17.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 17-may kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Sirdaryo viloyatining salohiyati va aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Viloyat iqtisodiyoti barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda. 2017-yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,8 foiz o‘sgan.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo filiali, “Bek” ishlab chiqarish birlashmasi, “Guliston medtexnika”, “Sirdaryo mega lyuks” qo‘shma korxonalari viloyat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutmoqda.
Murakkab iqlim sharoitiga qaramay, Sirdaryo dehqon va fermerlari paxta va g‘alladan mo‘l hosil yetishtirmoqda. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlaridan qo‘shimcha daromad topmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Sirdaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan. Davlatimiz rahbari tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Prezidentimiz dastlab Sardoba suv ombori qurilishining borishi bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2010-yilda Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i o‘tgan hududda suv ombori bunyod etila boshlangan edi. Joriy yilda qurilishi yakunlanadigan gidroinshootda 922 million kub metr suv to‘planadi. Bu Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi unumdor yerlardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish imkonini beradi.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirmoqdamiz, odamlar takroriy ekin ekib, qo‘shimcha daromad topsin. Sardoba suv ombori hududdagi dehqon va fermerlarga bu borada katta imkoniyatlar yaratadi, dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimizning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida gidroenergetika sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Ushbu mamlakat bilan hamkorlikda suv ombori yonida quvvati 15 megavatt bo‘lgan mini gidroelektrostansiya quriladi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda muqobil energetikani rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgani, gidroenergetika sohasida yangi kompaniya tuzilishi rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Suv ombori atrofida dam olish zonasi tashkil etiladi.
Shu yerda Mirzaobod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Sardoba temir yo‘l agrosanoat majmuasi” unitar korxonasi tomonidan baliqchilik, chorvachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash, sut mahsulotlari va omixta yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Sardoba suv ombori va Mirzaobod tumani hududida tashkil etiladigan baliqchilik majmuasi inkubatsion sex, intensiv hovuzlar, baliqni qayta ishlash zavodi, mahsulotlarni saqlovchi muzlatkichni o‘z ichiga oladi. Baliq uchun omixta yem ham shu yerning o‘zida ishlab chiqariladi. Ushbu korxonalarda 150 ish o‘rni yaratiladi. Majmua “Ipoteka-bank” bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Sirdaryo baliq sanoat” korxonasi uchun asosiy baza bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz bu yerda Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirishni ko‘paytirish, soha vakillarini o‘qitish, kasb-hunar kollejlarida baliqchilik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Sardoba meva-sabzavotlar logistika markazi ham ko‘p tarmoqli bo‘ladi. Bu yerda meva-sabzavotlar yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, muzlatish, saqlash, quritish va yetkazib berish tashkil etiladi. Korxonada 220 kishi ish bilan ta’minlanadi.
Mirzaobod tumanida tashkil etiladigan chorvachilik kompleksida zotdor qoramollarni ko‘paytirish orqali aholiga go‘sht va sut yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. 100 ish o‘rni yaratiladi.
Ushbu tumandagi yana bir korxonada sut mahsulotlari ishlab chiqariladi. 3 ming 500 tonna sut qayta ishlanib, keng turdagi mahsulotlar tayyorlanadi va qadoqlanadi. 25 kishining bandligi ta’minlanadi.
Tarmoqdagi korxonalarni omixta yem bilan ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishda korxona tashkil etish mo‘ljallangan. 3 ming tonna omixta yem ishlab chiqariladigan korxonada 25 ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz Mirzaobod tumanidagi «Abdug‘ani Turdiboyevich» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi.
Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi izchil rivojlanib, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarda yuqori natijalarga erishayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari safi kengayib bormoqda. Ular tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar aholi farovonligini oshirish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini bermoqda.
«Abdug‘ani Turdiboyevich» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi 34 gektar yer maydoniga ega. Uning 16 gektarida paxta, 15 gektarida g‘alla, 3 gektarida soya yetishtirilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 14-martdagi 2017-2021-yillarda respublikada soya ekini ekishni va soya doni yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori va davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda mamlakatimizdagi 2 ming 200 dan ziyod fermer xo‘jaligida 21 ming gektar maydonga soya ekish ko‘zda tutilgan. Natijada 33,7 ming tonna soya doni yetishtirilib, 6,1 ming tonna o‘simlik yog‘i hamda 25 ming tonnadan ortiq soya shroti ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, soya ekilgan maydonlarda sof azot to‘planishi va tuproq unumdorligi yaxshilanishi hisobiga paxta va g‘alladan yuqori hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Soya yetishtirishni ko‘paytirish, uni shu yerning o‘zida qayta ishlab, eksportga ham yo‘naltirish choralarini ko‘rish kerak, dedi Prezidentimiz. Soya ekish orqali yer unumdorligini oshirish, soya agrotexnikasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash lozim.
Davlatimiz rahbari viloyatda bog‘dorchilik, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish loyihalarini ham ko‘zdan kechirdi. Loyihalar bo‘yicha fikrlarini bildirib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz shu yerda nuroniy otaxonlar bilan muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev Guliston shahridagi “Sirdaryo Best Fashion” korxonasida bo‘ldi.
Joriy yil mart oyida foydalanishga topshirilgan mazkur korxonada 500 ga yaqin odam ish bilan ta’minlangan. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari to‘liq eksport qilinmoqda.
Zamonaviy va energiyatejamkor texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxona bugun nafaqat viloyatda, balki mamlakatimiz miqyosida ham o‘z o‘rniga ega.
Prezidentimizga 2017-2018-yillarda viloyatda yengil sanoat sohasini rivojlantirish bo‘yicha manzilli dastur haqida ma’lumot berildi. Dasturda bolalar sport kiyimlari, trikotaj va momiq matolar, tayyor gazlama, ip-kalava ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Korxonalar 72 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, ularda 3 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Shavkat Mirziyoyevga viloyatda tashkil etilayotgan farmatsevtika va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar loyihalari haqida ham so‘zlab berildi.
Yangi tashkil etiladigan korxonalarda ishlab chiqariladigan farmatsevtika va tibbiyot buyumlari import qilinayotgan mahsulotlar o‘rnini bosadi.
Davlatimiz rahbari yaratiladigan ish o‘rinlariga kollej bitiruvchilarini keng jalb qilish kerakligini alohida qayd etdi.
Mamlakatimizning barcha shaharlari qatori Guliston shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Guliston shahrining O‘zbekiston va Birlashgan ko‘chalarida 180 xonadonli 15 ko‘p qavatli uy qurildi. Uylarning birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga mo‘ljallangan.
Prezidentimiz shu uylar joylashgan “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi. Mahalla raisi va faollari bilan muloqotda mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, odamlarning turmush darajasini oshirish, mahalla idoralarining imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Mazkur mahalla profilaktika inspektori Sanjar Murodov yaqinda Guliston davlat universiteti talabasi Hurriyatxon bilan oila qurgan. Prezidentimiz joriy qilgan tizimga muvofiq yangi qurilgan uylardagi xonadonlardan biri S.Murodov oilasiga berilgan. Davlatimiz rahbari Sanjar Murodov xonadonida bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev fuqarolar yig‘inida mahalla raisi, maslahatchilar va profilaktika inspektori ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Jinoyatchilikning oldini olish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, odamlarni rozi qilishda ularning hamkorligi muhim ekani ta’kidlandi.
Shu yerda Guliston shahrining bosh rejasi asosida amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Gulistonda sizot suv sathini pasaytirish ishlari davom etmoqda. Shaharga olib boradigan yo‘l o‘tkazgich rekonstruksiya qilinmoqda. Toshkent ko‘chasi kengaytirilib, atrofida ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston va Mustaqillik ko‘chalari oralig‘ida madaniy markaz barpo etiladi. Xotira maydoni, zamonaviy amfiteatr, viloyat teatrining yangilangan binosi, kitob do‘koni bu yerdagi ma’muriy binolar bilan hamohanglik kasb etadi.
Prezidentimiz bu inshootlarning ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Kitob do‘koni oldida so‘lim xiyobon barpo etib, Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Loyihalarni takomillashtirish, qurilish ishlarini o‘z vaqtida, sifatli bajarish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Yangiyer shahriga tashrifi chog‘ida xususiylashtirilgan, ammo bugun bo‘sh turgan korxona va obyektlardan samarali foydalanish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqdi.
Viloyat iqtisodiyot kompleksi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni moliyaviy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlar rejasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Prezidentimiz mazkur harakatlar rejasi bo‘yicha har oyda bajariladigan ishlarni aniq belgilash va mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish, Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish borasidagi muhim vazifalardan biri sifatida xususiy mulkning rolini kuchaytirish va xususiylashtirilgan obyektlar negizida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 18-apreldagi “Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Sirdaryo viloyatidagi xususiylashtirilgan 1 ming 343 korxonada o‘tkazilgan xatlov natijasida bugungi kunda bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan 237 obyekt aniqlangan. Ushbu obyektlardan 130 tasi faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, mazkur korxonalarda sanoat yo‘nalishida qiymati 51,9 milliard so‘mlik 36, qishloq xo‘jaligida 11,8 milliard so‘mlikdan ortiq 26, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida 18 milliard so‘mlikdan ortiq 68 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada 1 ming 300 dan ko‘proq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Guliston shahridagi sobiq “Vostok LTD” korxonasining bo‘sh turgan binosida “Record Textil” MChJ tomonidan qiymati 10,1 milliard so‘mlik ip-kalavani bo‘yash, Sardoba tumanidagi sobiq parrandachilik majmuasida “Bobur” MChJ tomonidan qiymati 1,9 milliard so‘mlik broyler jo‘jalari yetishtirish, Sirdaryo tumanidagi sobiq sport jihozlari zavodida “Fayz” MChJning 20 milliard so‘mlik investitsiyasi hisobidan g‘o‘zapoyani qayta ishlash orqali DSP ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.
Har bir obyektni chuqur o‘rganish va uni ishga tushirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash lozim, dedi davlatimiz rahbari. Bo‘sh turgan obyektlarni tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda berish va ularda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ichki va tashqi bozorlarni topish zarur.
Prezidentimiz “Yangiyer” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-martdagi qaroriga muvofiq “Yangiyer” kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad shahar sanoati salohiyatini rivojlantirish, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rag‘batlantirish, zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil qilishga investitsiyalarni keng jalb etish hamda ichki va tashqi bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoit yaratishdir.
Ushbu sanoat zonasida 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan qiymati salkam 106 million dollar bo‘lgan 125 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Buning samarasida viloyatda to‘qimachilik, charm-poyabzal, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari, meva-sabzavotni qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 3 ming 200 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Sanoat zonasi uchun 537 gektardan ziyod yer maydoni ajratilib, uni yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlash, ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirkorlar bilan suhbatda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar turini ko‘paytirish, xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish va eksportni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Prezidentimiz sanoat zonasi hududidagi sobiq “Yangiyeryo‘lindustriya” unitar korxonasining bo‘sh turgan binosini ko‘zdan kechirdi. Hududi 9 gektar bo‘lgan mazkur korxona «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazilib, uning negizida Yangiyer temir-beton va metall konstruksiyalari ishlab chiqarish zavodi tashkil etilmoqda. Mazkur zavodda yiliga 83 ming kub metr temir-beton mahsulotlari, 5,5 ming tonna metall konstruksiyalari ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Ushbu loyiha uchun 80 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritiladi. Bu 1 ming 250 ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu korxona viloyatdagi muhim sanoat obyektlaridan biri ekani, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga talab yuqori bo‘lishini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari Xovos tumanidagi “Hoji Gadoyboy ota” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan issiqxonani ko‘zdan kechirdi.
Sirdaryo viloyatida 2016-2020-yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha yangi korxonalar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, yarim tayyor va tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, qadoqlash materiallari ishlab chiqarish dasturi doirasida issiqxonada Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan yuqori samaradorlikka ega zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan.
Qiymati 625 ming dollar, maydoni bir gektar bo‘lgan issiqxonada yiliga 150-200 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.
Prezidentimiz mazkur issiqxona maydoni va yetishtiriladigan mahsulot turini kengaytirish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerakligini ta’kidladi.
Shu yerda “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tomonidan 2017-2018-yillarda viloyatda tashkil etiladigan meva-sabzavotchilik loyihalari, Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo golden fruts” mas’uliyati cheklangan jamiyati meva-sabzavotchilik logistika markazi, Mirzaobod va Sayxunobod tumanlarida issiqxonalar tashkil etish, Guliston tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, “Guliston agro grup” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan guruchni qayta ishlash, “Agro eko texnoloji” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sabzavot va dukkakli o‘simliklar yetishtirish, unabi bog‘i tashkil etish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Guliston shahrida Prezidentimiz raisligida Sirdaryo viloyati faollari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat iqtisodiyotini, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush darajasini yuksaltirish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, belgilangan dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.