18.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini jadal amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan islohotlarni amalga oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga mamlakat ilmiy salohiyatini keng jalb etish va loyihaviy boshqaruvning xalqaro standartlaridan foydalanish, davlat xizmatchilarining sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4210-son qarori bilan respublikadagi tadqiqot institutlariga (keyingi o‘rinlarda – xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar) alohida xalqaro reytinglar biriktirilganligi va ularning ro‘yxati tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. 2022-yil 1-iyundan boshlab xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini (keyingi o‘rinlarda – Taraqqiyot strategiyasi) amalga oshirishga oid davlat dasturlariga o‘zlariga biriktirilgan ustuvor xalqaro reyting va indekslardan kelib chiqib takliflar ishlab chiqilishi hamda tegishli vazirlik va idoralarga kiritib borilishi uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilsin:
ustuvor xalqaro reyting agentliklarining yillik hisobotlari e’lon qilinishi bilan tegishli xalqaro reyting bilan ishlash uchun mas’ul bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar 20 kun muddat ichida past ko‘rsatkichli indikatorlar uchun mas’ul davlat organlariga axborot-tahliliy ma’lumotnoma kiritadi;
past ko‘rsatkichli indikatorlar uchun mas’ul davlat organlari Innovatsion rivojlanish vazirligiga past ko‘rsatkichli indikatorlar bo‘yicha soha va tarmoqlardagi mavjud tizimli xatoliklarni bartaraf etish loyihalarini ishlab chiqish uchun ilmiy grantlarga buyurtma beradi;
Innovatsion rivojlanish vazirligi tanlov asosida ilmiy grantlar ajratadi;
ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari loyihaviy boshqaruvning PMI PMBOK – “Loyihalarni boshqarish bo‘yicha bilimlar jamlanmasi” xalqaro standarti (keyingi o‘rinlarda – PMI PMBOK xalqaro standarti) asosida past ko‘rsatkichli indikatorlar bo‘yicha soha va tarmoqlardagi mavjud tizimli xatoliklarni bartaraf etish loyihalarini ishlab chiqadi;
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining (keyingi o‘rinlarda – Respublika kengashi) ishchi organlari (Moliya va Adliya vazirliklari) past ko‘rsatkichli indikatorlarga mas’ul davlat organlari bo‘yicha soha va tarmoqlardagi mavjud tizimli xatoliklarni bartaraf etish loyihalarini Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan har yillik davlat dasturlariga kiritadi;
past ko‘rsatkichli indikatorlarga mas’ul davlat organlari davlat dasturiga kiritilgan loyihalarni amalga oshiradi hamda Respublika kengashiga loyihani amalga oshirish natijalari bo‘yicha axborot berib boradi.
3. Ustuvor xalqaro reyting va indekslarning tarkibiy indikatorlari doirasida muntazam past baholanib kelinayotgan soha va tarmoqlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar tomonidan PMI PMBOK xalqaro standarti asosida ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslar, ularning tarkibiy indikatori va subindikatorlaridagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan strategiya, konsepsiya va dasturlar loyihalarini ishlab chiqishda mas’ul davlat organlari tomonidan birinchi navbatda inobatga olinsin.
Vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari Ustuvor xalqaro reyting va indekslarning tarkibiy indikatorlari doirasida muntazam past baholanib kelinayotgan soha va tarmoqlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish rejasida nazarda tutilgan vazifalarning amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.
4. Ustuvor xalqaro reyting va indekslarning tarkibiy indikatorlari doirasida muntazam past baholanib kelinayotgan soha va tarmoqlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqishda quyidagilar nazarda tutilsin:
muntazam past baholanib kelinayotgan soha va tarmoqlardagi mavjud tizimli xatoliklarni aniqlash va xatlovdan o‘tkazish;
xalqaro reytinglarda mazkur indikatorlar bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan hamda katta sur’atlar bilan o‘sishga erishayotgan mamlakatlarda amalga oshirilgan islohotlarni o‘rganish;
xalqaro tajriba asosida past ko‘rsatkichli indikatorlar bo‘yicha tegishli soha va tarmoqlar ko‘rsatkichlarini keskin oshirishni kafolatlovchi strategiyalar hamda strategiyalarning tarkibiy dastur va loyihalarini ishlab chiqish;
ishlab chiqilgan loyiha va dasturlarni yillik davlat dasturlariga kiritish hamda loyihalarni boshqarishni PMI PMBOK xalqaro standarti asosida amalga oshirish.
5. 2022-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) davlat organlarining boshqaruv kadrlari uchun ustuvor xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha qisqa muddatli malaka oshirish kurslari (keyingi o‘rinlarda – malaka oshirish kurslari) joriy etilsin.
Belgilansinki:
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi har yili 1-yanvarga qadar ustuvor xalqaro reyting va indekslarning tarkibiy indikatorlari doirasida baholanadigan sohalar bo‘yicha malaka oshirish kurslarida ishtirok etadigan davlat xizmatchilari kontingentini Akademiyaga taqdim etadi;
malaka oshirish kurslarining o‘quv reja-dasturi Akademiya tomonidan ishlab chiqiladi va Respublika kengashining ishchi organlari bilan kelishiladi;
malaka oshirish kurslarining o‘quv-uslubiy materiallari Akademiya tomonidan xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi;
malaka oshirish kurslariga jalb etilgan Akademiya professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari ilg‘or xorijiy tajriba bilan tanishish va ilmiy salohiyatini yanada oshirish uchun nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar hamda xalqaro tashkilotlarga malaka oshirish kurslari va stajirovkaga yuboriladi;
davlat organlari xodimlari uchun o‘quv-uslubiy materiallarni tayyorlash, malaka oshirish kurslarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
davlat organlarining hududiy tuzilmalari boshqaruv xodimlari uchun malaka oshirish kurslari masofaviy tarzda tashkil etiladi;
xo‘jalik jamiyatlari va boshqa tashkilotlar boshqaruv kadrlarining ustuvor xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha malakasini oshirish xarajatlari shartnoma asosida buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
6. Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashga mas’ul davlat xizmatchilariga Akademiyada quyidagi bilim va ko‘nikmalar o‘rgatilishiga alohida e’tibor qaratilsin:
davlat organlari faoliyatini global miqyosda baholab boruvchi tegishli ustuvor xalqaro reyting agentliklari va ularning faoliyati;
reyting agentliklarining baholash metodikalari, mezon, indikator va subindikatorlari;
reyting agentliklarining yillik hisobotlarida mamlakatimiz soha va tarmoqlarining muntazam past baholanayotgan subindikatorlari va ularning sabablari;
past ko‘rsatkichli mezonlar bo‘yicha global reytingda peshqadam mamlakatlar hamda mazkur mezonlar bo‘yicha o‘z ko‘rsatkichlarini tez sur’atlar bilan yaxshilab borayotgan mamlakatlarning tajribasi va amalga oshirayotgan islohotlari;
past ko‘rsatkichli subindikatorlar bo‘yicha mamlakat soha-tarmoqlaridagi tizimli xatoliklarni bartaraf etish loyihalarini ishlab chiqish amaliyoti.
7. Respublika kengashi ishchi organlari (T.Ishmetov, R.Davletov) malaka oshirish kurslarini sifatli tashkil etish va o‘tkazish maqsadida Akademiyaga quyidagilar yuzasidan ko‘maklashib borsin:
ustuvor xalqaro reyting va indekslarning tarkibiy indikatorlari va subindikatorlari bo‘yicha soha va tarmoqlar kesimida ishlab chiqilgan loyihalar hamda ularning amalga oshirilishi borasidagi ma’lumotlarni har chorakda taqdim etib borish;
ustuvor xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha davlat organlarining malakali hamda tajribali mutaxassislarini va xorijiy ekspertlarni tashkil etiladigan malaka oshirish kurslariga jalb etish;
Akademiyada nufuzli xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ustuvor xalqaro reyting va indekslarni amaliyotga samarali joriy etishga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish.
8. O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslar, ularning past ko‘rsatkichli indikator va subindikatorlaridagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etilsin:
xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar – har yili 1-yanvarga qadar past ko‘rsatkichli indikator va subindikatorlar bo‘yicha soha, tarmoq hamda hududlardagi tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yillik rejalarni ishlab chiqib, Respublika kengashining ishchi organlariga kiritadi;
Respublika kengashining ishchi organlari – xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar tomonidan past ko‘rsatkichli indikatorlar bo‘yicha amalga oshiriladigan tadqiqotlarning yillik rejalari Respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida atroflicha ko‘rib chiqilishini tashkil etadi;
Respublika kengashi – o‘zining navbatdagi yig‘ilishida xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlarning yillik rejalarini ko‘rib chiqadi, shu jumladan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishni nazarda tutgan holda tasdiqlaydi yoki qayta ishlash uchun qaytaradi.
9. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abdurahmonov):
har yili 1 martga qadar xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlarning Respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan yillik rejalari hamda xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha mustaqil izlanuvchilarning qo‘shimcha talabi asosida ilmiy loyihalarning mavzulari portfelini shakllantirsin;
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan fundamental, amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarga ajratilgan mablag‘lar haqida har chorakda Respublika kengashiga ma’lumot kiritib borsin;
dasturlarni ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish va natijalarini qabul qilib olish bo‘yicha tegishli ilmiy-texnik kengash tarkibiga Respublika kengashi ishchi organlarining hamda mas’ul davlat organlarining xodimlari tarkibidan vakillarni jalb etsin;
Akademiyada malaka oshirish kurslariga jalb etiladigan ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini yanada oshirishga ko‘maklashish maqsadida davlat siyosati va boshqaruvi sohasiga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarni tadqiq etishga qaratilgan ilmiy grantlar ajratishni nazarda tutsin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda adliya vaziri R.Q.Davletov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV