27.04.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniRespublikada yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligi tabiiy zaxiralarini saqlash, ularning qayta tiklanishini ta’minlash, madaniy usulda kavrak plantatsiyalarini yaratish hamda qayta ishlash korxonalari va uy xo‘jaliklari o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, kavrakdan olinadigan xomashyoni qayta ishlash hamda tayyor va yarim tayyor mahsulot sifatida eksportga chiqarishni rag‘batlantirish, shuningdek, sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) kavrak yetishtirishni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
o‘ziga tegishli yaylov yer maydonlarida faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini saqlab qolish, muhofaza qilish, samarali tiklanishini va takror ko‘paytirishni tashkil qilishda ko‘maklashish;
respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan madaniy kavrak plantatsiyalari tashkil etilishini monitoring qilish;
respublika hududlarida kavrakni sanoat usulida qayta ishlash hajmini ko‘paytirish va tayyor mahsulot holida eksport qilish hamda mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish bo‘yicha sharoitlar yaratish.
2. “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasiga (keyingi o‘rinlarda – Uyushma) kavrak yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
kavrak yetishtirish va uni eksport qilish bilan shug‘ullanadigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini muvofiqlashtirish, sohadagi qonunchilik bazasini takomillashtirish, kavrak mahsulotlarining raqobatbardoshligini va sifatini oshirish bo‘yicha tizimli hamda maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
sanoat usulida yetishtirilgan kavrakning sotuv bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
kavrak yetishtirish sohasiga xorijiy mutaxassis va investitsiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;
kavrak o‘simligini madaniy usullarda ko‘paytirish, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni keng joriy qilish;
kavrak o‘simligining texnik xomashyosini yig‘ish, uni qayta ishlash va eksport qilishgacha bo‘lgan jarayonlarda jismoniy shaxslar va qayta ishlovchi korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani tashkil qilish orqali kavrak yetishtirish sub’ektlari faoliyatini muvofiqlashtirish va qonunchilikda belgilangan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
3. Qo‘mita, “Kavrak yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” hamda “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmalarining “Kavrak yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasini “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasiga qo‘shib olish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
4. 2022-2026-yillarda yaylov yer maydonlarida kavrak plantatsiyalarini barpo etishning prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazir o‘rinbosari Sh.G‘aniyev, Qo‘mita (B.Q. Sharipov), Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilgan holda, mazkur prognoz ko‘rsatkichlarining o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlasin.
5. Qo‘mita Uyushma bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining kavrak o‘sishi uchun qulay iqlim sharoitlariga ega hududlarida kavrakni qayta ishlovchi korxonalar, kavrak yig‘ish va yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi uy xo‘jaliklari (jismoniy shaxslar) va kavrak ko‘chatchiligi xo‘jaliklari kooperatsiyasiga asoslangan kavrak yetishtirish klasterlari (keyingi o‘rinlarda – kavrak yetishtirish klasterlari) tashkil etilishini ta’minlasin.
6. Belgilansinki, kavrak yetishtirish klasterlarini tashkil etish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:
Qo‘mita, Uyushma va tashabbuskorlar o‘rtasida tomonlarning huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi shartnoma tuziladi;
tashabbuskorga yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holatini yaxshilash, yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini saqlab qolish, uni madaniy usullarda ko‘paytirish, klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya usulida kavrak xomashyosini yig‘ish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishga oid majburiyatlar yuklanadi.
Qo‘mita mazkur talablar asosida salohiyatli investorlarni jalb etishga shaxsan mas’ul hisoblanadi.
7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2022-yil 1-maydan boshlab:
a) Qo‘mitaning doimiy egaligidagi yer maydonlarida:
yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini g‘amlash (yig‘ish) uchun kvotalar Qo‘mitaning buyurtmasiga ko‘ra, to‘lov evaziga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi asosida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi;
mazkur kvotalar doirasida yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligi xomashyosidan maxsus foydalanish uchun hamda yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar Qo‘mita tomonidan beriladi. Bunda yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini g‘amlash (yig‘ish) va chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar ajratiladigan kvotaning kamida 50 foizi hajmida madaniy plantatsiyalarni barpo etish sharti bilan beriladi;
b) Qo‘mita kavrak mahsulotlari bozor kon’yunkturasi va ishlab chiqarish xarajatlarini tahlil qiladi, shuningdek, eksport hajmlari monitoringini yuritadi va ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda ularning eksport hajmini oshirish uchun mas’ul hisoblanadi.
Qo‘mita Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda mazkur band talablaridan kelib chiqib bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Bunda, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni asrab-avaylash, ularni qayta tiklash va populyatsiyasini kengaytirish hamda noqonuniy yo‘l bilan yig‘ishning oldini olish choralari ham nazarda tutiladi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini g‘amlash (yig‘ish) uchun kvotalar Qo‘mitaning buyurtmasiga ko‘ra 2022-yilda 10-maygacha, kelgusi yildan har yilning 1 fevraligacha tasdiqlanishini ta’minlasin.
8. Qo‘mita va Uyushmaning:
a) Qo‘mitaning doimiy egaligida bo‘lgan yer maydonlaridagi kavrak o‘simligidan foydalanganlik uchun xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslardan olinadigan to‘lov miqdorini:
“O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi”ga kiritilmagan kavrak shirasining (yelim) 1 kilogrammi uchun to‘rt baravarga oshirish;
“O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi”ga kiritilgan kavrak shirasining (yelim) 1 kilogrammi uchun ikki baravarga oshirish;
b) amaldagi tartibga ko‘ra, kavrak o‘simligidan foydalanganlik uchun xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslardan undirilib, tegishincha taqsimlanadigan summalarni saqlab qolish;
v) mazkur bandga muvofiq kavrak o‘simligidan foydalanganlik uchun oshirilayotgan to‘lov undirishdan olingan mablag‘larni Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasi maxsus hisob raqamiga o‘tkazish, ulardan 50 foizini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish hamda 50 foizini Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasida qoldirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Belgilansinki, Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasi kavrak o‘simligidan foydalanganlik uchun oshirilayotgan to‘lov undirishdan olingan mablag‘larni:
kavrak yetishtirish klasterlari ishtirokchilariga hududlarda shaxtali va tik quduqlar, shuningdek, suv tortish uchun nasos stansiyalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga subsidiyalar berish;
tashkil etiladigan madaniy plantatsiyalar uchun yer maydonlarini tayyorlash, kavrak ko‘chatini xarid qilish va ekish xarajatlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar berish;
kavrak yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga yangi zamonaviy texnologiyalar, innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni joriy etish uchun subsidiyalar berish;
Qo‘mitaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ishchi xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirishga yo‘naltiradi.
Qo‘mita ikki oy muddatda kavrak yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiyalar berish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Belgilansinki:
a) 2022-yil 1-maydan boshlab uch yil davomida:
kavrak yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik sub’ektlaridan olinadigan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi;
kavrak o‘simligini yetishtiruvchilar va uning xomashyosini qayta ishlovchi korxonalar tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan import qilinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xomashyo, materiallar va furnituralar bojxona bojidan ozod etiladi. Bunda, import qilinadigan tovarlarning O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilishi to‘g‘risida ekspertiza xulosasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan beriladi;
b) Qo‘mita Uyushma bilan birgalikda jun va kavrak mahsulotlari (TIF TN bo‘yicha 5101–5109, 5602, 570110, 5701109, 1301 90 0000 kodlari) eksport hajmlari monitoringini yuritadi va ushbu mahsulotlarning eksport hajmini oshirish choralarini ko‘radi.
11. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qo‘mita va Uyushmaning 2022-yil 1-maydan 5 yil muddatga kavrak o‘simligi urug‘larining respublikadan olib chiqilishiga ruxsatnomalar berilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
12. Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining chegarasiga yaqin hududlarda kavrak yetishtirish klasterlari tomonidan kavrak shirasi va urug‘ini yig‘ib olish uchun sharoit yaratish yuzasidan taklif kiritsin.
13. Qo‘mita, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining:
Uyushma tizimidagi sub’ektlarda mavsumiy ishchilarning to‘liq bir mavsum ishlagan davrini ularga pensiya tayinlash uchun qonunchilik hujjatlarida tasdiqlangan, bir yillik mehnat stajiga o‘tadigan mavsumiy ishlar ro‘yxatiga kiritish;
2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha Uyushma tizimidagi sub’ektlarda faoliyat olib borayotgan mavsumiy ishchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorda undirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga mazkur bandning uchinchi xatboshisidan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.
14. Qo‘mita Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini asrab-avaylash, ularni qayta tiklash va populyatsiyasini kengaytirish hamda noqonuniy yo‘l bilan kavrak yig‘ishning oldini olish choralarini ko‘rib borsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
17. Qo‘mita ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining raisi B.Q.Sharipov belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV