17.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniDavlat tibbiyot muassasalari xodimlari faoliyati samaradorligini oshirish, yuqori samarali mehnatga intilishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularning o‘z kasbiy darajasini oshirib borishdan manfaatdorligini ta’minlash, shuningdek, 2022-yil 18-mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Belgilansinki, 2022-yil 1-iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:
oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;
ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;
tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshiriladi.
Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.
2. 2022-yil 1-iyundan boshlab Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) shakllantirish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdori tibbiyot muassasasi uchun ajratiladigan byudjet mablag‘larining umumiy hajmiga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilansin:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati, bolalar tibbiyot muassasalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda ijtimoiy kasalliklarga (sil, buyrak yetishmovchiligi, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrin, moxov (lepra), yuqumli, jinsiy yo‘l bilan yuqtiriladigan, OITS) ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida – umumiy xarajatlarning 10 foizi;
respublika va viloyat darajasidagi boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarida – umumiy xarajatlarning 5 foizi.
Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma mablag‘larining 75 foizi guruhidan qat’i nazar barcha davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga, 25 foizi – tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda ta’mirlashga yo‘naltiriladi.
Bunda:
xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga ajratilgan mablag‘lar hisobidan davlat tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini tasdiqlasin.
3. Tibbiyot muassasalarida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokor-xirurglar lavozim maoshining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama joriy etilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ikki hafta muddatda yuqori texnologik murakkab operatsiyalar ro‘yxatini tasdiqlasin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2022-yil 1-sentabrdan boshlab davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga ularning tibbiyot sohasida va mehnat faoliyatida ilmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini inobatga olgan holda, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega bo‘lgan xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini kiritsin;
b) barcha tibbiyot xodimlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkaziladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda tibbiyot xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun zarur mablag‘larni doimiy ravishda tibbiyot muassasalarining xarajatlar smetasida ko‘zda tutilishini ta’minlasin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, 2022-yil 1-iyuldan boshlab viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Bunda, mazkur bandda ko‘rsatilgan ustamani olish uchun shifokor boshqa hududda kamida ikki yil ishlagan hamda kamida ikkinchi darajali malaka toifasiga ega bo‘lgan bo‘lishi lozim.
6. Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan:
tibbiyot xodimlarining mashaqqatli va sharafli faoliyati tasvirlangan badiiy, sahna va kino asarlarini hamda seriallarni ko‘paytirsin;
tibbiyot xodimlarini yilda bir marta teatr va konsert tomoshalariga bepul olib borish tizimini tashkil etsin.
7. Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar tibbiyot muassasalarining boshqa (boshqaruv, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi) xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tarif razryadlarini ularning ish staji va malaka toifasini inobatga olgan holda tasdiqlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi “Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi PF-6221-son farmonida markaziy tuman (shahar) shifoxonalari o‘rin fondining byudjetdan tashqari o‘rin fondiga o‘tkazilishi belgilangan qismi uchun Davlat byudjetidan moliyalashtirish tartibini saqlab qolish hisobiga ehtiyojdan kelib chiqib (bundan shoshilinch, bolalar, yuqumli kasalliklar, tug‘uruq hamda gemodializ o‘rinlari mustasno), tor ixtisoslikdagi nevrologiya, kardiologiya hamda endokrinologiya o‘rinlari tashkil etilsin.
9. Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mazkur farmon bilan belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun:
ikki oy muddatda “2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
2023-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablag‘lar ko‘zda tutilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
11. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV