20.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriDorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish hamda qayta ishlashni tashkil etish, dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklarni keng qo‘llash maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish uchun yer maydonlarini ajratishning yig‘ma maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
2022-2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1.1-ilovaga muvofiq;
2022-2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar o‘rmon fondi yerlarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1.2-ilovaga muvofiq;
2022-2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar yaylov yer maydonlarida kavrak madaniy plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1.3-ilovaga muvofiq;
“Bir tuman – bir mahsulot” tamoyili asosida dorivor o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlashni kengaytirish hamda aholi o‘rtasida undan foydalanishni targ‘ib qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dorivor o‘simliklar madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun mos bo‘lgan yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga oyma-oy grafik asosida qo‘yib borishни ta’minlasin.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J.Bakirov) dorivor o‘simliklar madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun mos bo‘lgan, o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionga 2022-yil 1-avgustdan boshlab oyma-oy grafik asosida qo‘yib borishни ta’minlasin.
Jizzax viloyati hokimligi (E.A.Saliyev) 2022-2026-yillarda za’faron o‘simligi madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun mos bo‘lgan 2 000 gektar yer uchastkasini qonunchilikda belgilangan tartibda berilishini ta’minlasin hamda 2022-yilda za’faron plantatsiyalarini kamida 2 baravarga ko‘paytirish choralarini ko‘rsin.
2. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) ikki oy muddatda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda sertifikatlangan dorivor o‘simliklarning urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalar bo‘yicha grant tanlovlarini e’lon qilishni ta’minlasin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
davlat tibbiyot muassasalarida, jumladan, har bir poliklinikada, dorivor o‘simliklar vositasida davolashga mo‘ljallangan xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilinadi;
Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 o‘rinli davolash bo‘limi va hududlarda filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
2022-yil 1-sentabrdan boshlab xalq tabobatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Ibn Sino ilmining bilimdonlari” tanlovi o‘tkaziladi.
4. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev):
2022-yil 1-iyundan boshlab samarasi isbotlangan dorivor o‘simliklarni bosqichma-bosqich tibbiy yordam ko‘rsatish standartlari va protokollariga kiritish. Bunda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yangi yaratilgan hamda ishlab chiqarishga joriy etilgan dori vositalarining tibbiyot amaliyotida keng qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida klinik protokollar, diagnostika hamda kasalliklarni davolash standartlari har olti oyda qayta ko‘rib chiqiladi;
uch oy muddatda barcha davlat tibbiyot ta’lim muassasalarida dorivor o‘simliklar va xalq tabobati bo‘yicha ta’lim berishga yo‘naltirilgan kafedralarni tashkil etish bo‘yicha taklif kiritish;
shifokorlarni dorivor o‘simliklar va xalq tabobati usullari asosida davolash bo‘yicha qayta tayyorlash va ixtisoslashtirishни hamda terapevt, umumiy amaliyot va oilaviy shifokorlarni tayyorlashda chuqurlashtirilgan o‘qitishni tashkil etish;
davlat tibbiyot muassasalarida, jumladan, har bir poliklinikada dorivor o‘simliklar vositasida davolashga mo‘ljallangan xalq tabobati xonalari va fitobarlarni tashkil qilish;
Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 o‘rinli davolash bo‘limi va hududlarda filiallari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
2022-yil 1-sentabrdan boshlab xalq tabobatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Ibn Sino ilmining bilimdonlari” tanlovini o‘tkazish;
tibbiyot amaliyotida samarasi isbotlangan va asosiy dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan dorivor o‘simliklar va ulardan tayyorlangan dori vositalarining davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan xarid qilinishi choralarini ko‘rsin.
5. Savdo-sanoat palatasi (D.A.Vaxabov) Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (S.X.Kariyev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J.Bakirov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Sh.Qudratov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, dorivor o‘simliklarning afzalliklarini aholi va shifokorlar orasida keng targ‘ib qilish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va chuqur qayta ishlashda ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalarining kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash uchun har yili “Ibn Sino merosi” xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
6. Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga dorivor o‘simliklarni yetishtirishni kengaytirish, dorivor o‘simliklar yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash vazifalari yuklatilsin.
Bunda mazkur kotibiyatga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi 1 ta shtat birligini qisqartirish hisobidan 1 ta shtat birligi ajratiladi.
7. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
dorivor o‘simliklar bozori kon’yunkturasini o‘rganishni tashkillashtirish, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining dorivor o‘simliklar mahsulotlari bilan ta’minlanganlik holatini tizimli tahlil qilish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
dorivor o‘simliklar va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tibbiy ahamiyati hamda ularni qo‘llashga oid maxsus ko‘rsatuvlar va roliklar muntazam namoyish etilishini tashkil qilish;
dorivor o‘simliklarga oid ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda ko‘maklashish, dorivor o‘simlikshunoslik tarmog‘iga ilg‘or xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
dorivor o‘simliklar mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar talabini tahlil qilgan holda har yili Qishloq xo‘jaligi vazirligiga dorivor o‘simliklar yetishtirish hajmlari to‘g‘risida taklif kiritish.
Mazkur bandga muvofiq Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga yuklatilayotgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi mavjud shtat birliklari doirasida Agentlikda direktor o‘rinbosari lavozimi joriy etilsin hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlashni tashkil etish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha 5 ta shtat birligidan iborat boshqarma tashkil etilsin.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (S.X. Kariyev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.B. Voitov) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda dorivor o‘simliklar sohasini rivojlantirish bo‘yicha tajribali xorijiy mutaxassis va konsultantlarni jalb qilish choralarini ko‘rsin.
8. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda biologik faol qo‘shimchalarning reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilgan holda reklama qilinishini tashkil etish choralarini ko‘rsin;
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda biologik faol qo‘shimchalar, biologik faol qo‘shimcha sifatida ro‘yxatga olinmagan damlama, o‘tlar, parfyumeriya-kosmetika vositalari reklamasiga oid qonunchilik talablari buzilganda javobgarlik choralarini kuchaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda dorivor o‘simliklar sifatini tahlil va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy laboratoriya barpo etish maqsadida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan grant mablag‘lari jalb etish choralarini ko‘rsin.
10. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda ilmiy tibbiyotda va farmatsevtika sanoatida foydalaniladigan dorivor o‘simliklar hamda dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan hududlar ro‘yxatini o‘z ichiga oluvchi elektron ma’lumotlar bazasini yaratsin.
11. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
a) Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S.X.Kariyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari bilan birgalikda:
mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq yer maydonlarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish;
2022-yil yakuniga qadar mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq tumanlarni dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashtirish;
dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik va investitsiya loyihalari amalga oshirilishini tashkil etish choralarini ko‘rsin;
b) Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining buyurtmalariga asosan yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligi xomashyosini yig‘ish va tayyorlashga kvotalarni ajratish choralarini ko‘rsin;
v) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev):
bir oy muddatda yangi yaratilgan hamda ishlab chiqarishga joriy etilgan dori vositalari tibbiyot amaliyotida keng qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida klinik protokollar, diagnostika hamda kasalliklarni davolash standartlariga kiritish maqsadida ularni har olti oyda qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etsin;
dorivor o‘simliklardan olinadigan fitopreparatlar iste’mol bozorini yaratish, xususan, ularning dorixonalar tizimida sotuvini yo‘lga qo‘yish, fitopreparatlar yaratish texnologiyasida xalq tabobati usullarini keng qo‘llash, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida dorivor o‘simliklardan olinadigan fitopreparatlarni qo‘llash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin;
bir oy muddatda dorivor o‘simliklarni aholi va shifokorlar orasida keng targ‘ibot qilish bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlab, ijroga qaratsin;
ikki oy muddatda barcha tibbiyot oliygohlari, Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlarida, hududiy Xalq tabobatini rivojlantirish markazlarida soha uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy qilish bo‘yicha taklif kiritsin;
uch oy muddatda dorivor o‘simliklarga oid ilmiy ishlanmalarni tadbirkorlik sub’ektlari 50 foizini moliyalashtirgan taqdirda, qolgan qismini Davlat byudjetidan ilmiy loyihalarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish bo‘yicha taklif kiritsin.
12. Dorivor o‘simliklarni aholi xonadonlarida yetishtirish maqsadida:
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A. Xaitov) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J. Bakirov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birga ikki hafta muddatda aholi xonadonlarida dorivor o‘simliklar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin;
Toshkent viloyati hokimi Z.T.Mirzayev Toshkent viloyatida baxmalgul, Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov Namangan viloyatida na’matak, Farg‘ona viloyati hokimi X.H.Bozarov, Andijon viloyati hokimi Sh.K.Abduraxmanov o‘z hududlarida ola o‘t kabi eksportbop dorivor o‘simliklarni kooperatsiya asosida aholi xonadonlarida yetishtirishni yo‘lga qo‘ysin.
13. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirishga oid materiallar, turkum teleko‘rsatuvlar namoyish etilishini tashkil etsin.
14. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi N.J.Bakirov, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi B.Q.Sharipov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A.Xaitov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV