunda marhumning barcha oila a’zolari va yaqinlariga hamda Farg‘ona ahli faollari va keng jamoatchiligiga chuqur ta’ziya bildirib, Yaratgandan ularga sabr-toqat tilaymiz.
Alloh barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Lolaxon Murodovaning oxiratini obod qilsin!
Chuqur qayg‘u bilan,
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti