13.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Farg‘ona shahrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Farg‘onaliklarning tadbirkorligi, mirishkorligi tufayli sezilarli natijalarga erishilmoqda. Xususan, oxirgi bir yilda 10 mingdan ziyod kichik korxona tashil etilgan. Eksport hajmi 44 foizga oshib, 801 million dollarga yetgan.
Quvasoy shahridagi “Kvars” korxonasida 70 million dollar investitsiya hisobidan, yiliga 22 million kvadrat metr qurilish oynasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘shtepadagi “Global tekstil infiniti” korxonasida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 120 million yevrolik loyiha jadal amalga oshirilmoqda. Korxona to‘rtinchi chorakda ishga tushib, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
- Biz to‘g‘ri yo‘lni tanlab oldik, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Bu joylarda o‘z natijasini berayapti. Farg‘ona viloyati 801 million dollarlik eksport qilgan. Ish boshlaganimizda 50 million dollarni mo‘ljallar edik. Hozir 1 milliard dollar eksport to‘g‘risida gaplashyapmiz. Bu - viloyat mahsulotlari dunyo bozoriga raqobatbardosh bo‘lib kirib boryapti, degani. Buning uchun aql, bilim, shijoat kerak. Joriy yil yakuni bo‘yicha mahalliy budjetda 1 trillion so‘m qolishi kutilyapti. Buning evaziga odamlarga sharoit, tadbirkorlik infratuzilmasi bo‘ladi. Endi bu yo‘lni davom ettirishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari viloyatda mutasaddilar ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazilgani, ularda ko‘tarilgan muammolarning ko‘pi mahalliy darajada ekaniga e’tibor qaratdi.
- Bu yerga kelishdan oldin qabullar tashkil qildik. Aholi murojaatlarining 45 foizi joyida hal qilingan. Bu yaxshi va biz bu amaliyotni davom ettiramiz. Lekin savol tug‘iladi: hokim, sektor rahbarlari nima qilgan? Bunday mas’uliyatsizlik, odamlarni ovora qilishga chek qo‘yish kerak, - dedi Prezident.
Aholi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, har bir mahallaning ixtisoslashuvi rivojlantirilishi, joriy yilda 147 ming fuqaro bandligini ta’minlash uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi aytildi.
- Hamma sohada mahalla tizimining rolini oshiryapmiz. Mahalla xalqning fikri degani, xalqning istagi degani. Buning uchun huquqiy asos yaratdik. Farg‘ona viloyatida 1062 ta mahalla bor. Hokimdan tortib mahalla raisigacha birlashib, tegishli tashkilotlarni jalb etib, odamlarning og‘irini yengil qilishi kerak. Farg‘ona bu masala bo‘yichayam namuna bo‘lishi kerak.
Davlatimiz rahbari mahallalarni rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etishda tadbirkorlar tayanch ekanini ta’kidladi.
- Tadbirkorlarga sharoit yaratsak, odamlarga nafi tegadi, yoshlarni o‘z ortidan ergashtiradi. Tadbirkorni siylasak, u xalqni siylaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Viloyat tadbirkorlarining 183 ta investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qo‘shimcha 23 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari va boshqa mutasaddilar o‘z tizimini quyi bo‘g‘inda ishlatish bo‘yicha xalqqa hisobot berdi.
Viloyatda 2022-2023-yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 31 trillion so‘m bo‘lgan 1 ming 268 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi qayd etildi. Bunda kimyo, qurilish materiallari, to‘qimachilik, elektrotexnika, charm, farmatsevtika tarmoqlari “drayver” bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligida 653 ta loyiha amalga oshirilib, 23 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Oltiariq, Farg‘ona va Bag‘dod tumanlarida 1 ming 200 gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etilib, tashabbuskorlarga 10 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan ajratib beriladi.
Shuningdek, uy-joy va yo‘llar qurish, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, maktab va bog‘chalarni ta’mirlash bo‘yicha rejalar ma’lum qilindi.
- Biz Farg‘onadan katta natijalar kutamiz. Bu el tarixdan ilm, tartib, madaniyat, hunarmandlik bo‘yicha namuna bo‘lgan. Farg‘onaliklar mehnatsevar, ishbilarmon. Bu salohiyatni, ichki imkoniyatlarimizni to‘liq yo‘lga qo‘yib, xalqimizni rozi qilish kerak.