25.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriMamlakatimizda milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini (etnosport) targ‘ib qilish va ommalashtirish, bolalar va o‘smirlarni ularga keng jalb qilish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyundagi PQ–5149-son qaroriga muvofiq:
1. Quyidagilar:
Etnosport turlarini 2025-yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Etnosport turlarini 2025-yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturini 2022-2023-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Etnosport turlarini 2025-yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi erishilgan natijalar va maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha tegishli davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan har yili tegishli yil uchun tasdiqlanadigan “yo‘l xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–201-son qarori bilan 2023-yil 1-martdan boshlab milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi (A.N.Aripov):
bir oy muddatda ommaviy sport musobaqalari tashkil qilinadigan etnosport turlari ro‘yxatini tasdiqlasin;
2023-yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida etnosport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish uchun zarur mablag‘lar ko‘paytirilishi hamda ajratilishini ta’minlasin;
2023-yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq, etnosport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishini ta’minlasin;
zarur hollarda, alohida etnosport turini rivojlantirish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)larini tashkil qilish choralarini ko‘rsin;
bolalar va o‘smirlar hamda yoshlarni etnosport turlariga jalb qilish, shu jumladan, Etnosport turlarini 2025-yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirsin.
Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov) hamda O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2023-yildan boshlab etnosport turlari bo‘yicha musobaqalarni har yili an’anaviy tarzda 1 martdan o‘tkazsin.
Belgilansinki, etnosport turlari bo‘yicha musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 2023-yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
3. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov) hamda O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev) quyidagi asosiy yo‘nalishlarni bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin:
aholining barcha qatlamlarini etnosport bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish, etnosportni ommalashtirish va aholi o‘rtasida targ‘ib qilish;
mahallalarda etnosport turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarni o‘tkazish;
Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, bu borada xalqaro aloqalarni rivojlantirish.
4. Belgilab qo‘yilsinki, 2023-yildan boshlab an’anaviy tarzda:
Toshkent shahrida har yili bir marotaba etnosport turlari bo‘yicha “Uzbekistan Ethno Games” respublika festivali;
Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinadi. Bunda, “Ichan qal’a” majmuasida festivalning ochilish va yopilish marosimlari o‘tkaziladi.
Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov), O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev) Toshkent shahar (J.Artikxodjayev) va Xorazm viloyati (F.Ermanov) hokimliklari bilan birgalikda yuqoridagi festivallarni yuqori saviyada tashkil qilish, musobaqalarga yoshlarni keng jalb qilish choralarini ko‘rsin, zarur hollarda, tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Turizm va madaniy meros vazirligi (A.Abduxakimov) yuqoridagi festivallarni turistik marshrutlar ob’ektlari ro‘yxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilsin hamda turistlarga milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining tarixi va ahamiyati haqida ma’lumotlarni yetkazish choralarini ko‘rsin.
5. Maktabgacha ta’lim vazirligi (B.Onorboyev), Xalq ta’limi vazirligi (U.Sharifxodjayev), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (K.Karimov) Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov) hamda O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev) bilan birgalikda:
milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining mohiyati haqida targ‘ibot materiallari (qo‘llanma, buklet, banner, flayer va boshqalar)ni tayyorlasin hamda barcha ta’lim muassasalarida ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy-axloqiy jihatdan o‘rni haqida jismoniy tarbiya darslari hamda ma’naviyat soatlarida tushunchalar berilishini tashkil etsin;
ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni etnosport turlariga keng jalb etish, ular o‘rtasida musobaqalarni ommalashtirishga qaratilgan motivatsion roliklar tarqatsin;
ta’lim muassasalarida milliy sport turlari va xalq o‘yinlari bo‘yicha musobaqalarning muntazam ravishda o‘tkazilishini tashkil etsin, g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarni o‘z mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish choralarini ko‘rsin;
ta’lim muassasalarida malakali ustozlar, trenerlar, polvonlar hamda mutaxassislar ishtirokida seminar, trening, mahorat saboqlari tashkil etilishini ta’minlasin.
6. Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligining:
2022/2023-o‘quv yilidan boshlab Respublika estrada sirk kollejida polvonlik va dorbozlik san’ati yo‘nalishida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash;
2023-yildan boshlab, har ikki yilda bir marotaba polvonlar va dorbozlar ishtirokida “Polvonlar sulolasi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) uch oy muddatda:
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda dorbozlik va polvonlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv reja hamda o‘quv dasturlarini tasdiqlasin;
Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “Polvonlar sulolasi” ko‘rik-tanlovi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin. Bunda, ko‘rik-tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 2023-yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
7. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) 2023-2025-yillar uchun davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari loyihalarini shakllantirishda milliy sport turlari va xalq o‘yinlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalari uchun tanlov e’lon qilinishini ta’minlasin.
8. Sportni rivojlantirish vazirligi Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi, YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar malakali mutaxassis va xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda:
YUNESKO tashkilotidan nomoddiy madaniy meros maqomi olinishi mumkin bo‘lgan etnosport turlari ro‘yxatini shakllantirsin;
etnosport turlarining YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga tavsiya etilishini ta’minlasin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir oy muddatda har bir tuman (shahar)ning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, aholining fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda, joriy yil uchun milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirish va rivojlantirish, sport musobaqalarini tashkil qilish bo‘yicha hududiy dasturlarni qabul qilsin, shuningdek, kelgusida shunday dasturlarni har yili 1-fevralga qadar tasdiqlasin va ijrosini ta’minlasin;
2023-yilgi va kelgusi yillardagi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy kalendar rejalariga tuman (shahar)larda etnosport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;
2023-yildan boshlab Navro‘z umumxalq bayramini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar doirasida milliy sport turlari va xalq o‘yinlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etsin;
“ustoz-shogird” an’anasi asosida davom etib kelayotgan polvonlik va dorbozlik san’atini yanada kengroq ommalashtirish maqsadida polvonlik va dorbozlik san’ati to‘garaklarini tashkil etsin;
2023-yil 1-yanvarga qadar har bir hududda ot sporti turlariga tegishli bo‘lgan anjomlarning savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida do‘konlar faoliyatini tashkil etsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ensiklopediyasini o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘plam holida nashrga tayyorlash ishlari yakunlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov), O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev), O‘zbekiston Polvonlar milliy markazi (N.Yusupov) ikki oy muddatda:
ensiklopediyaning chop etilishi hamda Butunjahon etnosport konfederatsiyasi, YUNESKO, vazirlik, idora, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va boshqa tashkilotlarga taqsimot bo‘yicha yetkazilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ensiklopediya taqdimotini tashkil etsin hamda ushbu jarayonni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini amalga oshirsin.
11. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov), O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) ikki hafta muddatda mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirishga qaratilgan maqolalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etish hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini keng targ‘ib qilish bo‘yicha media-reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin:
“Milliy xalq o‘yinlari – milliy g‘urur” rukni to‘g‘risida maxsus roliklar tayyorlash va efirga joylashtirish;
milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini targ‘ib qilish hamda yanada ommalashtirish bo‘yicha polvonlar va faxriy ustozlar ishtirokida turkum ko‘rsatuvlarni tashkil etish;
yoshlar o‘rtasida o‘zbek milliy xalq o‘yinlarini keng targ‘ib etish, ularda vatanparvarlik hissini uyg‘otish, sog‘lom turmush tarziga amal qilishga undashga qaratilgan ko‘rsatuvlarni namoyish etish orqali ommalashtirish.
12. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari A.U.Aslonov, O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi raisi O.K.Norinbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV