09.05.2022
Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining Yashnobod tumanida barpo etilgan “Uch avlod bog‘i”ni borib ko‘rdi.
Mahallalardagi ma’naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni ezgu ishlarga undashda nuroniylarning katta hayot tajribasi muhim. Shu maqsadda mahallalarda, ta’lim muassasalarida keksa va o‘rta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvlari” o‘tkazilmoqda.
Ushbu yangi bog‘ ham shu maqsadga xizmat qiladi. Ilgari bu joy qarovsiz, yo‘llari notekis edi. Endi Alimkent ko‘chasi ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirildi. Daraxt va gullar ekildi, issiqxona va ishkomlar barpo etildi. O‘rindiqlar, piyoda va velosiped yo‘laklari aholining hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratdi.
Shu yerda nuroniylar, mahalla faollari bilan muloqot bo‘ldi. Ular el-yurt fidoyilarining xotirasi ulug‘lanib, keksalarga alohida hurmat ko‘rsatilayotganini ta’kidlashdi.
Bugungi kunda yurtimizda 3 milliondan ortiq nuroniylar bor. Ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, sog‘lig‘iga e’tibor qaratilmoqda. 28 mingga yaqin nuroniylar sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi, 450 ming nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Barcha hududlarda Nuroniylar kengashlari va mahallalarda keksalar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari tashkil qilindi. “Faxriy murabbiy” ordeni ta’sis etildi. 3 ming 500 nafardan ziyod yurtdoshlarimiz “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
– Shunday zamon kelayaptiki, mahalla haqiqiy kuch bo‘layapti. Masala hal bo‘layotganini xalqimiz sezayapti. Hamma joyga nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar bo‘yicha vakil qo‘ydik. Endi mahalla raisining “uchta ustuni” bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz farmoniga muvofiq, bayram arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 15 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti va sovg‘alar topshirildi. Tuman va shahar hokimlari front ortida mehnat qilgan 10 ming nafar faxriylar bilan shaxsan uchrashib, holidan xabar oldi.
Yurtimizdagi bunday ahillik va tinchlikka shukr qilib, uni avaylash, nuroniylar o‘z namunasi va so‘zi bilan bunga hissa qo‘shishi kerakligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari shu yerdagi “Yuksalish” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. U yettita mahalladagi 106 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya binosida va ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida maishiy xizmatlar tashkil etilgan.