19.04.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriHududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik tashabbuslarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash orqali kichik va o‘rta tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Markaziy bankning kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan 300 million AQSH dollari ekvivalentida kredit liniyasini ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilansinki:
kredit liniyasi tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada ajratiladi;
tijorat banklari tomonidan kreditlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish (bundan qurilish, savdo, vositachilik sohasidagi loyihalar, shuningdek, aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish holatlari mustasno) uchun yillik 14 foiz stavkada, 5 yilgacha muddatga, shu jumladan, 2 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 5 milliard so‘mgacha miqdorda ajratiladi;
tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyat davri 6 oygacha bo‘lganda 1 milliard so‘mgacha, 6 oydan 1 yilgacha bo‘lganda 2 milliard so‘mgacha, 1 yildan 2 yilgacha bo‘lganda 3 milliard so‘mgacha, 2 yildan 3 yilgacha bo‘lganda 4 milliard so‘mgacha va 3 yildan oshganda 5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi;
kredit liniyasi mablag‘larining kamida 70 foizi Nukus shahridan, viloyatlarning ma’muriy markazlaridan va viloyat bo‘ysunuvida bo‘lgan shaharlardan tashqari hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga ajratiladi.
3. Mazkur qaror doirasida ajratilgan kredit liniyasidan samarali foydalanilishini muvofiqlashtirish Bosh vazir o‘rinbosari S.U.Umurzakov tomonidan amalga oshiriladi va unga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
kredit mablag‘lariga talab va loyihalarning istiqboli va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga qaratilganidan kelib chiqib, kredit liniyasi resurslarini hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar) va tijorat banklari kesimida taqsimlash;
loyiha fabrikalari va loyiha guruhlari tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda loyiha va loyihaoldi hujjatlarning sifatli va qisqa muddatlarda ishlab chiqilishini ta’minlash;
tadbirkorlik sub’ektlari hamda tijorat banklari tomonidan kredit liniyasi mablag‘lari samarali va manzilli ishlatilishi ustidan tizimli monitoring ishlarini tashkil etish;
vazirlik, idora va hudud rahbarlarining kredit mablag‘larini o‘zlashtirish, loyihalarni amalga oshirish va belgilangan muddatda ishga tushirish to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitib borish.
4. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (Sh.Vafayev) resurslar hududlar va tijorat banklari kesimidagi taqsimotga muvofiq tijorat banklarining talabnomasi kelib tushgandan so‘ng uch kunlik muddatda tijorat banklariga joylashtirilishini ta’minlasin.
5. Tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ajratayotgan mablag‘larning tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan maqsadli ishlatilishi va qaytarilishi ustidan tizimli monitoring hamda nazorat qilish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
7. Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib “2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV