26.04.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dunyoda pandemiya paytida o‘rnatilgan cheklovlar birin-ketin kamayayotgani tufayli turizm industriyasi tiklana boshlayapti. Joriy yil birinchi chorakda yurtimizga xorijdan 610 ming nafar yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravardan ziyod turistlar kelgan. Keyingi oylarda yanada ko‘p turistlar kelishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda turizm infratuzilmasining bunga tayyorlik darajasi tahlil qilinib, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston, Andijon va Qashqadaryoda mehmonxona o‘rinlari yetishmaydi. Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida katta imkoniyatlardan foydalanilmayapti. Yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kam. “Oilaviy” va “barchasi ichida” xizmatlarni joriy qilish ishlari sust.
Hududlardagi 206 ta termal va mineral suvli buloqlarning 18 tasidan foydalanilmoqda, xolos. Misol uchun, Qamchiq dovonida joylashgan Arashan ko‘llari suvining harorati qishin-yozin 36 gradus issiqlikda bo‘lib, xorijiy kurortlardan qolishmaydi. Yoki, Chimboy, Qorao‘zak va Taxtako‘pirda yer ostidan 40-70 gradus issiqlikda chiqadigan termal buloqlar atrofida sanatoriya-kurortlar tashkil qilish mumkin.
Sayyohlarni jalb qilishda yurtimizdagi 122 ta muzey salohiyatidan ham foydalanilmayapti. Ularda 2 million 500 mingdan ortiq ashyolar bo‘lib, shundan 112 mingtasi jahon tarixi va madaniyati uchun ham noyob hisoblanadi.
Yig‘ilishda shu kabi imkoniyatlarni ishga solib, turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Avvalo, har bir viloyatda turistlarni o‘ziga ohanraboday jalb qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Masalan, Namangandagi “Afsonalar vodiysi”, Bo‘stonliqdagi “Amirsoy” majmualariga kuniga minglab xorijiy va mahalliy turistlar boradi. Xorijiy investorlar ishtirokida Xonobodda yana bir shunday loyiha boshlangan.
Prezident yurtimizda bunday joylar ko‘pligini ta’kidlab, qator imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Xususan, Boysunda dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri hisoblangan Boybuloq, neandertal odam qoldig‘i topilgan Teshiktosh g‘orlari, qadimiy ellin madaniyati yodgorligi bo‘lmish Uzundara qal’asi bor. Tumanning tabiati, iqlimi ham zo‘r. U yerda mehmonxona, kemping, “dor yo‘li”, turistlar uylari tashkil etish orqali 500 ming sayyohni jalb qilsa bo‘ladi.
Bunday imkoniyatlar Bo‘stonliqdagi Tovoqsoy, Ohangarondagi Ovjasoy, Angrendagi Yangiobod, Shahrisabzdagi Miraki, Yangiqo‘rg‘ondagi Nanay, Popdagi Chodak qishloqlarida ham bor.
Shuningdek, Nukusdagi Ashshiko‘l, Buxorodagi Zikriko‘l, Jizzaxda Aydarko‘l va Tuzkon ko‘lida xuddi Chorvoqdagidek cho‘milish zonalari tashkil etish mumkinligi ta’kidlandi.
“O‘zbekiston turizm magistrali” bo‘ylab, 31 ta tuman va shahar hududidan o‘tuvchi yo‘llar bo‘yida avtoturargoh, kemping, avtoservis, ovqatlanish, yoqilg‘i quyish kabi xizmatlarni qamrab olgan “Karvonsaroy”lar barpo etish choralari belgilandi.
Toshkent shahrida xorijiy turistlar uchun kamida 3 kunga mo‘ljallangan “1 ming dollarlik xizmatlar to‘plami” shakllantiriladi. Bu dastur yil davomida ishlaydigan akvapark va mavzuli parklar, gastronomik va savdo ko‘chalari, jonli ijro konsertlari, shou va festivallarni o‘z ichiga oladi.
Yig‘ilishda ichki turizmni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu boradagi ko‘rsatkichni 10 million nafarga yetkazish vazifasi qo‘yilar ekan, buning imkoniyatlari ham belgilab berildi.
Xususan, 1 iyuldan boshlab, turizm qishloqlarida mehmon uylari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor-yo‘g‘i 1 foizini to‘laydi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida, bunday qishloqlarda mehmon uylari tashkil etishga 50 million so‘mgacha, o‘tov va eko-uylar majmuasiga 300 million so‘mgacha, chodirli lagerlar qurishga 300 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Har yili turizm qishloqlarining 200 nafar yoshlari budjet hisobidan Turizm texnikumlarida bepul o‘qitiladi.
Hokimlarga turizm qishloqlarida yo‘l, elektr energiyasi, ichimlik suvi, aloqa tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bunga joriy yilda respublika budjetidan 250 milliard so‘m ajratiladi.
Shu bilan birga, xorijiy turistlarga sayohatning barcha bosqichlarini tashkillashtirishga ko‘maklashuvchi saytlar, mobil ilovalar yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Turistlarni jalb etish va sayohatlarni mazmunli o‘tkazishda madaniy tadbirlar ham muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda 186 xil xalqaro va mahalliy festivallar tashkil etiladi. Ular orqali qo‘shimcha 1 million xorijiy va 5 million nafar ichki turistlarni jalb qilish imkoniyati bor. Mutasaddilarga ushbu tadbirlarni yuqori saviyada va xavfsiz tashkil etish, butun dunyoga keng targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Joriy yilda Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeylarda chegirma berilgani, ziyorat ob’ektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi. Buning natijasida Buxoro va Samarqandga qo‘shimcha 110 ming mahalliy turistlar borgan.
Kelgusi haftada Ramazon hayiti munosabati bilan ham xalqimizga yana 5 kunlik dam olish beriladi.
Davlatimiz rahbari bunday ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Shu maqsadda, bu yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xodimlari uchun yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Bundan tashqari, 1 sentabrdan boshlab, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilayotgan fuqarolarga avia, temir yo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizi, mehmonxona xarajatining 20 foizi, muzey va boshqa madaniyat ob’ektlariga chipta narxining 50 foizini qaytarish tizimi joriy etiladi.
Muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish ham turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, respublika bo‘yicha barcha muzeylar eksponatlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularning elektron bazasini yaratish, muzeylar rahbar va xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Muzeylarning ko‘rgazma maydonlari kamligi sababli atigi 1 foiz eksponat namoyishga qo‘yilgan. Qolaversa, aholining uzoqdagi muzeylarga borish imkoniyati yo‘q. Shuning uchun, “San’atni xalqqa yaqinlashtirish” dasturi doirasida hududlarda muzeylarning ko‘chma ko‘rgazmalarini tashkil qilish kerakligi aytildi.
Yurtimizdagi 4 ming 500 dan ortiq arxeologiya yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Sayyohatlarni tashkil etishdagi eng muhim vositalardan biri transportdir. Hozirgi kunda transport xarajatlarining yuqoriligi xorijiy turistlarni jalb qilishda asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarda “loukoster”lar ko‘p emas. Zamonaviy “Afrosiyob” poyezdiga chipta olish uchun bir necha hafta oldin murojaat qilish zarur.
Shu bois, Transport vazirligiga turizm sohasida transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sayyohlarning aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 1 iyuldan boshlab, “Ziyorat turizmi” dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi. 1 oktabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan yangi “Silk avia” kompaniyasi tashkil etiladi. Xarajatlarni kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot to‘liq ekonom-klassga o‘tkaziladi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilari, hokimlar va tadbirkorlar so‘zga chiqib, reja va takliflarini bildirdi.